Kimyo sanoati: eksport va ichki bozorda barqaror o‘sish qayd etildi
“Ammofos-Maxam” AJ 2025-yilda yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini qayd etdi. Reja bo‘yicha 206,52 ming tonna (fizik holda) tovar mahsuloti ishlab chiqarish belgilangan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 223,3 ming tonnani tashkil etdi. Bu esa rejaning qiymat jihatidan 1 594,3 milliard so‘mga bajarilishini va o‘sish sur’ati 114,3 foizga yetganini ko‘rsatadi. Ishlab chiqarish tarkibida asosiy ulushni ammofos va suprefos egalladi.
“O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan “Ammofos-Maxam” aksiyadorlik jamiyati faoliyati, bugunga qadar amalga oshirilgan loyihalar va istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu ko‘rsatkichlar alohida ta’kidlandi.

Mas’ullarning so‘zlariga ko‘ra, “Ammofos-Maxam” AJ Qizilqum fosforitlari asosida murakkab azot-fosforli mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lib, mamlakat kimyo sanoatining yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan sanaladi.
Tadbirda ular raqamlar tahliliga e’tibor berar ekan, bu jarayonda sotuv ko‘rsatkichlari ham ijobiy dinamikani namoyon etganiga urg‘u berdi. Unga ko‘ra, rejadagi 1 516,1 milliard so‘m o‘rniga amalda 1 627,8 milliard so‘mlik mahsulot realizatsiya qilingan. Bunda asosiy e’tibor ichki bozorga qaratilgan. Ammofos savdosi 1 556,3 milliard so‘mni, suprefos esa 52,1 milliard so‘mni tashkil etgan.

“O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganovning aytishicha, eksport yo‘nalishida ham muayyan natijalarga erishilgan. Bunda jami 2 630 tonna mineral o‘g‘itlar 1,429 million AQSH dollari qiymatida xorijiy bozorlarga yetkazib berilgan. Mahsulotlar Afg‘oniston, Tojikiston va Qozog‘istonga yo‘naltirilgan.
– 2026-yilning birinchi choragida ham korxona barqaror o‘sish sur’atini saqlab qolmoqda. Ushbu davrda 42,45 ming tonna ammofos ishlab chiqarilib, mahsulot qiymati 303,18 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,1 foiz o‘sishni anglatadi. Korxonada mehnat muhofazasi va ijtimoiy himoya masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Jamoatchilik nazorati kuchaytirilib, soha faollari soni 45 nafardan oshdi. Gender tenglikni ta’minlash maqsadida maxsus komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi.Shu bilan birga, korxonada xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham ustuvorlik berilmoqda. Kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan 44 nafar xodimning salomatligini tiklashiga ko‘maklashildi, 24 nafar ishchining jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordam ajratildi. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalar va mehnat faxriylariga ham doimiy e’tibor qaratilib, 19 nafar xodim qo‘llab-quvvatlandi, – dedi u.
Matbuot anjumanida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga erishilgani aytib o‘tildi. Unga asosan 2025-yil davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 87 919 tup daraxt va buta ko‘chatlari, shuningdek, 12 000 dona gul ekilib, hudud ko‘kalamzorlashtirilgan. Joriy yilda bu boradagi ishlar yanada samarali tashkil etilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA