Klaster korxonasi mahsulotlari xorij bozorida
Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tashabbusi bilan Qo‘rg‘ontepa tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Xanteks Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga press-tur tashkil etildi.
Jurnalist va blogerlar klaster korxonasida ishlab chiqarish, investitsiya faoliyati, qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

2016 yilda tashkil etilgan klaster korxona tarkibiga 150 ta fermer xo‘jaligi kiritilgan bo‘lib, 8 ming 136 gektar maydonda paxta yetishtiriladi. Korxonada yiliga 10,4 ming tonna paxta tolasi qayta ishlanib, ip-kalava, mato va gazlamalar, tayyor trikotaj mahsulotlari tayyorlanadi. Korxona tomonidan Rossiya, Italiya, Polsha, Turkiya, Ukraina, Belarus va boshqa MDH davlatlariga 20 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilinadi.

Press-tur ishtirokchilari jamiyat qoshidagi “ECOSEED” urug‘chilik sexi, avtoservis korxonasi hamda trikotaj mato va gazlamalar ishlab chiqarish fabrikasidagi ishlab chiqarish jarayoni, shuningdek, jamiyat tomonidan ishchi va xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

– Men klaster korxonasining trikotaj mato va gazlamalar ishlab chiqarish fabrikasida besh yildan buyon faoliyat yuritib kelaman, – deydi turkiyalik mutaxasissis Nizametdin Bektemir. – O‘tgan davrda korxonada ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Natijada bugun mahsulotlarimiz nafaqat O‘zbekistonning ichki bozorida, balki ko‘plab xorijiy davlatlarda ham eng xaridorgir mahsulotlar qatoridan joy olgan.

Press-tur davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga korxona mutasaddi va mutaxassislaridan batafsil javoblar oldi.

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA