Kichik biznes uskunalari ko‘rgazmasi
Poytaxtimizdagi “Ko‘rgazma savdo markazi” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan “Kichik biznes mahsulotlari va uskunalari” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi.
Poytaxtimizdagi “Ko‘rgazma savdo markazi” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan “Kichik biznes mahsulotlari va uskunalari” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi.
Uning ochilish marosimida bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlayotgan va raqobat muhitini shakllantirayotgan kichik biznes iqtisodiyotimizning yuqori sur’atlar bilan yanada rivojlanishiga ko‘maklashayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 7-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari uchun rag‘bat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazmalar bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, qulay investitsiya muhitini shakllantirishga qaratilgan ushbu ko‘rgazmalarda O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishning keng imkoniyatlari namoyish etilmoqda. “Kichik biznes mahsulotlari va uskunalari” xalqaro ko‘rgazmasi ham buning yorqin tasdig‘idir.
Mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari stendlari ko‘rgazmaga kelganlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Masalan, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlari, tabiiy xomashyodan tayyorlangan poyabzallar yuqori baholanmoqda.
Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan Xitoy Xalq Respublikasining ellikdan ziyod yetakchi kompaniyasi oziq-ovqat, mebel, to‘qimachilik sanoati tovar va uskunalari, qurilish materiallari, elektr jihozlar va boshqa mahsulotlar namunalarini namoyish etmoqda.
“O‘zbek-Xitoy savdo uyi” kompaniyalari guruhi ko‘rgazmaning faol ishtirokchilaridan biridir. Mazkur guruhning asosiy faoliyati texnologik uskunalar haqida ma’lumotlar topishga ko‘maklashish, mamlakatimizga keltiriladigan yuklarni yetkazib berishni tashkil etish, turizm, logistika, konsalting, lizing va boshqa xizmat turlarini taqdim etishga qaratilgan.
Avtomobil, yo‘l chiroqlari va quyosh energiyasida ishlaydigan boshqa priborlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Xuande” kompaniyasi stendi ham ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda. Bu yerda quyosh panellari, telefon quvvat olish qurilmalari, bolalar o‘yinchoqlari bilan tanishish mumkin.
Ko‘rgazma doirasida davra suhbatlari, taqdimotlar, mahorat saboqlari va amaliy muzokaralar tashkil etiladi.