Kitobxonlik haftaligi ko‘tarinki ruhda o‘tdi
Buxoroda Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik xaftaligi” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda kitobsevarlar, tadbir tashkilotchilari, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, artistlar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Axborot-kutubxona markazining hovlisi bayramona bezatildi. Zulfiya Mo‘minovaning she’rlari haftalik shiori kabi yangrab turdi. Foydalanuvchilar tomonidan ko‘p so‘raladigan adabiyotlarning QR-kodlari tushirilgan bannerlar joylashtirildi.
Shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablaridan tashrif buyurgan kitobsevar yoshlar ishtirokida mushoira o‘tkazildi. Ishtirokchilarda Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy va Amir Temur siymolari sahnalashtirilgan burchaklar hamda “Barkamol avlod” bolalar maktabi shahar bo‘limi, Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilarining ijodiy ishlari ko‘rgazmasi katta taassurot qoldirdi.
Onlayn va offlayn tarzda tashkillashtirilgan tadbirning ochilish marosimini viloyat AKM direktori Nasiba Aminova ochib berdi.
Tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Go‘zal Ro‘ziyeva, xalq ta’limi bo‘limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti dotsenti, tarix fanlari nomzodi Abdurauf G‘afurov, Buxoro davlat universitetining filologiya fanlari doktori Laylo Sharipova so‘zga chiqib “Kitobxonlik haftaligi” bayrami bilan tabrikladi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan 4-yo‘nalishi doirasi o‘tkazilayotgan mazkur tadbir yosh avlod qalbi va ongiga kitobxonlikni singdirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov va O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov ijodiga bag‘ishlangan “Nazm va navo” kechasi o‘tkazildi.
Kechada o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi qolganligi ta’kidlandi. Uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos o‘rni va ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Buxoro davlat universiteti talabalari va umumta’lim maktablari o‘quvchilari tomonidan shoirning she’rlaridan namunalar o‘qildi.
Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabining estrada vokal bo‘limi xodimlari O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov hayoti va ijodi haqida batafsil ma’lumot berdi. Kechada Botir Zokirovning “Ra’no”, “Arab tangosi” qo‘shiqlari ijro etildi. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘limi “Buxoro mavjlari” ashula va raqs ansamblining konserti ham bo‘lib o‘tdi.
Haftalik doirasida “Biz oilaviy kitobxonmiz” mavzuida #bizoilaviykitobxonmiz xeshtegi ostida rasmlar tanlovi, Xalqaro yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash kuni munosabati bilan “Tarixiy vatanimizni birgalikda asraymiz” mavzuida #moziydansado xeshtegi ostida fotolavhalar tanloviga start berildi.
Buxoro shahar Davlat xizmatlari markazining zalida “O‘zbekiston iftixori yoshlar nigohida” mavzuida yoshlar bilan muloqot tashkil etildi.

Tadbirda Tohir Malik qalamiga mansub “Odamiylik mulki” asari taqdimoti o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘rtasida o‘qilgan adabiyotlar yuzasidan viktorina bo‘lib o‘tdi. “Kutubxona oilamiz hayotida” nomli kitob ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Zarif Komilov, O‘zA