Kichkintoylarga Prezident sovgʻasi ulashildi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahridagi “Xalqlar doʻstligi” xiyobonida “Prezident archasi” tadbiri boʻlib oʻtdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahridagi “Xalqlar doʻstligi” xiyobonida “Prezident archasi” tadbiri boʻlib oʻtdi.
Tadbirga Xoʻjaylidagi 1-“Mehribonlik uyi”ning 130 nafar tarbiyalanuvchisi taklif etildi. Chiroyli bezatilgan archa atrofida Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlari ishtirokidagi teatrlashtirilgan tomoshalar davomida bolajonlarga Prezident sovgʻalari ulashildi. Sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar tadbirga yanada fayz bagʻishladi.
Mana shunday tadbir Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqa teatrida ham boʻlib oʻtdi. Tadbirga ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilaning 90 nafar farzandi taklif etildi. Teatr jamoasi tomonidan namoyish etilgan bayram tomoshalari bolajonlarga bir olam zavq-shavq ulashdi. Kichkintoylarga Prezidentimiz sovgʻasi tantanali ravishda topshirildi.
– Biz hamisha davlatimiz rahbarining eʼtibori hamda gʻamxoʻrligidamiz,– deydi Xoʻjayli tumanidagi 1-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Rano Karamova.– Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi bayrami va yangi oʻquv yili arafasida bizga “Prezident sovgʻasi” – “Gazel” avtomashinasi topshirildi. Mehribonlik uyining “Tong gʻunchalari” dastasi 2018-yilning sentyabr oyida Janubiy Koreyada milliy sanʼatimizni namoyish etib qaytgan boʻlsa, joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro iqtidorli bolalar festivalida Gran Pri mukofotiga sazovor boʻldi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M. Yerniyazov ishtirok etib, bolajonlarni Yangi yil bilan qutladi.
“Prezident archasi” tadbiri Orolboʻyining barcha tumanlarida davom etmoqda.