“Kelajakka qadam” – bitiruvchilarga ko‘makchi!
FOTOREPORTAJ
Prezidentimizning joriy yil 14 fevralda qabul qilingan “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “O‘zmilliybank” AJ tomonidan “Kelajakka qadam” markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Farg‘ona davlat texnika universitetida ham xuddi shunday markaz ishga tushirildi. Bitiruvchi bosqich talabalarining biznes g‘oyalarini tayyor loyihaga aylantirish va istiqbolli loyihalarni qulay shartlarda moliyalashtirish, ular bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan markazda 3 turdagi kredit paketlari — “Kelajakka qadam” (10 million so‘mgacha), “Kelajak uchun start” (100 million so‘mgacha) va “Yorqin kelajak sari” (1 milliard so‘mgacha) shakllantirilgan.
[gallery-23681]
Bugungi kunda universitetning “Kelajakka qadam” markaziga murojaat qilgan talabalardan 7 nafari 10 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, biznes g‘oyalarini amalga oshirishga kirishgan.
- Universitetimizda “Kelajakka qadam” dasturi doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazilmoqda, - deydi Yengil sanoat va to‘qimachilik fakulteti talabasi Madina Ma’murova. - Ushbu markaz biz, talabalar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishini tushunib yetyapmiz. Bu kabi amaliy imkoniyatlar katta motivatsiya, kelajakka ishonch bag‘ishlaydi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA