Kitob taqdimoti: “Qizilqumsement” AJ: kecha va bugun”
“Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida chop etilgan “Qizilqumsement” AJ: kecha va bugun” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy yillik quvvati 9 million tonnadan ziyod bo‘lgan 12 ta sement zavodi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning eng yirigi hisoblangan “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida 20 turdan ziyod zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda. Yiliga 3,5 million tonna sement yetkazib berayotgan zavodda 3,5 ming nafarga yaqin muhandis-xodimlar va ishchi-xizmatchilar mehnat qilyapti.
Qayd etish kerak, 1977 yilda o‘z faoliyatini boshlagan mazkur yirik korxona, ayniqsa, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach ishlab chiqarish quvvati va ko‘lamlarini sezilarli darajada oshirdi. O‘tgan mana shu davr, ya’ni, 1991-2021 yillar ishlab chiqarish sub’ekti tarixining yangi sahifalari sanaladi. Shu bois, “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida “Qizilqumsement” AJ: kecha va bugun” kitobi nashr etildi.
zavod tarixi batafsil yoritilgan yangi kitob korxonada faoliyat olib borgan va bugungi kunda mehnat qilayotgan ming-minglab insonlar mehnatining e’tirofi ekanligini ta’kidlar ekan, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar xususida ham batafsil fikr bildirdi:
– Korxonamizda sement ishlab chiqarish 4-liniyasining qurilish ishlari jadal amalga oshirilmoqda, – deydi AJ bosh direktori Baxtiyor Umirzaqov. – Natijada ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxi arzonlashib, raqobatbardoshlik darajasi oshiriladi va korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 5,7 million tonnaga yetkaziladi.
– Navoiyda sement zavodi qurilishi borasidagi g‘oyalar korxona qurila boshlangan davrdan ancha avval – ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda dolzarb ahamiyat kasb eta boshlagan, – deydi “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha direktori, kitobni tayyorlash bo‘yicha tashkiliy-ijodiy guruh a’zosi Akmal Ergashev. – 1961 yildan boshlab “Qizilqumsement” uchun sement xom ashyosi zaxiralarini aniqlash bo‘yicha qidiruv ishlari olib borilgan. Mazkur ishlar davom ettirilib, 1970-1971 yillarda sement komponentlarini ta’minlash uchun qidiruv ishlari Navoiy gil slanetsli konida amalga oshirilgan. Navoiy sement zavodi “quruq” sement ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistondagi birinchi zavod edi. Mazkur korxonaning tantanali ochilish marosimi 1977 yil 14 iyunda o‘tkazilib, ushbu tantanada xalqimizning buyuk farzandi, yozuvchi va davlat arbobi Sharof Rashidov ishtirok etgan.
[gallery-7263]
Taqdimotida bir guruh faxriy sanoatchilar zavodning faoliyat boshlaganidan to bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Kitobda korxona o‘tmishi, kechagi kun va buguniga oid rasmlar, muhim sitatalarning esa o‘zbek, rus va ingliz tillarida berilganligi kitobning ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qilgan.
Darhaqiqat, “qurilish noni” deb ataluvchi mazkur mahsulot kirib bormagan biror-bir xonadon yurtimizda bo‘lmasa kerak. Shu ma’noda, “Qizilqumsement” AJ: kecha va bugun” kitobi nafaqat korxona jamoasi, balki ushbu zavod mahsulotlarining barcha xaridorlari uchun qiziqarli asardir.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA