“Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, "Kelajakka qadam" dasturi amalga oshiriladi.
Unda:
a) o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari uchun ''O‘zmilliybank" AJ tomonidan biznes g‘oyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida to‘liq hamrohlik qilish, shu jumladan qulay shartlarda moliyalashtirish;
b) oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish. Bunda:
salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, shu jumladan yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
tanlov g‘oliblarini salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar buyurtmasiga ko‘ra individual kasbiy ta’lim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlash tadbirlari moliyalashtiriladi;
individual kasbiy ta’lim dasturlarida ishlab chiqarish ob’ektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.
Qarorga ko‘ra:
Dastur "O‘zmilliybank" AJ tomonidan hududlarda, shu jumladan autsorsing asosida tashkil etiladigan "Kelajakka qadam" markazlari orqali amalga oshiriladi;
barcha oliy ta’lim tashkilotlari Dastur ishtirokchilari hisoblanadi va talabalarni ishga joylashga ko‘maklashish bo‘yicha Markazlar bilan hamkorlik kelishuvlarini tuzadi.
O‘zA