Kitobga mehr uyg‘unlashgan ma’naviy festival
Prezidentimizning 2026-yil 1-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda milliy birlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, sadoqat va vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etish, ularning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish davlat siyosatidagi eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlar ijrosi doirasida Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Harbiy vatanparvarlik” bog‘ida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasi asosida “Mustaqillik to‘yi” va “Kitobxonlik festivali” yuqori saviyada tashkil etildi.
Bog‘ hududi bayramona bezatilib, tadbir davomida ko‘tarinki kayfiyat, samimiy muhit va ezgu intilishlar hukm surdi. Festivalda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ishtirok etib, yoshlar va kitobsevarlar bilan ochiq muloqot qildi. Suhbatlar jarayonida u ilm-fan va badiiy adabiyot inson tafakkurini yuksaltirishi, kitob mutolaasi esa ma’naviy kamolotning mustahkam poydevori ekanini alohida ta’kidladi.
Tadbirda “Zakovat” intellektual o‘yini, kitobxonlik tanlovlari, ijodiy uchrashuvlar, rang-barang rasmlar ko‘rgazmalari hamda sport musobaqalari tashkil etildi. Har bir yo‘nalishda ishtirok etgan yoshlar o‘z bilim va iqtidorlarini namoyon etib, faolligi bilan ajralib turdi. Ayniqsa, kitobxonlik tanlovlari va ijodiy muloqotlar ishtirokchilarda badiiy adabiyotga qiziqishni yanada kuchaytirib, ularning tafakkur doirasini kengaytirishga xizmat qildi.
[gallery-29172]
Bunday tadbirlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati, ma’naviy-ma’rifiy islohotlar hamda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir. Eng muhimi, festival yoshlarni ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirib, ularda yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA