Kiberjinoyatchilar qurboniga aylanib qolmang
Bugungi kunda kiberjinoyatchilar tuzog‘iga tushib qolib, plastik kartalaridagi pul mablag‘laridan ajralayotganlar haqidagi xabarlar tez-tez qulog‘imizga chalinmoqda. Eng yomoni bunday kiberfiribgarlar domiga tushayotganlarning katta qismi keksa yoshdagi pensionerlar bo‘lmoqda. Bunday jinoyatlarning asosiy qismi esa internet tarmog‘i orqali amalga oshiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda sayyoramiz aholisining 62,5 foizi yoki 4,95 milliard kishi internetdan foydalanib keladi. Statistikaga ko‘ra, yer yuzida har 39 soniyada kiber xavfsizlikka qarshi hujum sodir etiladi. Hisob-kitoblarga qaraganda 2020 yilda kiber jinoyatlar oqibatida jahon iqtisodiyotiga 1 trillion, 2022 yilda esa 6 trillion AQSH dollaridan ortiq zarar yetkazilgan. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 10,5 trillion AQSH dollaridan ziyodni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.
Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil noyabr holatida muomaladagi bank kartalari soni 54,9 million donani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning yanvar holatida – 46,2 million dona, 2023 yil yanvarida esa 34,2 million dona bo‘lgan. Ya’ni har bir kishiga 1,5 tadan yoki har bir mehnatga layoqatli fuqaroga 2,8 tadan plastik karta to‘g‘ri kelmoqda. Bugungi kunda bank kartalariga ega jismoniy shaxslarning qariyb 97 foizida (22 million nafar) 5 tagacha, 3 foiz (770 ming nafar) jismoniy shaxsda 5-20 tagacha hamda 0,03 foizda yoki 7 ming nafar jismoniy shaxsda 20 tadan oshiq bank kartalari rasmiylashtirilgan.
Yuqoridagi raqamlardan bilish mumkinki, bugungi kunga kelib kiberjinoyatlarning soni kundan-kunga ortib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, kiberjinoyatchilar 2024 yil yakuniga kelib fuqarolarni ishontirishda 62 xil firibgarlik usulidan foydalanganliklari ma’lum bo‘ldi. Qashqadaryo viloyatida ushbu firibgarlik usullarining 30 tasi kuzatildi. O‘zini markaziy bank yoki kiberxavfsizlik xodimi sifatida tanishtirish firibgarlikning bor yo‘g‘i bitta usuli xolos. Endi o‘ylab ko‘ring, biz nechta firibgarlik usullaridan xabardormiz, kibersavodxonligimiz qay darajada?
– Hozirgi eng ko‘p qo‘llanilayotgan usullar bu “Telegram” messenjeridagi “Video sen bilan”, “Videodagi senmi?”, “Yoshlikdagi videolaringni ko‘rib qoldim” kabi nomlar ostida tarqatilayotgan zararli (.apk) ilovalar va fishing havolalar orqali sodir etilmoqda, – deydi Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi tezkor-qidiruv xizmati kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i, kapitan Akrom Ubaydullayev. – Fuqarolarga yetkazilgan zararning 67 foizi aynan (.apk) ilovalar orqali kelib chiqqan. 2024 yil yakuniga kelib viloyatimizda sodir etilgan jinoyatlarning shahar-tumanlar kesimida tahlil qilsak yuqori o‘rinlar Qarshi shahri, Qarshi, G‘uzor va Koson tumani fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Xalqimizda o‘zingni ehtiyot qil, o‘zgani o‘g‘ri tutma, degan naql bor. Shu bois bank kartalaridagi mablag‘larimizni ehtiyot qilishimiz uchun esa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda, qo‘l telefonimizda foydalanayotgan ilovalarimizda xavfsizlik choralarini ko‘chaytirishimiz lozim bo‘ladi.
Mas’ullar kiberfiribgarlarga aldanib qolmaslik uchun quyidagi asosiy qoidalar va maslahatlarga amal qilishingizni so‘rab qoladi.
Birinchi navbatda parollarni muhim va mustahkam tanlang, shubhali havolalarni ochmang, shaxsiy ma’lumotlarni asrang, antivirus dasturlaridan foydalaning, veb-saytlarni tekshirib so‘ngra kiring, tasdiqlov kodlaridan foydalaning, ijtimoiy muhandislik texnologiyalari yoki “sotsial injeneriya”ga ishonmang, moliyaviy operatsiyalarda ehtiyot bo‘ling, tarmoq faoliyatini davomiy nazorat qiling.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, kiberxavfsizlik – bu sizning ma’lumotlaringizni va moliyaviy resurslaringizni himoya qilish uchun muhim masala. Shu sababli, yuqoridagi qoidalarga amal qilish orqali kiberfiribgarlardan himoyalanishingiz mumkin.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri