“Kitob – ma’naviyat ko‘zgusi” tanlovi o‘tkazildi
Sud tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish doirasida sud xodimlarining ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat sudida “Kitob – ma’naviyat ko‘zgusi” tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda viloyat sudi hamda viloyat ma’muriy sudidan 19 nafar sud xodimlari ishtirok etdi. Ishtirokchilar ikki shart bo‘yicha baholandi. Birinchi shartda komissiya a’zolari tomonidan tuzilgan test savollarini yechib, qobiliyatlarini namoyish etdi. Ikkinchi shartda o‘zbek va jahon adabiyoti yozuvchilari asarlarining mazmun-mohiyati, g‘oyasi va bugungi kundagi ahamiyati sharhlab berildi.
[gallery-18521]
– Viloyat sudi tizimida kitobxonlik tanlovi har yili o‘tkazilib kelinmoqda. Bu yil tanlovga qiziqishi yanada ortgan, ishtirokchilar soni ko‘p bo‘ldi. Oldingi tanlovda birinchi o‘rinni olgan bo‘lsam, bu yil ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Bu kabi tanlovlar biz xodimlarni o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga, sohaga doir va badiiy kitoblarni muntazam o‘qib borishga undaydi. O‘qigan badiiy asarlarimiz, undan olgan xulosalarimiz ish faoliyatimizda fuqarolar bilan muloqot qilishda, ularga sud qarorlarini to‘g‘ri tushuntirishda qo‘l kelmoqda, – deydi viloyat sudi katta konsultanti Sirojiddin Salayev.
Urganch davlat universitetining filologiya fakulteti o‘qituvchilari va viloyat sudlari sudyalaridan tashkil topgan hakamlar hay’ati tomonidan har bir ishtirokchining badiiy asar haqidagi nutqi, savollarga to‘g‘ri va to‘liq javob berishi baholab borildi.
Tanlov yakunida jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi devonxona mudiri Behzod Ollonazarov birinchi, viloyat sudining katta konsultanti Sirojiddin Salayev ikkinchi va viloyat sudi sudya katta yordamchisi Shahzodbek Abdullayev uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Shokirov, B.Saidov(Surat), O‘zA.