Kichik davlatning katta qudrati
Fors koʻrfazida maydoni jihatidan juda ham kichik, ammo jahonda oʻz oʻrni va nufuziga ega boʻlgan – rasmiy nomi arab tilida Al-Emirat al-Arabiya al-Muttahida deb nomlanuvchi Birlashgan Arab Amirliklari bor
Fors koʻrfazida maydoni jihatidan juda ham kichik, ammo jahonda oʻz oʻrni va nufuziga ega boʻlgan – rasmiy nomi arab tilida Al-Emirat al-Arabiya al-Muttahida deb nomlanuvchi Birlashgan Arab Amirliklari bor. 1971 yilning 2 dekabr kuni Oʻmon shartnomasiga kirgan yettita amirlikning oltitasi Birlashgan Arab Amirliklari nomi ostida davlat tuzilganini eʼlon qildi. Yettinchi – Ras al-Xayma amirligi 1972 yilda bu davlatga qoʻshildi. BAA Janubiy-gʻarbiy Osiyoda, Arab yarim orolining sharqida, Fors va Oʻmon koʻrfazlarida joylashgan federativ davlatdir. Shimolda Qatar, janub va janubiy-gʻarbda Saudiya Arabistoni, shimoliy-sharq va janubiy sharqda Oʻmon bilan chegaradosh. BAA tarkibiga Abu-Dabi, Dubay, Sharja, Ajman, Ras al-Xayma, Umm al-Quvayn, Al-Fujayra amirliklari kiradi. Quruqlikdagi chegaralar choʻllardan oʻtgani bois aniq belgilab qoʻyilmagan.
Mustaqillik neft va neft mahsulotlarining narxi jahon bozorida keskin oshib ketgan bir vaqtga toʻgʻri kelib qoldi. Bu yangi davlatning mustaqil ravishda iqtisodiy va tashqi siyosat sohasida mustaqil qadam tashlashini yengillashtirdi. Neftdan tushgan daromadlarning oqilona ishlatilgani, qishloq xoʻjaligi, sanoat va taʼlimga mablagʻlarni joylashtira bilgani tufayli amirlik qisqa muddatlarda iqtisodiy farovonlikka erishdi.

Mamlakat neft va tabiiy gazga boy. Neft zaxirasi 12 330 million tonna (bu jahon zaxiralarining 10 foizga yaqini demak) deya baholanadi. Tabiiy gaz zaxirasi 5794 milliard kub metrni tashkil qiladi. Tabiiy gaz zaxiralari boʻyicha BAA Rossiya, Eron va Qatardan keyin toʻrtinchi oʻrinda turadi. Shuningdek, boshqa tabiiy boyliklar ham bor. Mamlakat gʻarbida uzumzorlar, xurmozorlar bor, shuningdek, mango, banan, limon, gʻalla yetishtiriladi. Togʻ va choʻllarda tuyalar, ohularni uchratish mumkin, Fors koʻrfazi suvlarida baliqlarning koʻplab turlari va marvaridlar bor.
1968 yildan 2003 yilga qadar mamlakat aholisi xorijdan ish kuchlari kelishi munosabati bilan 20 barobar koʻpaydi. 2003 yilda BAAning umumiy aholisi 3,7 million kishiga yetdi. Hozir BAA aholisi taxminan 9,3 million kishidan iborat, shundan atigi uchdan bir qismini etnik arablar tashkil qiladi. Poytaxti – Abu-Dabi. Ayni damda mamlakat aholisining 33 foizini ayollar tashkil qiladi, chunki xorijlik ishchilar oilasini oʻz yurtlariga tashlab kelishni afzal bilishadi. 1990 yilda mamlakatda tugʻilish koʻpaygan, oʻlim darajasi pasaygan yil sifatida tarixda qoldi. BAAda oʻrtacha umr koʻrish 74 yosh (erkaklar 72, ayollar 77 yosh) deya aytiladi. Mamlakat aholisining 80 foizga yaqinini boshqa mamlakatdan kelganlar tashkil qiladi. 2000 yilda etnik arablar umumiy aholining 48,1 foiz (shundan BAA arablari – 12,2 foiz, beduinlar – 9,4 foiz, Misr arablari – 6,2 foiz, Ummon arablari – 4,1 foiz, Saudiya arablari – 4 foiz)ni, Janubiy Osiyo mamlakatlaridan kelganlar – 35,7 foiz, eronliklar – 5, filippinliklar – 3,4, yevropaliklar – 2,4, boshqa mamlakatdan kelganlar – 5,4 foizni tashkil qilardi. Turli maʼlumotlarga qaraganda BAA fuqarolari umumiy aholining 25 foizdan oshmagan. Shu bilan birga Hindiston (1,2 million) va Pokistondan kelgan fuqarolar soni ham birmuncha oshdi.

Iqtisodiy faol aholining 73,9 foizi xorijiy ishchi kuchlardir. Xodimlarning 78 foizi xizmat koʻrsatish sohasida, 15 foizi sanoatda, 7 foizi qishloq xoʻjaligida mehnat qiladi. 1990-yillar oxirlaridan boshlab sanoat va qishloq xoʻjaligida ishlovchilar soni kamayib borayotgani kuzatilmoqda. 2002 yildan boshlab hukumat “kadrlarni almashinuvi” siyosatini olib bormoqda. Kadrlar siyosatini isloh qilish doirasida hukumat muassasalarining 90 foizgacha, iqtisodiy va moliya tashkilotlarining 80 foizgacha, sud idoralarining 60 foizgacha boʻlgan kadrlarni BAA fuqarolari hisobidan taʼminlash koʻzda tutilgan. Shu bilan bir vaqtda xorijiy ishchi kuchlar oqimini kamaytirish masalasida choralar koʻrilmoqda.
Aholining katta qismi vodiy va sohilboʻylarida istiqomat qilishni afzal koʻrishadi. Shaharlarda umumiy aholining 84 foizi istiqomat qiladi. Choʻl hududlarida qadimdan yashab kelayotgan koʻchmanchi, yarim koʻchmanchi va oʻtroq arab va beduinlarni uchratish mumkin. Davlat tili arab tili hisoblanadi. Muhojirlar hindu, urdu, shuningdek, malay, pushtun, fors tillarida gaplashadi. Koʻp hollarda ular ingliz tilidan foydalanadi.

BAA federativ davlat hisoblanadi. Federatsiya tarkibiga kiruvchi har bir amirlik mutlaq monarxiya hisoblanib, oʻzida mustaqil boshqaruv huquqini saqlab qolgan. Federal hukumat idoralari quyidagicha: Oliy federal kengash, davlat rahbari va uning oʻrinbosari, Vazirlar Kengashi, Milliy federal yigʻin, Oliy federal sud.
1971 yilgi (1976 yilda oʻzgartirilgan) konstitutsiyaga koʻra, davlat hokimiyatining oliy organi yettita amirlik hukmdoridan iborat Oliy federal kengash hisoblanadi. Katta vakolatlarga ega boʻlgan kengash bir yilda 4 marta toʻplanadi. Kengash xalqaro shartnomalar va bitimlarni ratifikatsiya qiladi, favqulodda holat joriy qiladi va bekor qiladi, Oliy federal sud raisi va aʼzolarni tayinlaydi, federal siyosatni belgilaydi, federatsiya ishlari ustidan nazorat qiladi, federal qonunlarni tasdiqlaydi, prezident, vitse-prezident, Vazirlar mahkamasi raisi, Oliy sud raisi va Oliy sud aʼzolarini tasdiqlaydi va ularning har birining isteʼfosini qabul qiladi.

Har 5 yilda Oliy kengash oʻz tarkibidan federatsiya rahbari va uning oʻrinbosari – prezident va vitse-prezidentni saylaydi. Konstitutsiya davlat rahbariga qonun chiqarish va ijroiya huquqlarini beradi. Prezident har qanday qarorga veto qoʻyish huquqiga ega. U har qanday masala boʻyicha farmon va qarorlarni imzolashi mumkin.
Ijroiya hokimiyat Prezident tomonidan tayinlanadigan 21 nafar vazir va bir nafar bosh vazir oʻrinbosaridan tashkil topgan Vazirlar Kengashidan iborat.
Maslahat organi bir palatali Milliy Federal yigʻindan tashkil topgan. Uning tarkibiga amirliklar hukmdorlari tomonidan 2 yil muddatga tayinlanadigan 40 nafar vakil kiritilgan: 8 nafar deputat Abu-Dabi va Dubay (veto huquqiga ega)dan, 6 tadan Sharja va Ras al-Xayma, 4 tadan Ajman, Umm al-Quvayn va Al-Fujayradan. Har bir amirlik parlamentga deputatlarni oʻz xohishiga koʻra tanlaydi.

Milliy yigʻin qonun tashabbuskorligi huquqiga ega emas, faqat Vazirlar Mahkamasi tomonidan ilgari surilgan qonun loyihalarini koʻrib chiqadi, xolos. Konstitutsiya sud hokimiyati mustaqilligini kafolatlaydi.
Federal hokimiyat bilan bir qatorda amirliklarda mahalliy boshqaruv organlari faoliyat yuritadi. Amirliklar boshida meros sifatida hokimiyatni olgan monarxlar (shayxlar yoki amirlar) turadi. Anʼanaga binoan, hokimiyat hukmdorning katta oʻgʻliga oʻtadi, ammo hukmdor sulola vakillaridan boshqa qarindoshlarni merosxoʻr sifatida tanlashi mumkin. Amirliklarning har bir hukmdori Federal hukumat vakolatiga kirmaydigan ichki va tashqi masalalarda mustaqil faoliyat yuritishi mumkin. Amirliklarda rasman maʼmuriy hududiy boʻlinishlar yoʻq. Faqat Abu-Dabi uchta tumanga boʻlingan.
BAA – BMT, Arab davlatlari ligasi, Qoʻshilmaslik harakati, Islom konferensiyasi tashkiloti va boshqa tashkilotlarga aʼzo. Mamlakat tashkil topganidan boshlab “mutlaq betaraf” mavqeni egallab keladi.
BAA ochiq iqtisodiy siyosat oʻtkazgani bois aholi jon boshiga hisoblaganda daromadi ancha yuqori hisoblanadi. 1973 yildan boshlab BAA mintaqadagi eng qashshoq choʻl mamlakatidan aholisining turmush darajasi yuksak boʻlgan zamonaviy rivojlangan davlatga aylandi.
Xorij kapitalini jalb qilish maqsadida 1985 yilda Dubay amirligidagi Jabal Ali porti atrofida erkin iqtisodiy zona yaratildi. Bu yerda 2300 ta kompaniya faoliyat yuritadi, ularning toʻrtdan bir qismini oʻrta va kichik sanoat kompaniyalari tashkil qiladi. Jabal Alidagi muvaffaqiyatli eksperiment BAA hukumatini yangidan-yangi erkin iqtisodiy hududlarni yaratishga undadi. Ayni damda BAA hududlarida toʻqqizta erkin iqtisodiy hudud faoliyat yuritadi.
BAA eksporti asosan neft va neft mahsulotlaridan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida oʻrnatilgan diplomatik aloqalar chorak asrdan ziyod tarixga ega. Bugungi kunda mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Bu jarayon keyingi yillarda yanada faollashdi. Yurtimizda BAA sarmoyasi ishtirokida 100 ta korxona tashkil etilgan boʻlib, ular sanoatning koʻplab tarmoqlarida faoliyat koʻrsatmoqda.
1 mart kuni Abu-Dabi shahrida boʻlib oʻtgan ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlarining muzokaralari davomi sifatida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.