Kitobxonlik madaniyati barcha sohada muhim
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish institutida Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan professor-o‘qituvchilar, institutning yoshlar ittifoqi kengashi va Axborot-resurs markazi xodimlari hamda tinglovchilari o‘rtasida «Eng yaxshi kitobxon» ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2021 yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan «Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi» asosida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar tomonidan mashhur yozuvchi va shoirlarning turli janrlardagi roman, hikoya va she’riy kitoblaridan parchalar keltirildi. Kitobxonlik bo‘yicha intelektual o‘yinlar namoyish etildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur tadbir ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, xodimlarning intellektual salohiyati, kasbiy, siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish hamda ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish maqsadida tashkil etildi.

Ko‘rik – tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA