"Keles open”da ming nafarga yaqin yosh karatechilar bellashdi
Toshkent tumanida joylashgan "Universal" sport majmuasida karate WKF bo‘yicha o‘tkazilgan "Keles open" xalqaro turnirida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning ming nafarga yaqin sportchilari g‘oliblik uchun kurash olib bordi
8 yoshgacha va undan kattalar o‘rtasida kechgan shiddatli bahslarni tajribali karate mutaxassislari, xususan "Keles karate" sport klubi rahbari Dilshod Yusupov, musobaqa bosh kotibi Xurshid Shodibekov, bosh hakam Sanjar Maqsudov hamda bir guruh yosh hakamlar boshqarib bordi.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etgan Toshkent tumani hokimi Sardorbek Ergashev mazkur musobaqa Prezidentimizning 2023-yil 3-noyabrdagi "Karate (WKF) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash hamda iqtidorli sportchilarni saralash orqali terma jamoalarga munosib nomzodlarni aniqlash maqsadida tashkil etilayotganini ta’kidladi.

Ikki kun davom etgan murosasiz bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Toshkent viloyati jamoasi 1-o‘rinni, poytaxt karatechilari jamoasi ikkinchi va Qashqadaryo hamda Sirdaryo viloyati vakillari 3-o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA