Kitob – mash’ala kabi inson yo‘lini yorituvchi nur va bebaho ma’naviy boylik
Inson ko‘zida 300 mingdan ortiq retseptik nur bo‘larkan, deyishadi olimlar. Ular odamga samoyu zamin mo‘’jizalarini teranroq anglash, ko‘lamini idrok etish imkonini berarkan.
Tajribali jurnalist, mohir tarjimon va izlanuvchan ijodkor Laziz Rahmatovning «Dunyo mamlakatlari» kitobini katta qiziqish bilan o‘qiy boshladim va beixtiyor shu gap yodimga tushdi.
Ushbu ijod mahsuli chindan ham bugunning noyob hodisasi – hajmi, mazmun va mantiqi, yer shari bag‘rida poloponlardek o‘rnashib olgan 240 ga yaqin davlatlar haqidagi adog‘i yo‘q qiziqarli ma’lumotlarni qamrab olgani bilan diqqatga sazovor. Bularning barchasi sizni yangi, ochilmagan tilsim sari, betakror borliq sari yetaklaydi.
Kitobni ochib o‘qirkansiz, telefon va gadjetlarni imkon qadar nari surasiz, borliqning yangi sirlari beixtiyor sizni o‘ziga rom eta boshlaydi. Dunyo bor bo‘yi bilan ko‘z oldingizda gavdalanadi, xuddi quyoshga qarab yurgandek bo‘lasiz!

Kitob yana shunisi bilan ahamiyatliki, biz O‘zbekiston va o‘zbek xalqi o‘laroq jahon sari kengroq kirib borar ekanmiz, bir-birimizni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashga, barcha hurfikr xalqlar bilan ahil va hamjihat bo‘lib yashashga chorlaydi.
Yaqinda Urgut tumanida o‘n yil davomida muallifning mashaqqatli mehnati evaziga yaratilgan «Dunyo mamlakatlari» asari asosida o‘tkazilgan kitobxonlik tadbirida ishtirok etdim. Unda muallif bilan birga senator, ustoz shoir Abdusaid Ko‘chimov, muhabbat kuychisi – shoir Muhammad Ismoil hamda taniqli jurnalistlar ishtirokida ijodiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Bahslar yosh tanlamadi. Unda 240 nafardan ziyod urgutlik iqtidorli o‘quvchi va o‘qituvchilar kitobga oid 50 ta savol ustida o‘z mahoratlarini sinadi. Ellikta savolga bir nechta o‘g‘il-qizning to‘liq javob topgani yoshlarimizning kitobni qanday maroq bilan o‘qiyotganini anglatdi.
Darhaqiqat, kitob mash’ala kabi inson yo‘lini yorituvchi nur va bebaho ma’naviy boylik. Unga do‘st tutingan odam faqat ezgulikka intiladi.

– Mazkur asar yer sharida joylashgan katta-kichik o‘lkalar, ularning imkoniyatlari haqidagi tushuncha va bilimingizni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi, – dedi Abdusaid Ko‘chimov. – Bizga ham Amerika safari chog‘ida ushbu qo‘llanma juda qo‘l keldi. Urgutdagi shaxsiy kutubxonamiz bilan birgalikda o‘tkazilgan birinchi katta tanlov g‘oliblarini taqdirladik. Nasib qilsa, bu an’ana davomli bo‘ladi.
Anjumanda Laziz Rahmatov inson tafakkurining ilk shakllanishi bevosita uning o‘zi yashab turgan manzil, uni o‘rab turgan atrof-muhit va xalqlarning o‘zaro do‘stlashuv imkoniyatlari bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Asarning yaratilishi, uning sahifalaridan o‘rin olgan har bir axborotning haqqoniyligi ustidagi mashaqqatli izlanishlari haqida so‘zlab berdi.

Sermazmun Urgut uchrashuvi yakunida 40 nafar tanlov g‘olibiga kitob jamlanmalari sovg‘a qilindi.
Hozir so‘lim qishlog‘imning dilkusho tabiati bag‘rida, yolg‘izlikning halovatli kunlarini «Dunyo mamlakatlari»ni maroq ila o‘qishni davom ettiryapman.
Har bir davlat – o‘ziga xos bir olam. Ushbu qomusiy asarni sizlarga ham tavsiya etaman.
Navro‘z Rizayev,
jurnalist