Kichik korxonaning sifatli sport jihozlari
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan sport tovarlariga bo‘lgan talab va ehtiyojni oshiradi.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan sport tovarlariga bo‘lgan talab va ehtiyojni oshiradi. Mazkur yo‘nalish, ya’ni sport muassasalari hamda aholini sifatli sport anjomlari bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi “Quvvatul-ul kamol” xususiy korxonasi faoliyati bunga yorqin misoldir. Bu yerda kurashchilar uchun maxsus kiyimlar, kimono, boks qo‘lqopi, shlem, voleybol va basketbol to‘plari kabi 25 turdagi jihozlar ishlab chiqarilmoqda. Ularning sifati va dizayniga alohida e’tibor qaratilayotgani bois korxona mahsulotlari xaridorgir.
– Mahsulotlarimizga talab tobora ortib bormoqda, – deydi “Quvvat-ul kamol” xususiy firmasi rahbari Navro‘zbek Hamroqulov. – Shunga monand mahsulot sifatini pasaytirmagan holda, ishlab chiqarish hajmini imkon qadar oshirishga harakat qilmoqdamiz. Korxonamiz qoshida firma do‘koni tashkil etilib, shu yerning o‘zida mahsulotlar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan. O‘ttizdan ziyod kishi mehnat qilayotgan jamoamizning aksariyat qismi yoshlardir.
O‘tgan yili korxonada 110 million so‘mlikdan ziyod tovar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni yanada oshirish kutilmoqda. Mahsulot eksporti bo‘yicha ham tegishli choralar ko‘rilayotir.
– Chinobod qurilish kasb-hunar kollejini bitirib, shu yerga ishga kirdim, – deydi Yayra Habibullayeva. – Vatanimiz sharafini xalqaro miqyosda ulug‘layotgan sportchilarimiz foydalanayotgan jihozlar tayyorlanishida mening ham hissam borligidan faxrlanaman.
Korxona faoliyatining barqarorligini ta’minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor, yaratib berilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar muhim omil bo‘lmoqda.