Ochiq va erkin saylovlar – demokratiya asosi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomov O‘zA muxbiriga milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish maqsadida saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar, bo‘lajak saylov qanday tashkil etilishi, unga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish qanday prinsiplarga asoslanishi xususida so‘zlab berdi.
2014-yil 21-dekabrda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq saylov kampaniyasi shu yilning 15-sentabridan boshlandi.O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomov O‘zA muxbiriga milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish maqsadida saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar, bo‘lajak saylov qanday tashkil etilishi, unga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish qanday prinsiplarga asoslanishi xususida so‘zlab berdi.
– Saylovlar demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi, xalqimizning o‘z xohish-irodasini bildirishi, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokining asosiy shaklidir, – deydi M.Abdusalomov. – Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda amalga oshirilgan bosqichma-bosqich va izchil islohotlar samarasida eng yuksak demokratik talablar va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos, mamlakatimiz Asosiy Qonunida mustahkamlangan har kimning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqini ta’minlaydigan saylov tizimi yaratildi.
Ayni paytda saylov tizimining takomillashtirilayotgani mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan demokratik o‘zgarishlarning tarkibiy qismi bo‘lib, mamlakatimizning jadal sur’atlar bilan taraqqiy etib borayotgani va jamiyatimiz yashayotgan yangi sharoitlar saylov jarayonlarini yanada demokratlashtirish zarurligini taqozo etmoqda.
Masalan, aholi, ayniqsa, yoshlarning dunyoqarashi va ongu tafakkuri o‘zgarib, siyosiy va fuqarolik faolligi, el-yurt taqdiriga daxldorlik hissi ortib borayotgani hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tub islohotlarning muhim samaralaridan biridir.
Shu bilan birga, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlar jarayoniga, qonun ijodkorligi darajasi va huquqni qo‘llash amaliyoti, siyosiy partiyalar dasturiy maqsadlari va deputatlarning amaliy faoliyatini baholashga nisbatan talabchanligi ham sezilarli ravishda oshdi.
Bularning barchasi bo‘lajak saylovni uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun mustahkam asos yaratadi va saylov jarayonini tashkil etishga jalb etilgan barcha tuzilmalar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
– Milliy saylov tizimida mustahkamlangan asosiy demokratik prinsiplar haqida so‘zlab bersangiz.
– Mamlakatimizda saylovlarning samarali huquqiy negizi yaratilgan bo‘lib, saylov to‘g‘risidagi qonunchilik milliy tajriba va umume’tirof etilgan xalqaro normalar inobatga olingan holda, bosqichma-bosqich shakllantirildi. O‘zbekistonda ushbu sohadagi qonun hujjatlari adolatlilik, ochiqlik, oshkoralik va transparentlikning demokratik prinsiplari asosida fuqarolarning saylov huquqlariga so‘zsiz rioya etish, saylovchilarga saylovda erkin ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar, deputatlikka nomzod ko‘rsatadigan siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasi davomida keng va teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Saylovlarning qonun talablariga to‘la muvofiq ravishda ochiqlik va oshkoralik asosida tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlaydigan saylov komissiyalarining mustaqil tizimi amal qilishi milliy saylov tizimining eng muhim xususiyati hisoblanadi.
Qonunchilikka muvofiq, saylov komissiyalari mustaqil bo‘lib, faqat qonunga bo‘ysunadi. Hokimiyat tuzilmalari, jamoat birlashmalarining saylov komissiyalari faoliyatiga aralashishiga har qanday urinishlar taqiqlanadi.
Saylov qonunchiligiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha mutlaq vakolatlar berilgan. Bunday maqom saylovni tashkil etish va o‘tkazish jarayonida qonuniylikni ta’minlash, saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Saylov to‘g‘risidagi qonunlarda xalqaro tajriba va mamlakatimiz amaliyoti hisobga olingan holda, saylov jarayonining barcha bosqichlarida siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar, OAV vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi mustahkamlangan.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Ekologik harakatiga 15 ta deputatlik o‘rni berilgani ham buni tasdiqlaydi. Ushbu norma atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyat va fuqarolar salomatligini yaxshilash masalalarining muhimligidan va ularning hal etilishidan aholining barcha qatlamlari manfaatdor ekanidan kelib chiqqan holda joriy etilgan.
– 2014-yildagi saylov qanday xususiyatlarga ega, so‘nggi yillarda saylov qonunchiligiga qanday o‘zgartishlar kiritildi?
– Mamlakatimiz parlamenti va davlat hokimiyatining joylardagi vakillik organlariga bo‘lajak saylov yangi ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy- iqtisodiy sharoitlarda o‘tadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda keng ko‘lamli kompleks islohotlarni amalga oshirishda erishilgan ulkan muvaffaqiyatlar jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda va O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zining munosib o‘rniga ega. Avvalo, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik va fuqarolar totuvligi mustahkamlanib, so‘nggi yillarda iqtisodiy barqaror o‘sish sur’atlarining 8 foizdan ko‘proqni tashkil qilayotgani, xalqimiz farovonligi, hayot darajasi va sifatining uzluksiz oshib borayotgani, shuningdek, ularning fuqaro sifatida o‘zini o‘zi anglashi, siyosiy va huquqiy madaniyati yuksalib borayotgani eng katta yutug‘imizdir.
Prezidentimiz Islom Karimov Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida hayotimizning barcha sohalarini jadal sur’atda modernizatsiya qilish va yangilash jarayoni bilan bog‘liq yangi talablarga muvofiq kelgusi davr uchun, shu jumladan, saylov qonunchiligini takomillashtirish sohasida yangi vazifalarni belgilab berdi.
Ushbu dasturiy hujjatda davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish, davlat va jamiyat qurilishi tizimida qonun chiqaruvchi hokimiyatning rolini oshirish, uning nazorat vazifalarini kengaytirish, ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlashga doir chora-tadbirlarning belgilangani muhim ahamiyatga egadir.
Shu maqsadda davlatimiz rahbari ilgari surgan qonunchilik tashabbuslarini amalga oshirish chog‘ida Asosiy Qonunimizga hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimini yanada takomillashtirish, ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini ta’minlashning yaxlit tizimini shakllantirish hamda rivojlantirishga qaratilgan qator tuzatishlar kiritildi. Bundan tashqari, qonunlarni ko‘rib chiqish va qabul qilishning barcha bosqichlarida deputatlar birlashmalari hamda siyosiy partiyalar fraksiyalarining roli kuchaydi. Joylarda islohotlarni hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ham siyosiy partiyalar, hokimiyat vakillik organlarining o‘rni va mas’uliyati oshib bormoqda.
Mamlakatimiz qonunchiligiga kiritilgan ushbu barcha o‘zgartishlar qonunchilik va ijro hokimiyati faoliyatini yanada demokratlashtirish, siyosiy partiyalar faolligini oshirish, partiyalararo raqobatni kuchaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan tuzatishlar saylov qonunchiligini erkinlashtirish jarayonining mantiqiy davomi bo‘ldi. Jahon amaliyotida ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga boshqa hokimiyat organlarining hech qanday aralashuvisiz saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni ta’minlaydigan davlat hokimiyati organi tizimida alohida o‘rin tutgan konstitutsiyaviy organ maqomi berildi. Bu saylovlarning demokratligi, ochiqligi va oshkoraligini har tomonlama ta’minlash kafolatiga aylandi.
Konsepsiyani tatbiq etish doirasida saylov qonunchiligiga saylov erkinligi prinsipini to‘liq amalga oshirish, saylovoldi tashviqotini olib borishda deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarga teng shart-sharoitlar yaratish samaradorligini oshirish, saylov davomida oshkoralikni ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, saylovoldi tashviqoti tushunchasi, uni olib borish turlari, shakllari va usullari belgilab qo‘yildi. Saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi. Bundan tashqari, hokimiyat vakillik organlariga saylov to‘g‘risidagi qonunlarga ovoz berish kuniga qadar uch kun ichida, shuningdek, ovoz berish kuni jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari taxminlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni chop etishga (e’lon qilish), jumladan, ularni umumiy foydalanuvdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlariga, xususan, internetga joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi norma kiritildi. Bu saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishini ta’minlash kafolatini kuchaytiradi.
Kuzatuvchilarga Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bo‘yicha O‘zbekiston Ekologik harakatining konferensiyasida ishtirok etish huquqi berilgan bo‘lib, bu mamlakatimizda saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligi prinsiplarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Markaziy saylov komissiyasi ushbu talablarni inobatga olgan holda, 2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturini ishlab chiqdi hamda tasdiqladi.
– Aytingchi, mazkur dasturning mazmun-mohiyati nimalardan iborat va unda saylov kampaniyasi davomida hal etilishi lozim bo‘lgan qanday vazifalar qo‘yilgan?
– Qonunchilik talablari va xalqaro saylov standartlariga to‘liq muvofiq ravishda ishlab chiqilgan ushbu dasturda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha muhim talab va vazifalar, aniq vaqt jadvaliga binoan bo‘lajak barcha tadbirlar va mas’ul tuzilmalar belgilangan. Bu saylovga yuksak demokratik saviyada tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, fuqarolarning saylov huquqlarini to‘liq amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda siyosiy partiyalarning faol ishtirokini ta’minlash imkonini beradi.
Chunonchi, saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning qoidalarini saylovchilarga keng tushuntirish, fuqarolarni deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari, ularning ishchanlik va axloqiy fazilatlari bilan tanishtirish, saylovchilarning bo‘lajak saylovga mamlakatimiz hayotidagi eng muhim ijtimoiy-siyosiy voqea sifatida tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonidan xabardorligini oshirish bo‘yicha samarali axborot-tahlil ishlarini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratishga oid zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Saylov kampaniyasida yoshlar va xotin-qizlarning faol ishtirok etishi, ularning ijtimoiy faolligini, siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirish uchun shart-sharoit yaratish ham muhim vazifalar sirasiga kiradi. Bu borada saylovda ishtirok etayotgan yoshlarga alohida e’tibor qaratiladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda xotin-qizlar o‘rtasida saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning yangi normalarini ularning saylov huquqlarini tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Siyosiy partiyalarga, deputatlikka nomzodlarga o‘z saylovoldi dasturlarining qoidalarini, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalariga doir nuqtai nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratib beriladi.
Ayni paytda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha siyosiy partiyalar – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi parlament saylovida ishtirok etish istagini bildirdi.
Siyosiy partiya saylovda uni qo‘llab-quvvatlaydigan saylovchilarning kamida qirq mingta imzosini to‘plashi zarur. Bunda mamlakatimizning bitta ma’muriy-hududiy tuzilmasida, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar yoki Toshkent shahrida to‘plangan imzolar soni talab etilgan imzolar sonining sakkiz foizidan oshmasligi belgilangan.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasiga muvofiq siyosiy partiya parlament saylovida ishtirok etish va deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishga ijozat olish uchun 12-oktabrgacha Markaziy saylov komissiyasiga partiya rahbari tomonidan imzolangan saylovda ishtirok etish to‘g‘risidagi ariza, Adliya vazirligining siyosiy partiya qonunda belgilangan muddatda ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi, shuningdek, imzo varaqalarini taqdim etishi shart.
Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylov qonunchiligi prinsiplari va talablarini hisobga olgan holda saylov jarayonida siyosiy raqobatning madaniy shakllaridan foydalanishlariga ko‘maklashishga katta ahamiyat beriladi.
Bunda saylov kampaniyasi barcha ishtirokchilarining amaldagi qonunchilik talablariga so‘zsiz va aniq rioya etishi muhim talab hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, dasturda faqat O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasini o‘tkazishning asosiy tashkilotchisi hisoblanishi to‘g‘risidagi qonunchilik qoidasini izchil va so‘zsiz amalga oshirish zarurligi qayd etilgan. Hech kim, saylov jarayoniga aralashishi mumkin emas. Avvalambor, markazdagi va joylardagi davlat hokimiyati organlari saylov kampaniyasi jarayoniga aralashish, qonunchilik talablarini chetlab o‘tish, buzish maqsadida qilingan har qanday urinishlar, aniqlangan homiylik holatlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi va aybdorlar jazolanadi.
Saylov kampaniyasi ishtirokchilarining birortasiga biron-bir imtiyoz va ustunlik berilishi istisno qilinadi. Saylov qonunchiligining me’yorlari, talablari, qonunda va ushbu dasturda belgilangan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi hamma uchun majburiy va bir xil hisoblanadi.
Bugungi kunda ushbu muhim vazifalarni bajarish bo‘yicha faol ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ommaviy axborot vositalari, saylov komissiyalari, saylov qonunchiligi sohasi olimlari va mutaxassislari salohiyatidan foydalanilmoqda.
Misol uchun, mamlakatimiz va chet el ekspertlari, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan qator tadbirlar tashkil etildi. Parijda “Saylov tizimini demokratlashtirish va parlamentarizmni rivojlantirish: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot”, Toshkentda “O‘zbekiston saylov qonunchiligi va demokratik saylovlarni o‘tkazishning xalqaro standartlari”, Samarqandda “Saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishda ochiqlik, oshkoralikni ta’minlash va qonunga rioya etishda qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida qator xalqaro konferensiyalar va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlarning o‘zkazilishi chet el ijtimoiy-siyosiy doiralari vakillari va ekspertlar hamjamiyatini O‘zbekistonda milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar haqida to‘liq va xolis xabardor qilishga yordam berdi.
Bundan tashqari, keng jamoatchilikka 2014-yilgi saylov kampaniyasining barcha jihatlarini tushuntirish maqsadida yetakchi olim va ekspertlarning markaziy hamda hududiy tele- va radiokanallarda 300 dan ziyod chiqishlari tashkil etildi, markaziy va mahalliy bosma nashrlarda 570 dan ortiq maqola chop etildi, internetdagi xorijiy saytlarda 580 dan ziyod materiallar joylashtirildi.
Teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar doirasida bo‘lajak saylovlarning mazmun-mohiyati, saylov kampaniyasi har bir bosqichining asosiy vazifalari ochib berilmoqda. Saylov masalalari bo‘yicha huquqiy hujjatlar, risola va uslubiy qo‘llanmalar to‘plami nashrga tayyorlanmoqda.
Saylov jarayonini yoritishda ommaviy axborot vositalari xodimlarining malakasini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi, 120 nafar OAV vakili o‘qitildi. Bundan tashqari, joylarda “Saylovlarni yoritishda OAVning roli” mavzusida o‘tkazilgan 14 davra suhbatida hududiy ommaviy axborot vositalarining 370 nafar jurnalisti ishtirok etdi.
– Bo‘lajak saylovlarni o‘tkazishda ommaviy axborot vositalarining roli haqida ham so‘zlab bersangiz.
– Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda ommaviy axborot vositalari fuqarolik institutlaridan biri sifatida hayotga tatbiq etilayotgan o‘zgarishlarda faol ishtirok etmoqda. Ular demokratik qadriyatlar, fuqarolarning huquqlari, erkinliklar va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim omil bo‘lmoqda, ularning o‘z fikr va g‘oyalarini, yon-atrofda ro‘y berayotgan voqealarga nisbatan nuqtai nazari hamda munosabatini erkin ifoda etishi imkoniyatini ta’minlamoqda, jamoatchilik fikrini shakllantirmoqda. Bu esa aholining siyosiy faolligini oshirish, mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi ishtirokini kengaytirishga yordam bermoqda. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari fuqarolarning saylov huquqlarini ishonchli ta’minlash, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish, saylov komissiyalari faoliyati oshkoraligini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kunda demokratik saylovlarni erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Negaki, ular fuqarolarning siyosiy partiyalar faoliyati, ularning saylovoldi dasturlari, deputatlikka ko‘rsatayotgan nomzodlari, saylov jarayonining barcha bosqichlari haqida axborot olish huquqini ta’minlashi lozim. Shunday qilib, ommaviy axborot vositalari demokratik saylovlarni ochiqlik, oshkoralik va transparentlik asosida o‘tkazishda muhim vosita bo‘lib, fuqarolik jamiyatining saylovda faol ishtirok etishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mamlakatimiz saylov qonunchiligida ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni va saylov qanday o‘tayotganini yoritib borishi mustahkamlangan. Saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda ommaviy axborot vositalari teng shart-sharoit va imkoniyatlar prinsipiga amal qilgan holda, deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalar vakillariga o‘z efir vaqti va nashr maydonini qonunda belgilangan tartibda taqdim etadi. Bundan tashqari, ular fuqarolik jamiyati institutlaridan biri sifatida saylov jarayonida jamoatchilik nazorati vazifasini bajaradi.
Saylov jarayonining barcha bosqichlari ochiqligi, oshkoraligini ta’minlash, jamoatchilikni saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida OAV orqali o‘z vaqtida xolis xabardor qilish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2014-yilgi saylovni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi tashkil qilindi. Ushbu markaz Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasining asosiy bosqichlariga bag‘ishlab o‘tkazadigan brifinglar, matbuot anjumanlarini tashkil etadi, mamlakatimiz va chet el OAV vakillarini mazkur muhim demokratik jarayon bilan bog‘liq zarur axborot materiallari bilan ta’minlaydi. Ayni paytda jurnalistlarni Markaziy saylov komissiyasining www.elections.uz saytida e’lon qilingan akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasiga xorijiy va milliy OAV vakillaridan murojaatlar kelib tushmoqda.
Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlar davom etmoqda. Mazkur ishlar saylov to‘g‘risidagi qonunchilik, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan dastur va tadbirlar kalendar rejasiga qat’iy amal qilgan holda izchil amalga oshirilmoqda. Qonun talablariga so‘zsiz va qat’iy rioya etish, shubhasiz, bo‘lajak saylovni demokratiya prinsiplari asosida ochiq va oshkora o‘tkazishni ta’minlaydi.