Kiber romantika: virtual tanishuv qimmatga tushdi (+video)
Andijonda ijtimoiy tarmoq orqali sodir etilgan navbatdagi firibgarlik hodisasi fosh etildi. Telegramdagi virtual tanishuv orqali boshlangan muloqot ayol uchun moliyaviy zarar va omadsiz yolg‘on hikoya bilan tugadi.
Ko‘rg‘ontepalik ayol telegram messenjeri orqali "Andijon sovchilar" deb nomlangan guruhda o‘zini Toshkentda yashaydi deb tanishtirgan bir erkak bilan muloqotni boshlaydi. Bir necha haftalik aloqalardan so‘ng, erkak ishonch qozonish maqsadida turli va’dalar beradi. Ayol uning gaplariga ishonib, uch oy mobaynida turli plastik kartalarga 1 900 dollardan ortiq pul o‘tkazadi. Ammo va’dalar amalga oshmaydi — pullar ham, erkak ham ko‘rinmaydi.
Jabrlanuvchi ayol vaziyatdan chiqish iloji qolmaganini tushunib, ichki ishlar bo‘limiga murojaat qiladi. Tezkor tadbirlar davomida aniqlanishicha, o‘zini poytaxtlik deb tanishtirgan shaxs aslida Andijon shahrida yashovchi 2002 yilda tug‘ilgan yigit ekan. U turli bahonalar bilan o‘zining va tanishlariga tegishli bo‘lgan kartalar raqamini yuborib, ayoldan pul olib turgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rnatilgan tartibda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari esa davom etmoqda.
Ichki ishlar organlari fuqarolarni yana bir bor ogohlantiradi: ijtimoiy tarmoqlarda notanish shaxslarga ishonish, shaxsiy ma’lumot yoki mablag‘ yuborish — firibgarlar qo‘liga o‘yinchoq bo‘lib qolish xavfini kuchaytiradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XyIAd4EMdWw" title="Kiber romantika: virtual tanishuv qimmatga tushdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, O‘zA