Keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda
Mamlakatimizda joriy yilning 1-31 yanvar kunlari “Xavfsiz xonadon” oyligi o‘tkazilmoqda.
Oylik doirasida aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uylar, talabalar yotoqxonalari, ijtimoiy soha ob’ektlari, qurilish maydonlarida yong‘in xavfsizligi qoida va talablariga amal qilinishi, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar va boshqa favqulodda holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.

– Oylik doirasida belgilangan targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha hududlarida reja asosida olib borilmoqda, – deydi Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot va jamoatchilik bilan aloqalar xizmati boshlig‘i, kapitan Hayotbek Rahimov. – Tadbirlarda aholi yashash xonadonlari, qurilish maydonlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish, is gazidan zaharlanish hamda gaz-havo aralashmasi chaqnashining oldini olish, fuqarolarning bu boradagi bilim va tushunchalarini boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlari tomonidan aholi vakillari bilan o‘tkazilayotgan suhbat, muloqot va targ‘ibot tadbirlarida xonadonda nosoz elektr va gaz uskunalaridan foydalanmaslik, elektr simlarining sozligiga alohida e’tibor qaratish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish, yong‘in kelib chiqqan taqdirda birinchi navbatda nimalarni bajarish, qanday harakatlanish lozimligi yuzasidan fuqarolarga tushuntirishlar berilmoqda.

Bo‘ston, Baliqchi tumanlari Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tumandagi mahallalar, aholi xonadonlarida bo‘lib, keng ko‘lamli targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Fuqarolar bilan o‘tkazilayotgan suhbatlarda yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan keng ma’lumotlar berilmoqda.
Yuqoridagi kabi profilaktik-targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida qat’iy reja asosida olib borilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari