Kichik xonadondan boshlangan katta imkoniyatlar
Mamlakatimizda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, oilaviy biznesni qo‘llab-quvvatlash va xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Bugun yurtimizning chekka hududlarida ham kichik tashabbuslar yangi ish o‘rinlari, barqaror daromad manbalari va mahalliy ishlab chiqarishning o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Tomdi tumanining Sharq ovulida istiqomat qiluvchi tadbirkor Nafisa Shodiyeva ana shunday tashabbuskor ayollardan biri. U o‘z xonadonida ko‘rpa-qovush ishlab chiqarish sexini tashkil etib, samarali faoliyat olib bormoqda.
Bugungi kunda mazkur kichik ishlab chiqarish maskanida mahsulotlarni tayyorlash, qayta ishlash va qadoqlash jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Natijada aholi ehtiyoji mahalliy mahsulotlar hisobiga qondirilib, ichki bozorga sifatli mahsulotlar yetkazib berilmoqda.
– So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun moliyaviy va institutsional imkoniyatlar kengayib bormoqda, – deydi N.Shodiyeva. – Men ham ana shu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda xonadonimizdan ishlab chiqarish sexi ochdim. Bugungi kunda nafaqat daromad topmoqdaman, balki “Ayollar daftari”ga kiritilgan bir necha nafar xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlaganman. Ular mehnat qilish barobarida kasb-hunar o‘rganib, tajriba orttirmoqda va o‘z oilalarining iqtisodiy barqarorligiga hissa qo‘shmoqda.
Nafisa Shodiyevaning ta’kidlashicha, katta natijalarga erishish uchun yirik korxonaga ega bo‘lish shart emas. Eng muhimi tashabbus, mehnatsevarlik va yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishdir. Ana shunday fidoyi tadbirkorlar faoliyati tufayli Tomdi tumanida xotin-qizlar tadbirkorligi rivojlanib, aholi bandligi ta’minlanmoqda, mahalliy iqtisodiyot esa tobora mustahkamlanib bormoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA