Kitob ulashib, xonadonlarga ko‘mak ko‘rsatildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Sirdaryo viloyati boshqarmalari tomonidan inson qadrini ulug‘lash, mehr-oqibat va saxovat tuyg‘ularini hayotda qaror toptirishga qaratilgan “Ezgulik karvoni” xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiya doirasida Oqoltin tumanidagi 3-sonli hamda Sardoba tumanidagi 18-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari kutubxonalariga 500 nusxa badiiy, ma’rifiy va xorijiy adabiyotlar taqdim etildi. Bu kitoblar o‘quvchilarning mutolaaga qiziqishini oshirish, ma’naviy dunyoqarashini boyitish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

— Kitob — inson ma’naviyatini boyitadigan, uni izlanishga va mustaqil fikrlashga undaydigan muhim manba. Shu bois maktab kutubxonalarini yangi adabiyotlar bilan boyitishni ezgu va kelajakka qaratilgan tashabbus, deb bilamiz. Ayniqsa, mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilayotgan bunday ishlar inson qadrini ulug‘lash g‘oyasiga hamohang, — deydi Davlat kadastrlari palatasi Sirdaryo viloyati boshqarmasining Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Jamshid Abdullayev.

“Ezgulik karvoni” doirasida ijtimoiy ko‘makka muhtoj 10 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilib, oilalar holidan xabar olindi. Bayram arafasida ko‘rsatilgan bu ko‘mak ular uchun ayni muddao bo‘lib, xonadonlarga quvonch va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Bir so‘z bilan aytganda, ezgulik katta ishlardagina emas, inson ehtiyojini his etib, unga o‘z vaqtida madad qo‘lini cho‘zishda ham namoyon bo‘ladi. Bir tomonda yoshlar qo‘liga kitob tutqazilib, ularning ma’naviy olami boyitilsa, ikkinchi tomonda ehtiyojmand oilalarga ko‘mak ko‘rsatilib, mehr va e’tibor ulashildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri