Kinosaroy va muzeylar endi yagona "O‘zbekfilm" brendi ostida birlashtiriladi
Prezidentimizning "O‘zbekfilm” kinostudiyasida kinoijodkorlar bilan uchrashuvi davom etmoqda.
Prezidentimiz milliy kino sanoatini yangi texnologik rivojlanish bosqichiga olib chiqish zarurligini ta’kidladi. Kino yaratishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha hamkorlik dasturi bir oyda ishlab chiqiladi.
Unda yangi ta’lim dasturlarini tayyorlash, mutaxassislarni o‘qitish va xorijda malakasini oshirish masalalari ko‘zda tutiladi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari “O‘zbekfilm” nomini milliy kinomizning yagona brendi sifatida mustahkamlash tashabbusini ilgari surdi. Xalqimiz Chilonzorning bu hududini azaldan “O‘zbekfilm” deb atashi qayd etildi.
Hozirgi Chilonzor ko‘chasining mazkur qismiga “O‘zbekfilm” nomini berish taklif qilindi. Kino san’ati muzeyini “O‘zbekfilm” muzeyi, Kino san’ati saroyini “O‘zbekfilm” kinosaroyi, Milliy kinofondni “O‘zbekfilm” milliy kinofondi deb nomlab, ularni yagona brend ostida birlashtirish taklif etildi.
O‘zA