Kim Filbi yana O‘zbekistonda
“Afsonaviy razvedkachi bilan yonma-yon” kitobini o‘qib
“Jeyms Bond – agent 007” filmlarini ko‘rib, o‘sha qahramonga o‘xshashni orzu qilmagan yoshlar topilmasa kerak, ko‘nglining bir burchagida “qaniydi men ham...” degan o‘y o‘tadi. “Bahorning o‘n yetti lahzasi”dagi Shtirlits-chi, qaysi tomoshabinning ko‘nglidan joy olmagan. “Qilich va qalqon”, “Mayor Vixr”, “TASS bayonot beradi”, “Josuslar ko‘prigi”, “Razvedkachining jasorati”, “Rezidentning taqdiri” singari filmlarni ko‘rib, qahramon bo‘lish, razvedkachi-josus bo‘lishni orzu qilmagan yigit bormikan o‘zi.
Yillar o‘tib Kim Filbi, Rixard Zorge, Rudolf Abel singari afsonaviy razvedkachilarning ko‘rsatgan jasoratlarning yangi qirralari ochilishi davom etmoqda.
Mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda muddati vaqtiga yetgan arxiv materiallarini ochish ishlariga e’tibor berila boshlandi. Xususan, Ikkinchi jahon urushining 75 yilligi munosabati bilan ommaviy axborot vositalarida o‘zbek razvedkachilari to‘g‘risida bir qator maqolalar chop etildi. O‘zbekning birinchi afsonaviy razvedkachisi Bahrom Ibrohimov haqida yangi faktlar e’lon qilindi. Bundan tashqari, turli vaqtlarda xorij mamlakatlarida og‘ir sharoitlarda ishlab, mamlakatimizga sog‘-salomat qaytgan razvedkachilarimiz Sharif Shirinboyev, Aynulla Mansurov, Bois Ergashev, Boris Mitrofanov, Georgiy Kustlarning ko‘rsatgan qahramonliklaridan xalqimiz bugun boxabar.
Shu yilning boshida “Afsonaviy razvedkachi bilan yonma-yon” asari nashr etildi. Zorge 1941 yilning 15 iyunida Tokiodan turib, nemislar urushni 22 iyunda boshlamoqchilar, deb xabar yuborgan bo‘lsa, Filbi esa urush yakunlanayotgan 1945 yilda nemislar g‘arb mamlakatlari bilan separatik sulh tuzishga urinayotgani, kuchlarning sharqiy frontdagi urushni davom ettirish uchun kuch to‘playotgani xabarini yo‘llaydi. Bu ma’lumot esa nemislar Germaniyasining g‘aliz niyatini fosh etib, unga qarshi davlatlar tomonidan zarur tadbirlar olishga undaydi.
Ushbu kitobda dunyoda afsonaviy razvedkachi deb tan olingan Kim Filbining hayoti, Ispaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Livan, Turkiya davlatlarida ko‘rsatgan mislsiz jasoratlari batafsil hikoya qilinadi. Asosiy mavzu esa ko‘rinmas front askarining turmush o‘rtog‘i bilan 1971 yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan sayohati to‘g‘risidadir.
KIM FILBI O‘ZI KIM?
Avvalambor, Kim Filbi o‘zi kim? Shu haqda qisqa ma’lumot berib o‘tishni lozim topdim.
Uning haqiqiy ismi-sharifi Garold Adrian Rassel Filbi. 1912 yilning 1 yanvar kuni Hindistonning Ambala shahrida tavallud topadi. Otasi atoqli ingliz adibi Redyard Kiplingning “Kim” nomli romanining qahramoni ismiga o‘g‘liga shu ismni tanlaydi.
Kim bolaligidan hind va arab tillarida gapirar, keyinchalik nemis, fransuz, ispan, turk va rus tillarini o‘rganadi. 1929 yildan boshlab Angliya aristokratlarining farzandlari o‘qiydigan Kembrij shahridagi Triniti kollejida tahsil oladi...
Afsonaviy razvedkachi Kim Filbiga bir vaqtning o‘zida ikki raqobatchi davlat – Buyuk Britaniya (1939 yildan e’tiboran) va Sovet ittifoqi (1934 yildan) uchun xizmat qiladi. Buyuk josusning xizmatlari munosib taqdirlanadi, dunyo tarixida hanuz takrori bo‘lmagan ikki mukofot – Britaniya imperiyasi ordeni va Ittifoqning Qizil bayroq ordeni bilan taqdirlanadi.
Kim Filbi Britaniyaning o‘ta muvaffaqiyatli razvedkachilaridan biri bo‘lgani tan olinadi, u maxfiy razvedka xizmatida mas’uliyatli lavozimni egallagan bo‘lib, uning asosiy vazifalaridan biri xorijiy josuslarni ta’qibga olish edi.
Ajoyib paradoks — Ittifoqdan Angliyaga josuslik uchun yuborilgan mutaxassislarni o‘rgana turib, uning o‘zi sovetlarning maxsus xizmatlari tomonidan og‘dirib olinadi. Kim kommunizm g‘oyalarini qizg‘in qo‘llab-quvvatlagani uchun sovet razvedkasi bilan hamkorlikka mo’nelik bildirmaydi.
Filbining Ikkinchi jahon urushi yillarida Ittifoqqa ko‘rsatgan yordamlarining hisobi yo‘q. Uning bevosita ko‘magida Gruziya-Turkiya chegarasida qo‘poruvchilik guruhi fosh etildi. Uning ma’lumoti bilan Albaniyada Amerika harbiy kuchlari kiritilishining oldi olindi. Angliyada inqirozga yuz tutayotgan “Kembrij beshligi”ni saqlab qolishda sovet razvedkachilariga ko‘maklashdi. Bular nishona misollar.
Angliya maxsus xizmatlari tomonidan ko‘p marotaba sovet razvedkachilari bilan hamkorlik qilayotgani to‘g‘risidagi shubhalarga boriladi. Ammo Kim Filbiga nisbatan isbotlangan ayblar qo‘ya olmaydilar.
Filbi hayotining bir necha yili mobaynida Ispaniya va Livanda jurnalist bo‘lib ishlab, Britaniya razvedkasiga ma’lumotlar to‘plab jo‘natib turgan.
Istanbul shahridagi rezidenturada xizmat qiladi, ingliz razvedkasining Vashingtondagi Markaziy razvedka boshqarmasi va Federal razvedka byurosining vakili bo‘lib faoliyat ko‘rsatadi.
1963 yilda Londondan Livanga kelgan maxsus komissiya Kimning Sovet ittifoqi bilan aloqalarining borligini aniqlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Umuman rad etib bo‘lmaydigan fakt – Stalin tomonidan sovg‘a etilgan barelef daliliy ashyo etib ko‘rsatiladi. U noyob daraxt va qimmatbaho metall hamda toshlardan ishlangan bo‘lib, unda Ararat tog‘i aks ettirilgan edi. Dastlabki surishtiruvda Filbi bu asarni Istanbulda sotib olganini aytadi. Angliyalik izquvarlar bu mahobatli tog‘ faqat Ittifoqda ekaniga to‘la amin edilar-u ammo kech qoladilar.
Shundan so‘ng, Filbi birdan g‘oyib bo‘ladi. Uni qidiruv ishlari uzoq davom etadi, keyinroq ma’lum bo‘lishicha, unga Moskvadan siyosiy boshpana beriladi. Hayotining so‘nggi kunlari – 1988 yilgacha ushbu shaharda umrguzaronlik qiladi.
RAZVEDKACHI NEGA SAYOHAT UCHUN O‘ZBEKISTONNI TANLADI?
Ayrim insonlarning taqdiri tarixning charxpalagida shunday qiziqarli, shunday sirliki, bu haqda birorta sarguzasht romanda ham o‘qish mumkin emas. Aynan shu ma’noda Kim Filbining hayoti va taqdiri alohida ajralib turadi. Bu afsonaviy razvedkachi to‘g‘risida 200 ga yaqin kitob, minglab maqolalar yozilgan. Sheron Stoun va Ruper Evertt bosh rollarni o‘ynagan Xolivudning jangari filmi suratga olingan.
Uni kim Ittifoq bilan hamkorlikka tortgan, uni kimlar sotgan, u fosh etilgach Moskvaga qanday yetib kelgan, nima uchun uni XX asrning afsonaviy razvedkachisi deb ataydilar kabi savollarga hanuzgacha batafsil javob yo‘q.
Yana ham ajablanarlisi, uning otasi – katta Filbi o‘g‘lining dunyo siyosatiga aralashib yurishidan, razvedkachilik faoliyatidan mutlaqo xabari bo‘lmagan! “Otam yana ozgina yashaganda edi, men to‘g‘rimda hamma narsadan voqif bo‘lardi”, deb yozadi afsus va nadomat bilan.
“Afsonaviy razvedkachi bilan yonma-yon” asari o‘zbek kitobxonlarining Kim Filbi to‘g‘risidagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladi. Razvedkachi nima sababdan sayohat uchun O‘zbekistonni tanladi? Mintaqamizning keng sarhadlarida katta maydonni egallagan boshqa mamlakatlar ham bor edi-ku! Bu savolga javobni topish uchun uning oilasiga, o‘sib-ulg‘aygan yurtidan axtarish kerakka o‘xshaydi.
Kim Filbi tug‘ilgan Ambala shahri Toj Mahal ansambli savlat to‘kib turgan Agraga juda yaqin. Boburiylar davlati bu yerlarda 300 yildan ziyod hukmronlik qilishdi. Bolalikda ko‘rgan-kechirganini va tarix kitoblarida o‘qigan O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish orzusi bo‘lgandir balki...
Uning otasi Sent-Jon Filbi mustamlakachi ingliz ma’muriyati xodimlaridan bo‘lib, yetuk sharqshunos darajasiga yetgan, keyinchalik esa islom dinini qabul qilgan. Ikkinchi ayoli arab bo‘lgan. Saudiya Arabistoniga ko‘chib borib, uzoq yillar qirol Ibn Saudning maslahatchisi bo‘lib xizmat qiladi. Ehtimol otasining vasiyati bilan islom tarixi, hadis ilmi taraqqiy topgan, Imom Buxoriy va boshqa allomalar yetishtirib bergan O‘zbekiston tuproqlarining ziyoratiga otlandimikin!
Qolaversa, XIX asrlardayoq Angliya va Rossiyaning ishqi Turkiston o‘lkasiga tushadi. Mintaqaning bosh davlati nima jihatlari bilan bu mamlakatlarni o‘ziga rom etganiga shaxsan guvoh bo‘lish uchun O‘zbekistonni tanlagan bo‘lishi mumkin!
“ILTIMOS, MENI MAQTAMANGLAR!”
1971 yil. Uch haftalik sayohat rejasi tasdiqlanadi, ayniqsa xavfsizlik choralarini yuqori darajada ta’minlash ta’kidlanadi.
1968 yilda Kim Filbining “Mening maxfiy urushim” (“Moya taynaya voyna”) kitobi Nyu-Yorkda chop etilgan, asarda Buyuk Britaniya, AQSH va Kanada maxsus xizmatlari sharmandali holga tushirilgan edi. Buning ustiga u sovet matbuotida o‘z kitobi to‘g‘risida ma’lumotlar ulashishni davom ettirayotgan davrlar edi.
Nukus, Xiva, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon, Namangan, Buxoro, Navoiy, Zarafshon, Samarqand shaharlari galma-galdan keziladi. Kitob muallifining ta’kidlashicha, bu qisqa safar davomida afsonaviy razvedkachining xulq-atvorini o‘rganishga, dunyo josuslik tajribasidan xabardor bo‘lishga muvaffaq bo‘ladi. Uning har bir harakati, yurish-turishidan, gap-so‘zidan ma’no chiqarish mumkin. Uning dunyoqarashi nihoyatda keng, yangilikda oshufta, vaqt ziqligiga qaramay o‘zini qiziqtirgan savollarga to‘la javob olmaguncha suhbatdoshlariga sirayam tinchlik bermaydigan xilidan ekan.
Marg‘ilondagi “Atlas” fabrikasini kezish chog‘ida matoni tayyorlash ta’rifini ipidan ignasigacha to‘la tushunib yetmaguncha u yerdan chiqib ketmaydi.
Buxoroda misgarning ustaxonasida yaralayotgan simfoniya – “taqa-tuq”, “taq-tuq” musiqasiga mahliyo bo‘ladi. Sharif shahardagi tarixiy obidalarining yaratilishi bilan astoydil qiziqadi.
Zardo‘zchi qizlarning matolar, to‘nlar, palaklar va boshqa buyumlarning to‘qilish jarayonini zavq bilan tomosha qiladi.
Razvedkachi Xivada Jaloliddin Manguberdi va Chingizxon o‘rtasida sodir bo‘lgan voqealarni juda yaxshi bilishi bilan bu safar gid-tarjimonlarni shoshirtirib qo‘yadi. Xorazmlik shoir, faylasuf, adolat kurashchisi Pahlovon Mahmud to‘g‘risidagi hikoyani maroq bilan eshitib, bu tarixiy maqbaradan uzoq vaqtgacha chiqolmay qoladi.
Samarqand obidalarini sinchiklab ko‘zdan kechirar ekan, Filbilar oilasi zavqlarini yashirolmay, o‘zaro allanimalar to‘g‘risida uzoq-uzoq gaplashishgan edi.
Siyob bozoridagi nonlar rastasi uni maftun etadi! Bu kabi xilma-xil non mahsulotlarini avval hech qayerda ko‘rmagan eru-xotinlarning og‘zi yopilmay qoldi. Ular non yaratilishi, nonvoylarning tarixi va ta’rifi bilan astoydil qiziqishdi.
Kim Filbi kamtar, kamsuqum, ortiqcha mulozamatlardan qochadigan, kam gap, sermulohazali inson! Toshkentga Nukusga harakatlanish oldidan unga samolyotga birinchi bo‘lib chiqishga lutf ko‘rsatishadi. Bunday xushomadni rad etib, aeroportda o‘ziga nisbatan el qatori xizmat ko‘rsatishga chaqiradi. E’tirozdan to‘g‘ri xulosa chiqarilib, Nukusga va umuman boshqa shaharlarda uni bunday tantanali kutib olish marosimlari bekor qilindi.
Uzundan-uzun madhiyabozlikdan ham osonlikcha voz kechildi. Toshkentdagi ilk ziyofatda davraboshining balandparvoz gapini kesib, “bo‘ldi, yetar endi, meni maqtamanglar” qabilida yo‘l tutib, “O‘rtoqlar, kelinglar, yaxshisi mehnatkash va mehmondo‘st o‘zbek xalqi uchun qadah ko‘taraylik”, deydi!
KAM UXLAB, KAM TANAVVUL QILIB, KAM SO‘ZLAYDI
Dunyo ko‘rgan, dunyo siyosatini o‘zgartirishga ma’lum ma’noda hissa qo‘shgan betakror razvedkachi oddiylikka intilgan, oddiy insonlar bilan suhbatdan olam-olam zavq olgan.
Samarqanddagi ana shunday ziyofatdan qochib chiqishga majbur bo‘lgan voqeasi ham kitobda bayon qilinadi. Dalada ko‘pkari o‘ynab, ot choptirib yurgan yigitlarning musobaqasini miriqib tomosha qiladi. O‘yin qoidalari, g‘olibni taqdirlash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni eshitib, yanada zavqlanadi. Sal narida esa cho‘pon bilan yuzlashadi. O‘zbekchilik, u ham darrov dasturxon yozib, xurjunidan non, turshak chiqaradi, bisotidagi bitta piyoladan termosdan quyilgan iliq choyni galma-gal ichib, maroqli suhbat qurishadi.
Boshqa bir ziyofat paytida laganda osh qolib ketadi, urfimizga amal qilish uchun osh oshatish marosimi o‘tkaziladi. Uni kuzatib yurgan hamrohlaridan ishoratli tasdiq olgach, mohir razvedkachi mezbonning qo‘lidagi oshni og‘ziga solib yuboradi.
Toshkent–Moskva poyezdida uyiga qaytishda vagon-restoranda atlas ko‘ylakli talaba o‘zbek qizlari bilan dildan suhbat quradi.
O‘zbekiston safari silliqina, bekamu-ko‘st o‘tdi deb bo‘lmaydi. Afsuski Filbining kayfiyatini buzadigan voqealar ham ro‘y beradi. Qo‘qonda mehmon sharofati uchun baliq ovi tashkil etiladi. Leonid Gaydayning “Javohir qo‘l” filmidan (1969 yilda chiqqan) andoza olgan ma’murlar qahramonimiz baliq ovlaydigan ko‘lga bir kun avval bir samosval baliq to‘kib ketadilar. Sinchkov razvedkachi ko‘l atrofidagi mashinaning izlari va suvdagi mo‘l—ko‘l baliqlarni ko‘rib, hafsalasi pir bo‘ladi, bu yasama “ko‘rgazma”dan esa xafa bo‘ladi.
Oltiariqda yana bir “tomosha” sodir bo‘ladi. Dalada mehmon huzurida kaklik otiladi va mahalliy rahbar tantanali ohangda “kakliq go‘shtidan palov” yeymiz, deydi. Dasturxonga esa tovuq go‘shtli osh keltiriladi... Bunday ko‘zbo‘yamachiliklarni ko‘raverib ko‘zi pishib ketgan razvedkachi bu soxtakorlikni ham birpasda fosh etadi.
Kitob muallifining alohida qayd etishicha, razvedkachi kam uxlab, kam tanavvul qilib, kam so‘zlaydiganlar xilidan ekan. Sahar soat 6 da turish qadimdan keladigan odati emish. Nonushtadan keyin matbuot bilan tanishilar, xat-hujjatlar bilan ishlar ekan.
Poyabzalini kiyishga hozirlash ham bir jarayon ekan. Saharlab uni yaraqlatib artish, moylashdan hech erinmaskan. Tuflisining ipini bog‘lash yana alohida bir “marosim”. Ipning ikki tomoni bir-biriga teppa-teng kelmaguncha qayta-qayta bog‘laverar ekan u jonivor. Bu jarayon ba’zan 10-15 daqiqaga cho‘zilib, bu orada hayolida Filbi kundalik ishlarining rejasini tuzib olishga ulgurar ekan.
Bo‘yniga qizil galstuk taqish azaliy odati emish. Bu mashhur insonning ko‘zlari hayratli ravishda yashil tusda ekan. Oppoq ko‘ylakning ustidan yashil rangli vilvet kostyum kiyib yurishni yoqtirar ekan, bu uni yanada salobatli, ko‘rkam qilib ko‘rsatar edi, deb eslaydi kitob muallifi.
KITOB NEGA KECH YOZILDI?
Endi tegirmon navbati «Afsonaviy razvedkachi bilan yonma-yon» kitobi muallifini tanishtirishga yetib keldi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati faxriysi, iste’fodagi polkovnik Sunnatilla Mirzaliyev Samarqand davlat universitetining chet tillar fakultetini 1962 yilda tamomlagan. Tibbiyot institutida domlalikdan keyin xavfsizlik idoralariga xizmatga chaqirtirilgan.
Endi bu omadni ko‘ring: o‘zbekning 30 yoshar bo‘z yigiti kimsan Kim Filbiga yo‘ldoshlik qilsa! Naqd uch hafta! Razvedkaning eshigidan endi kirib kelgan yosh xodimning baxti edi bu! O‘sha zamonda ona tildan tashqari rus va ingliz tillarida mukammal gaplashgan, respublikamiz bo‘ylab sayohatlarda turli toifa xalq vakillariga afsonaviy razvedkachi bilan muloqotlarda tilmochlik qilgan!
Suhbatlarimizning birida kitob muallifi Kim Filbiga uch hafta hamrohlik qilish yosh razvedkachimiz uchun hayot maktabini o‘taganini aytib bergan edi. Bu maktabda olgan saboqlari keyinchalik S.Mirzaliyevning Eron, Afg‘oniston, Turkiya va janubiy sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi faoliyatlarida anchagina qo‘l keladi.
Bugun kitobxonlarni qiziqtirgan savolni men ham unga bergan edim: kitob nega kech yozildi?
– Asarning rus tilidagi qo‘lyozmasi ancha yillar yozib tugatilgan edi. Ammo Filbi haqidagi ko‘plab materiallar maxfiy grif ostida saqlanayotgan edi. Dunyo tanigan va dunyo e’tirof etgan afsonaviy razvedkachi to‘g‘risida yozish faqatgina respublikamiz ixtiyori bilan bog‘liq emas edi!..
Sunnatilla akaning aytishicha, Filbi bilan asosan ingliz tilida gaplashishgan. Ba’zan suhbatlar turk tilida, ba’zan arab tilida davom ettirilgan. Razvedkachi rus tilini ham yaxshi bilar edi, ammo u rus tilda gaplashishni istamasdi.
Tarixdan ma’lumki, Amir Temurni yoqtirmagan Ibn Arabshoh o‘zi bilmagan va o‘zi istamagan tarzda hali hech kim bitmagan, qo‘l urmagan va jur’at eta olmagan mavzuni yoritib, kelgusi avlod uchun qimmatli guvohliklar qoldirgan edi.
Amir Temurning maxsus xizmati to‘g‘risida Sohibqironning zamondoshi Ibn Arabshoh eng xolis ma’lumotlarni beradi. U barcha tomonga ayg‘oqchilarini jo‘natib, qolgan mulklariga esa josuslarini qo‘ygan edi.
– Ular dunyodagi turli vaziyatlar va yetti iqlimning har bir qarich yerida sodir bo‘lgan omonlig-u xavf xatar, adolat-u haqsizlik, arzonligu qimmatchilik, noxushlik ham shifo topish va keyinchalik yuz beradigan boshqa ishlar to‘g‘risida hukm chiqarar edilar.
Demak, o‘zbeklarning razvedka tarixi Amir Temur davridan boshlanib, bugungi kunda ham maxsus xizmatlar faoliyati muvaffaqiyatli davom etmoqda. So‘nggi yillarda davlatimizda hukm surayotgan emin-erkinlik shabadasi tufayli xalqimiz o‘zining shonli qahramonlari – razvedkachilarimiz to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda.
«Afsonaviy razvedkachi bilan yonma-yon» kitobi shu yil G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyida bosilib chiqdi. Sunnatilla ustoz shu yilning boshida 80 yoshlarini munosib nishonladi. Kitob esa o‘zlari uchun munosib sovg‘a bo‘ldi.
Sunnatilla Mirzaliyev hali ham yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishida faol. U kishi DXXning Faxriylar kengashi a’zosi. Kelajakda u kishining bevosita xizmat faoliyatlari to‘g‘risida suhbatlashish niyatimiz bor. Ungacha esa ustozga mustahkam sog‘liq-salomatlik tilab turaylik!
Abror G‘ulomov, xalqaro sharhlovchi