Kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar kamaydi
Jizzax viloyatida kiberjinoyatchilikni oldini olish va fuqarolarni undan ogoh etishga qaratilgan “Cyber month” oyligi yakuniga yetdi. Jizzax shahridagi kibersport arenasida ushbu oylikda faol qatnashgan targ‘ibotchilarni rag‘batlantirish maqsadida tadbir tashkil etildi.
– Har bir ishda targ‘ibot muhim o‘rin tutadi va 11 ta yo‘nalishda o‘tkazilgan tadbir, videoroliklar tanlovi aholining tushunchalarini orttirishda, ogoh bo‘lishda muhim ahamiyat kasb etganligini alohida qayd etgan bo‘lardim, – deydi Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akmal Savurboyev. Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida viloyatda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tadbirlarini o‘tkazish belgilanib, ushbu yo‘nalishdagi ishlarning tartibga solinishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu o‘rinda, viloyatda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazib kelinayotganini, joriy yilda ham ushbu oylik tadbirlari Jizzax namunasi asosida butun respublikamiz miqyosida o‘tkazilganini ham ta’kidlash lozim.
[gallery-18564]
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1 iyul holatiga Jizzax viloyat huquqni muhofaza qilish organlariga bank kartalari bilan bog‘liq 548 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 207 taga (341 / 548) ko‘paygan. Sodir etilgan holatlar oqibatida fuqarolarga jami 2 milliard 199 million so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Shundan, bugungi kunga qadar, 1 milliard 18 million so‘m undirilgan bo‘lsa, 1 milliard 181 million so‘m undirilmagan.
Bu yilgi “Cyber month” oyligi doirasida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida mazkur yo‘nalishda murojaatlar soni joriy yilning yanvar – may oylariga nisbatan iyul oyiga kelib, 70 foiz kamayishiga erishilgan. Joriy yilning may oyida 181 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, iyul oyida murojaatlar soni 40 tani tashkil etgan. Firibgarlik bilan bog‘liq, ya’ni fuqarolar kiber firibgarlarning aldoviga uchib, soxta bank kartalariga pul o‘tkazib berish bilan bog‘liq murojaatlar iyul oyida qayd etilmagan.
“Cyber month” oyligi yakuniga bag‘ishlangan anjumanda – 11 ta yo‘nalishda o‘tkazilgan tadbir, videoroliklar tanlovida faol ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar va fuqarolar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.