Kitob – nur, kutubxona – ziyo maskani
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab “Kitobsevar millat” shiori ostidagi IV respublika “Kitobxonlik haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda. Haftalik doirasida kitobxonlik kechalari, yozuvchi-shoirlar bilan uchrashuvlar, adabiy muloqotlar o‘tkazilmoqda, kutubxonalar faoliyati, kitobxonlarga yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganilmoqda.
Avvalo, aytish kerakki, bilim, ta’lim, mutolaa va kitoblar orqali intellektual kapitalni shakllantirmasdan yurt taraqqiyotiga erishib bo‘lmaydi. Bugun axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal o‘sishiga qaramay, aynan kitob va mutolaa jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy rivojlanishi bosh mezoni hisoblanadi. Global axborot jamiyati va tezkor ijtimoiy o‘zgarishlar davrida kitobxonlik doimgidan-da muhimroqdir.

Xususan, Farg‘ona viloyatida ham bugungi kunda kutubxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy texnik bazasini mustahkamlashga muhim e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 7-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, shahar va tumanlarda 18 ta axborot-kutubxona markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

“Kitobxonlik haftaligi” doirasida Beshariq tumani axborot-kutubxona markazi qayta ta’mirlanib, ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Mazkur zamonaviy axborot-kutubxona markazi “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga qayta kapital ta’mirlandi.
1965-yildan boshlangan mazkur kutubxona kitob fondi 49 ming jildga yaqinni tashkil etadi. Qayta ta’mirlash ishlari mobaynida kutubxona binosi kengaytirilib, bir vaqtning o‘zida 50 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi, mebel jihozlari, yangi adabiyotlar va internet bilan ta’minlandi.
Ochilish marosimida keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi. Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda kitobxonlikka qaratilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib, bunyod etilayotgan ma’rifat o‘choqlari – kutubxonalar aholi ma’naviy olamini yanada boyitishda, farzandlarimizni ezgu g‘oyalar asosida, kitobga mehrli etib tarbiyalashda eng yaqin ko‘makchi ekanligini e’tirof etdi.

– Bu kutubxona xalq kutubxonasi bo‘lib qolishiga shubham yo‘q, albatta. Oz fursatlarda fidoyilik bilan barpo etilgan yangi maskan ma’rifatparvarlarning orzusi edi, – dedi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayeva. – Biz ham bu xayrli ishga kamtarona hissa qo‘shayotganimizdan, Milliy kutubxona nomidan ushbu maskanga yangi kompyuter texnikalari sotib olish uchun 100 million so‘m mablag‘ va 100 dan ortiq yangi kitob sovg‘a qilayotganimizdan mamnunmiz.
Ezgulikning qanoti bor, deb bejiz aytmaydilar. Bundan ruhlangan tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayev va tuman sektorlari rahbarlari ham axborot-kutubxona markazi fondiga 200 dan ortiq sara kitob to‘plamini sovg‘a qildilar.

Shuningdek, Qo‘qon shahrida yangi kutubxona binosi foydalanishga topshirildi. Saxovatpesha tadbirkor Kamolxon Po‘latov tomonidan qurib bitkazilib, Qo‘qon shahridagi Amiriy kutubxonasi tasarrufiga o‘tkazilgan kutubxonaning tantanali ochilish marosimi katta bayramga aylanib ketdi. Bunday ziyo maskanlari aholi o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, xususan, yoshlarimizning mutolaaga ishtiyoqini yuksaltirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri