Klaster Ilmiy markazining dastlabki yutuqlari koʻzga tashlanmoqda
Bizning Buxorodagi “BCT Cluster” hamda Quyi Chirchiqdagi “TCT Cluster” klasterlari qoshida yurtimizda birinchilar qatorida Ilmiy markaz ish boshladi.
Prezidentimiz yaqinda Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida dehqon va fermerlar, klasterlar, qishloq xoʻjaligi xodimlari bilan yuzma-yuz muloqot chogʻida ilm bilan, aql bilan harakat qilsak, qishloq xoʻjaligida yana-da ulkan marralarga erishishimizni alohida taʼkidladi.
Darhaqiqat, ekinlar hosildorligi, soha mahsuldorligi ortishi, ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanib, qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq oʻnlab tarmoqlarning barqaror faoliyat yuritishi amaliyotga ilm-fan yutuqlarini jadal tatbiq qilishni, har bir ishga innovatsion yondashuvni taqazo qilmoqda. Shu bois ham davlatimiz rahbari yurtimizda faoliyat yuritayotgan klasterlar qoshida ilmiy markazlar tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqda.
Bizning Buxorodagi “BCT Cluster” hamda Quyi Chirchiqdagi “TCT Cluster” klasterlari qoshida yurtimizda birinchilar qatorida Ilmiy markaz ish boshladi. Ayni paytda bu yerda fan nomzodlari, professorlar va akademikdan tarkib topgan 15 nafar ilmiy xodimlar oʻz yonlariga oʻnlab ilmga oshufta yoshlarni olib, klaster tizimida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Yaratilayotgan innovatsiyalar, ilmiy hajmdor ixtirolar, eng avvalo, qishloq xoʻjaligi sohadagi muammolar yechimiga yoʻnaltirilmoqda. Tarmoqlardan koʻproq foyda olish, rentabelligini oshirishga qaratilyapti. Buning dastlabki samaralari esa hozirdanoq sezilmoqda. Klaster qoshida “ranglar qiroli” deya taʼriflanadigan indigo oʻsimligi koʻpaytirilib, undan tabiiy boʻyoq olishga muvaffaq boʻlingani Ilmiy markaz jamoasi erishgan dastlabki eng katta yutuqlardan biri boʻldi.
“Ranglar qiroli”dan noyob boʻyoqlar olindi
Sahrodagi javohir – I.V.Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyida boʻlganimizda qoraqalpoq xotin-qizlarining milliy kiyimi boʻlmish koʻkkoʻylak eʼtiborimizni tortdi. Sababi, kashtalar bilan bezatilgan ushbu libos matosi jinsining oʻzginasi ekan. Rangi ham xuddi klasterimiz tarkibidagi kombinatda ishlab chiqarilayotgan jinsiga juda oʻxshashligi qiziqishimizni yana-da kuchaytirdi.
I.V.Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyi etnografiya boʻlimi rahbari Aygul Pirnazarovaning aytishicha, u mahalliy aholi orasida “boʻyoq koʻylak”, “kashtali koʻylak” deb ham atalarkan. Uning tarixi sak-massagetlar davriga borib taqalishi, oʻshandan buyon qoraqalpoq qizlari oʻzlarining nikoh toʻylariga atab koʻkkoʻylak tikib kelishadi. Bu esa jinsi ishlab chiqarish texnologiyasi oʻzimizga kelib taqalishini anglatmaydimi? Muzey xodimlari eʼtirof etishicha, xorijlik sayyohlarning aksariyatida shunday savol tugʻilarkan: jinsi Oʻzbekistonda yaratilganmi? Bunga ishoralar koʻp, lekin hali ilmiy tasdigʻini topmagan.
Koʻkkoʻylakning yoqasi, etagidan koʻkrak qismigacha naqsh bilan kashtalangan. Mayda naqshlar shu qadar koʻp va murakkabki, bitta koʻylakni bezash uchun 4 yildan 7 yilgacha vaqt sarflanar ekan. Xalq orasida yuradigan “olti yoshda boshlasang oshirasan, yetti yoshda boshlasang yetkazasan” degan ibora kelin koʻylakning qanchalik uzoq vaqt mobaynida, qizlarning sabr-toqati, mislsiz mehnatlari evaziga yaratilishiga qarata aytilganda!
Jinsi matosi boʻyaladigan oʻsimlik ilgari zaminimizda oʻsgani, undan olingan tabiiy boʻyoqdan minoralar koshinlari va gumbazlarini boʻyashda ishlatilgani taxminlarimizni haqiqatga yaqinlashtiradi, goʻyo. Masalan, soʻz mulkining sultoni boʻlmish Alisher Navoiy ham koʻpincha indigo rangidan tus olgan koʻk choponda yurarkan. Maʼlumotlarga qaraganda, indigoga boʻyalgan osmon tusidagi matolar ulugʻvorlik, buyuklik ramzi boʻlib, undan asosan, bayramona kiyimlar tikilgan. Bunday shohona liboslarni esa faqat yuqori martabali kishilargina kiyib yurishgan.
Bugungi kunda ham dunyo toʻqimachilik sanoatida bu oʻsimlikdan olingan ranglarga talab gʻoyatda katta. Chunki jahon bozorida xaridorgir jinsi matolari aynan shu oʻsimlikning tabiiy rangiga boʻyaladi. Biroq bu noyob oʻsimlikka yetarli darajada eʼtibor berilmagani tufayli u tabiatimizdan yoʻqolib ketgan edi. Klaster Ilmiy markazining izlanishlari tufayli oʻsimlikni koʻpaytirishga erishdik. Hozirgi paytda 70 gektar maydonga ilmiy tilda “Indigofera” deb nomlanadigan oʻsimlik parvarishlanib, Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan toʻqimachilik kombinatimiz ehtiyoji uchun yetarli miqdorda tabiiy boʻyoq olinmoqda.
Dukkaklilar oilasiga mansub bu oʻsimlikning 700 dan ortiq turi mavjud boʻlib, boʻyoq uning urugʻi va barg biomassasidan olinadi. Eʼtiborlisi, undan moviydan to yoqut-qizil ranggacha boʻlgan bir necha tusdagi boʻyoq olish mumkin. Bu klaster tizimida oʻz isbotini topmoqda.
Andijon tajribasi boʻyicha soya yetishtiramiz
Ayni paytda Ilmiy markazimiz davlatimiz rahbarining gʻoʻza qator oralariga soya ekish boʻyicha Andijon tajribasini yaratish yuzasidan bergan koʻrsatmalari boʻyicha ushbu yoʻnalishni rivojlantirish ustida ham izlanmoqda. Shu maqsadda Prezidentimiz tashrifidan soʻng Andijon viloyatida tashkil etilgan “Ilgʻor tajribalar va innovatsion texnologiyalarni qoʻllash orqali mahsulot yetishtirish hajmini koʻpaytirish” mavzuidagi respublika koʻrgazmali seminarida qatnashdik. Shu asnoda soya ekkan fermerlar ishi bilan yaqindan tanishdik, Ilmiy markaz xodimlari olimlar bilan oʻzaro tajriba almashdi.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini aralash usulda ekish bizni qiziqtirib qoʻydi. Bu yer va suv resurslari cheklangan hozirgi sharoitda qoʻshimcha hosil yaratish imkonini beradi, albatta. Shuning uchun biz faqatgina gʻoʻza va soyani aralash usulda ekish texnologiyasi bilan cheklanmasdan, uni boshqa ekin turlari misolida qoʻllash ustida izlanishlarni boshladik.
Binobarin, Ilmiy markaz mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oʻsimlikshunoslik, tuproqshunoslik, seleksiya va urugʻchilik jabhasidagi koʻplab ilmiy markazlari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Bu esa chigit ekishdan boshlab, to uni tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlarda ilm-fan yutuqlarini qoʻllash imkonini bermoqda. Xususan, bu yil 1000 gektar gʻoʻza maydonida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etildi.
Umuman olganda, klaster tizimidagi har bir loyiha chuqur ilmga asoslangan boʻlib, pirovard maqsad qaysi yoʻnalish boʻlmasin, yuqori darajada qoʻshimcha qiymat yaratish, ishchi-xodimlari daromadini koʻpaytirish orqali qishloq joylarida kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan. Zotan, davlatimiz rahbari koʻp bora taʼkidlaganidek, “Ilm va izlanish boʻlmagan joyda hech qanday rivojlanish, yuksalish va umuman, biror bir sohaning kelajagi boʻlmaydi”.
Murtazo RAHMATOV,
senator.