Kichik va mikro GESlar qurilishida tadbirkorlarga qanday imkoniyatlar yaratilmoqda?
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “UzHydroPower” zavodida “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Unda “O‘zbekgidroenergo” tizimidagi “Gidroproyekt” AJ va boshqa tashkilotlar mas’ullari, “Turonbank” ATB mutasaddilari hamda 20 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etdi. Muloqotda gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish, kichik va mikro GESlar qurilishini kengaytirish, shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida xususiy sektor ishtirokini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Islom Abdurahmonovning ta’kidlashicha, Prezidentimiz tashabbusi va qo‘llab-quvvatlovi asosida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan gidroenergetika sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish, kichik va mikro GESlar qurilishini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, xususiy sektor vakillari hamda tadbirkorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shunga ko‘ra, muloqot avvalida sohada amalga oshirilayotgan ishlar, istiqbolli loyihalar, kichik va mikro GESlar qurilishi, mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tadbirkorlarga kichik va mikro GESlar uchun maqbul hududlarni aniqlash, loyihalashtirish, texnik yechimlarni tanlash, zarur gidroagregat, turbina va generatorlarni yetkazib berish, qurilish-montaj ishlarini tashkil etish hamda ob’ektlarni ishga tushirishga qadar bo‘lgan barcha bosqichlar bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi.
Muloqot davomida tadbirkorlar ham o‘z loyihalarini amalga oshirishda duch kelayotgan masalalarni mutasaddilar bilan muhokama qilib, ularni hal etish yuzasidan takliflarini bildirdi. Soha mutaxassislari esa loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, texnik talablarni belgilash, uskunalarni tanlash va yetkazib berish, qurilish-montaj ishlari, ob’ektlarni ishga tushirish hamda loyihalarni moliyalashtirishga oid savollarga aniq va amaliy javoblar berdi.

Shuningdek, Turonbank vakillari tomonidan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlardan foydalanish imkoniyatlari, moliyalashtirish shartlari va zarur tartib-taomillar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvda “O‘zbekgidroenergo” AJ xususiy sektor vakillarining tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, loyihalarni ishlab chiqishdan tortib, ularni to‘liq ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda zarur tashkiliy, texnik va amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Yuzaga kelayotgan masalalarni joyida o‘rganish va ularga amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Muloqot doirasida ishtirokchilar “UzHydroPower” zavodining ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishdi. Ma’lum qilinishicha, Xitoyning “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur qo‘shma korxona quvvati 1 kVtdan 40 MVtgacha bo‘lgan zamonaviy gidroagregatlar, turbinalar, generatorlar, suv nasos agregatlari hamda suv omborlari uchun metall konstruksiyalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Zavodning mahalliy ishlab chiqarish salohiyati esa kichik va mikro GES loyihalarini zamonaviy, sifatli va raqobatbardosh uskunalar bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Muloqot yakunida tadbirkorlarning taklif va murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqilib, ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha amaliy yechimlar belgilab olindi. Mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA