Keraga tog‘ etaklarida kuz manzaralari
Kuz – mayin shabada va sarg‘aygan yaproqlar ko‘ngilni qitiqlab, bog‘u rog‘larni turfa ranglarda tovlantiradigan oltin fasl. Bu faslda tevarak-atrof o‘zgacha rangda tovlanib, go‘zal jilosi bilan borliqni maftun etadi. Onalar allasining xushyoqim, sehrli ohangi-yu, bolalikning beg‘ubor davrini eslatadi. Olis-olislarga boqsangiz, ona tabiat beshigida baland tog‘lar ham unsiz mudrab, bir zum mizg‘ib olishga taraddud ko‘rayotgandek taassurot uyg‘otadi.
Yozning jazirama issiq kunlari ortga chekinmasdek bo‘lib tuyulgan janubdagi Surxon vohasida yana orziqib kutilgan mayin kuz shabadasi esayotir. Osmono‘par Hisor tog‘ tizmalari etaklarida turfa ranglarda tovlanib, yerga uzilib tushayotgan sarg‘ish yaproqlar va ularning sukunatni buzayotgan ohista shivirlashi qalblarga xotirjamlik baxsh etadi. Shu kunlarda Hisor tog‘ining Keraga tog‘ tizmalari etaklaridagi Katta Vaxshivor, Bodihavo, Chinor kabi qishloqlar oltin kuz og‘ushiga cho‘mgan. So‘lim bu go‘shalarda maftunkor kuz iforidan bahramand bo‘lishning gashti bo‘lakcha. Sizlarga ilinayotganimiz ushbu suratlar ham ana shu qishloqlarda tasvirga olindi.





Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri