Kitoblarini ikki xonali uyga almashmagan otaxon
Navoiy viloyati Karmana tumani “Kalovat” mahallasida istiqomat qiluvchi Burhon bobo Jo‘rayevni tuman aholisi yaxshi biladi. U kitob bilan do‘st tutingan kishilardan. bugungi kunda Burhon Jo‘rayev xonadonidagi kitob fondi gazeta-jurnallar bilan birga hisoblaganda 13 ming nusxadan oshadi. Kitoblarining soni 10 ming nusxadan ziyodroq.
Bitta xonaga joylashtirilgan javonlarga did bilan terib qo‘yilgan kitoblarni ko‘rgan kishi hayratga tushishi aniq. Bu yerdan 30-40 yillar ilgari nashr etilib, obuna yo‘li bilan sotuvga chiqarilgan “Jahon adabiyoti” seriyasidagi barcha kitoblar, o‘zbek va jahon adabiyoti namoyandalarining turli nomdagi asarlarini, bundan tashqari 1975 yildan 1995 yilgacha bo‘lgan davrdagi “Sharq yulduzi” va “Yoshlik” jurnallarining to‘liq sonlarini topish mumkin.
76 yoshni qarshilagan Burhon bobo turmush o‘rtog‘i Xadicha aya bilan 5 farzand – 3 o‘g‘il, 2 qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi, uy-joyli qildi. bugungi kunda farzandlarining barchasi oliy ma’lumotga ega, turli sohalarda faoliyat olib bormoqda.
Oddiy oilaning farzandi Burhon akaning ma’lumoti o‘rta. Olti oylik o‘quv kursini tugallab, elektrik kasbini egallagan. Bugun esa farzandlar va nevaralar qurshovida umrguzaronlik qilmoqda.
– Og‘ir yillar edi, o‘qiy olmadim, – deydi Burhon bobo. – Lekin farzandlarimning barchasini o‘qitdim. Qariyb 43 yil elektrik bo‘lib ishladim. Kasbimdan nolimayman. Shu kasbning ortidan obro‘ topdim, farzandlarimni halol luqma bilan boqdim.
Burhon bobo 1974-1975 yillardan buyon kitob yig‘adi. Qayerdaki yaxshi nomdagi kitobni ko‘rsa, albatta sotib oladi. Ko‘pchilik u kishining o‘z kutubxonasidagi hamma kitoblarini o‘qiganligiga shubha bilan qarashi mumkin. Ammo bunday emas...
[gallery-10413]
– Maktab davridayoq adabiyotga qiziqqanman, – deydi B.Jo‘rayev. – O‘zim ishlagandan keyin o‘qigan har bir kitobimni yig‘ib qo‘yadigan bo‘ldim. Yildan-yilga ko‘payib shu darajaga yetdi. Tohir Malik, Nurali Qobil, O‘tkir Hoshimov, Tog‘ay Murodning kitoblarini o‘qishni yaxshi ko‘raman. Ularning har bir kitobini o‘qiganman, desam adashmayman. Ularning asarlari har bir kishiga tushunarli. Voqealar hayotdan olib yozilgan.
“Kitob o‘qigan kishi hech qachon yomonlik qilmaydi. Yomon yo‘lga yurmaydi Kitob odamni tarbiyalaydi. Kitob o‘qigan kishi qaysi yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar bilimini oshirsa, yaxshi inson bo‘lib yetishadi”. Bu 76 yoshli Burhon boboning falsafasi.
– Kitob – bilim va ma’naviyat xazinasi. Shu bois Prezidentimiz tomonidan ham mamlakatimizda kitobxonlikni ommalashtirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonov. – Hamisha kitob yig‘ishni va kitob sovg‘a qilishni xush ko‘radigan Burhon bobodek fidoyilar bugun haqiqiy ma’noda ma’naviyat targ‘ibotchilaridir. Ularning hayot yo‘li, bu xayrli ishini yoshlarga ibrat qilsak arziydi. Bugun otaxonning kutubxonasiga Uyushma a’zolarining bir guruhi bilan tashrif buyurib, mo‘’jaz kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Otaxon bilan ijodiy muloqot davomida esa bu xayrli va ezgu ishni keng targ‘ib etish, yoshlarning kitob o‘qishga mehrini uyg‘otish borasidagi samimiy fikrlar o‘rtaga tashlandi.
Qariyb ellik yilda o‘n ming dona kitob yig‘ish oson ish emas. Qolaversa, shuncha yil davomida kitob va jurnallarni asrab-avaylash, yaroqsiz holga kelib qolganlarini qayta ta’mirlash biroz mushkul. Kitoblar allaqachon otaxonning “farzand”iga aylanib ulgurgan. Qishloq ahli, atrofdagi maktablar o‘quvchilari, kitobga qiziqquvchi rahbarlar kitob so‘rab kelaveradi. Otaxon esa barchaga kitob berib yuboraveradi.
– Ko‘pchilik kitob so‘rab keladi, yozib qo‘yaman. Lekin ayrimlari qaytarmaydi. Mayli-da, olib ketgan kitobini o‘qib, foydasi tekkan bo‘lsa, xursandman, – deydi otaxon. – Kelgusida hovlimning bir burchagidan kutubxona qurib, kitoblarimni joylashtiraman. Hozirda kitoblar joy torligi bois ikki qator qilib terilgan. Kartoteka qilib, tartib bilan joylashtirish niyatim bor.
Hozirda otaxon kutubxonasining 20 nafarga yaqin obunachisi bor. Ularga a’zolik daftarchasi ochilgan. U kishi o‘z kutubxonasi fondidan Karmana tumanida joylashgan, hozirda “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasiga qarashli “Metallurg” sanatoriysiga 200 ta, “To‘dako‘l” dam olish zonasiga 100 ta kitob hadya qilgan.
Darvoqe, otaxonga Navoiy shahar markazidan 2 xonali uy taklif qilishganida rad etgan. Kutubxonasini moddiy boylikka almashmagan.
Abduvali Bo‘riyev, S.Aslonov (video), O‘zA