Kichik sanoat xonadonlarga kirib bormoqda
Joriy yilning 5-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining o‘rinbosari Zafar Mustafaqulovning mazkur qaror yuzasidan fikrlariga qiziqdik.
– Bugungi islohotlar natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 99 foizidan ortig‘i fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer maydonlarida yetishtirilmoqda, – deya fikrini boshlaydi Zafar Mustafaqulov.
Prezidentimizning «Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida 2024-yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish va aholining mazkur sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun 54 ta tumanda namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etiladi.
Shuningdek, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 51 ta tumanda meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi.
Ma’lumki, yurtimizda kichik biznesni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan qarorga ko‘ra, ayni sohani qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida ishlab chiqarishga oid loyihalar bilan bir qatorda, 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi, mahsulot yetishtirish bilan bog‘liq loyihalarga, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bundan mustasno.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishda muzlatkichli omborxona, tayyor holda issiqxona, qadoqlash, quritish va qayta ishlash sexlari aholiga 12 oyga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi.
Aholi orasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ham alohida imkoniyatlar ham ayni qarorda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Jumladan bunday shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga xonadonlarda biogumus tayyorlash faoliyati kiritiladi.
2024 yilda12 ta yo‘nalishda tumanlarni eksportbop va serdaromad ekinlar ekishga, shuningdek, kichik ishlab chiqarish va mahsulot yetishtirishga va 43 ta tuman eksportbop ekinlar yetishtirishga ixtisoslashtiriladi va 10 tadan eksportyorlar biriktiriladi.
Bu ishlar O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birga amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Bu yo‘nalishdagi maqsadlardan kelib chiqib, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2024-yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish uchun 54 ta tumanda namunaviy o‘quv-tajriba maydonlarida qishloq xo‘jaligi korxonalarining, tomorqa yer egalarining bilim va ko‘nikmalarini oshirib boradi.
Qayd etish lozim bo‘lgan yana bir jihat — 2024-yil yakuniga qadar meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 51 ta tumanda meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi. Ushbu muzlatkichli omborxona, tayyor holda issiqxona, qadoqlash, quritish va qayta ishlash sexlarini aholiga 12 oyga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2024-yilda aholi tomorqa yer uchastkalarida bahorgi (ertagi), takroriy (o‘rtangi) va to‘qsonbosti usulida ekinlar ekish, jumladan, 252 ming gektar maydonga uch marta hosil olish prognoz qilinmoqda.
Ma’lumki, aholi tomorqalariga xizmat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida «Tomorqa xizmati YATT» tadbirkorlik subyektlarini tashkil etishga ruxsat berildi. Endilikda, «Tomorqa xizmati» YATTlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha besh nafargacha xodimlarni yollashi, ish bilan ta’minlashi mumkin.
Bu yo‘nalishda zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, «Online-mahalla» elektron platformasida alohida «Aholi tomorqasi» moduli yaratilgan.
Hokim yordamchilari, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari mahallalarda uyma-uy yurish orqali yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, issiqxonalar hamda tomorqadan samarali foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har olti oyda unga kiritib boradi.
O‘zbekiston zamini ko‘plab sohalar kabi chorvachilik, baliqchilik va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar uchun qulay bo‘lgani bois qarorga asosan, chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish va «dala do‘konlari»ni qurish uchun — 1-yilgacha imtiyozli davr bilan 3-yil muddatga kridetlar berilishi nazarda tutilgan.
Bog‘dorchilik (ko‘chatchilik), uzumchilik (tok so‘risi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish, bino va inshootlar qurish, ko‘chma muzlatkichlarni o‘rnatish, artezian quduqlarini qazish uchun — 3-yilgacha imtiyozli davr bilan 7-yilgacha muddatga kreditlar taqdim etiladi.
– Shu o‘rinda savol tug‘iladi: agrar sohaga texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha qanday imtiyozlar berilmoqda?
– Darhaqiqat, qaror bilan mamlakatimizga olib kirilayotgan motokultivatorlar, bir o‘qli traktorlar va minitraktorlar uchun bojxona boji undirilmaydigan bo‘ldi. Shuningdek, 2027-yil 1-yanvarga qadar motokultivatorlar, bir o‘qli traktorlar va minitraktorlarni olib kirishda bojxona bojining nol stavkalari belgilandi.
Marhabo MADAMINOVA, O‘zA