Kelajakka daxldor hujjat
Nazarimda ushbu Murojaatnoma nainki bir yil, balki Vatanimizning koʻp yillik taraqqiyotini oldindan belgilab bergani bilan ahamiyatli boʻldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning parlamentga 2019-yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va Oʻzbekiston Respublikasini 2020-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Murojaatnomasi turli vazirlik va idoralar, tashkilot va qoʻmitalar, butun xalqimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida ham Vatanimizning kelgusidagi taraqqiyotiga taalluqli ushbu Murojaatnoma toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya orqali kuzatib borildi. Koʻp millatli jonajon Oʻzbekistonimizda ushbu Murojaatnoma har bir hamyurtimizning hayoti, taqdiri, farzandlari kelajagiga daxldor ekani yana bir karra oʻzining yorqin ifodasini topdi. Tadbir ishtirokchilarining Murojaatnomaga oid fikrlari bilan qiziqdik.
Durdona AVEZDURDIYEVA, Respublika Turkman milliy madaniy markazi raisining oʻrinbosari:
– Nazarimda ushbu Murojaatnoma nainki bir yil, balki Vatanimizning koʻp yillik taraqqiyotini oldindan belgilab bergani bilan ahamiyatli boʻldi. Unda jamiyat hayotining barcha jabhalari keng va atroflicha, mukammal qamrab olingani, hayotimizdagi hech bir muammo, dolzarb masala davlatimiz rahbarining nazaridan chetda qolmagani alohida tahsinga loyiqdir. Oʻzbekistonda bugungi kunda istiqomat qilayotgan koʻplab millat va elat, diniy konfessiya vakillari shu tabarruk zaminni oʻzining ona yurti deb hisoblaydi. Barchamizning farzandlarimiz shu aziz diyorda voyaga yetadi, unib-oʻsadi, taʼlim-tarbiya oladi. Shu bois davlatimiz rahbarining Murojaatnomada yoshlarning zamonaviy bilimlarni egallashi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni, qulaylik va imtiyozlarni yaratish borasidagi fikrlarini oddiy ona sifatida qalbimda gʻoyat katta hayajon bilan kutib oldim.
Faxriddin OʻTBOSAROV, Oʻzbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi boʻlim boshligʻi:
– Darhaqiqat, bugungi kunda muayyan mamlakat, jamiyat taraqqiyotini ilgʻor texnologiyalar, ayniqsa, raqamli texnologiyalarsiz, zamonaviy bilimlarni puxta egallagan yosh mutaxassis kadrlarsiz tasavvur etish mumkin emas. Ayni paytda ushbu jihatlar mamlakatning xalqaro miqyosdagi obroʻsi va imijini ham belgilashda ustuvor oʻrin egallaydi. Prezidentimizning raqamli texnologiyalarni jadal ravnaq toptirish, ayniqsa taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot, ijtimoiy jabhalarga keng joriy etishga doir fikrlari koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi. “Raqamli Oʻzbekiston – 2030" dasturini ishlab chiqishga oid takliflari mamlakat rivojini yanada ildamlashtirib yuborishdek ezgu maqsadlarni koʻzlashi bilan ahamiyatlidir.
Prezidentimiz 2020-yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan munosabatlarni rivojlantirish – Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qolishi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (Rossiya, Ozarbayjon), Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi (Italiya) va Osiyo (Xitoy, Hindiston, Turkiya) mamlakatlari bilan oliy darajadagi ikki va koʻp tomonlama tadbirlar oʻtkazilishi kutilayotganini alohida taʼkidladi. Davlatimiz rahbarining Murojaatidan koʻrinib turibdiki, davlatlararo oʻzaro qoʻshnichilik va ishonchli hamkorlik, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, SHHTga aʼzo davlatlarning hozirgi zamon taraqqiyotini rivojlantirishga hissa qoʻshishdek ezgu maqsad yoʻlida yanada koʻproq masʼuliyat bilan faoliyat olib borish burchimizdir.
Lola JUMANOVA, Respublika Qozoq milliy madaniy markazi faoli:
– Bugun biz ulkan tarixiy voqeaning guvohi boʻldik. Buni Prezidentimizning butun mamlakatga, xalqimizga Murojaati deb ham atash mumkin. Davlatimiz rahbari nutqlarini katta hayajon va masʼuliyat bilan tingladik. Undan toʻlqinlanmagan hamyurtimizning oʻzi boʻlmasa kerak. Umr boʻyi oʻqituvchi boʻlib mehnat qilganman. Davlatimiz rahbarining bolalarni maktabga olti yoshdan qabul qilish, pedagogika yoʻnalishidagi oliy oʻquv dargohidagi tahsilni uch yil etib belgilash, yoshlarning oliy oʻquv yurtlarida bilim olishini toʻlov kontrakti emas, balki aynan davlat granti asosida oshirishga oid takliflarini oynaijahonda koʻrganimizdek, nainki bugungi yigʻilish ishtirokchilari, nazarimda butun mamlakat ahli katta quvonch bilan kutib oldi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Renat GULYAYEV, Respublika Boshqird milliy madaniy markazi rahbari:
– Yurtboshimizni raqamlashtirish, internetni rivojlantirish, oliy taʼlim, ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifatga doir fikrlari hech kimni befarq qoldirmadi. Xalqimiz yangi yilga muayyan nom berilishini intiqlik bilan kutadi. Negaki, shu nomga mutanosib tarzda jamiyat hayotiga doir koʻplab ezgu tashabbuslarga start beriladi. Shu maʼnoda 2020-yil – Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb eʼlon qilinganini koʻpchilik mamnuniyat bilan kutib oldi. Darhaqiqat, bugungi shiddatli globalizatsiya davrida davr talabiga monand texnologiyalarni oʻzlashtirmas ekanmiz, taraqqiyot haqida hatto orzu qilish ham mumkin emas.
Nasiba ZAYNIDDINOVA, Respublika Tojik milliy madaniy markazining masʼul xodimi:
– Prezidentimizning soʻzlarini tinglar ekanman, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanidagi Yusufbek Hojining “Bu xonadondan hech kim norizo boʻlib ketmasligi kerak”, degan soʻzlari mamlakatimizda inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratilayotgan islohotlarning ham mazmuniga hamohang ekanini oʻylab qoldim. Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasi kuchli ijtimoiy yoʻnaltirilgani bilan eʼtiborimni tortdi. Darhaqiqat, yoshlar, xotin-qizlar, qariyalar, tadbirkorlar, goʻdaklar, Mehribonlik uylarining norasida tarbiyalanuvchilari, muhtoj oilalar, qoʻying-chi, barcha-barchaning manfaatlarini himoyalashga, gʻamxoʻrlik koʻrsatish, hayotini yanada yaxshilash uchun keng imkoniyatlar yaratish uchun asosiy eʼtibor qaratilgan. Avvallari ayrim mavjud kamchiliklar haqida unchalik gap ham ochilmas edi. Bugungi Murojatnomada davlatimiz rahbari ularning barini roʻy-rost ochiq oshkor aytib, yechimiga oid yoʻllarini ham belgilab bergani alohida diqqatga sazovordir.
Rumiya DEVLIKAMOVA, Toshkent shahridagi Tatar ijtimoiy madaniy-maʼrifiy markazi vakili:
– Bu Vatanimiz istiqbolini, uning taraqqiyotini belgilovchi muhim dasturilamaldir. Oʻzbekistonda istiqomat etayotgan turli millat vakillari shu zamindan baxt-iqbol, osoyishtalik, halovat, farzandlari kamolotini topgan. Yil boshida rejalar tuzish yaxshi anʼanaga aylangan. Prezidentimiz yoʻllagan qamrovi va zalvori gʻoyat keng boʻlgan Murojaatnomada iqtisodiyot, bank, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, madaniyat va sanʼat, ilm-maʼrifat, barcha jabha toʻlaqonli qamrab olingan.
Ayniqsa, keksalarga boʻlgan oʻzgacha hurmat va ehtiromdan qalbim togʻdek koʻtarilgan boʻlsa, yoshlar kelajagi yoʻlidagi amaliy eʼtibordan koʻplarning qalbidagi ishonch yanada mustahkamlandi. Bu yil Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi keng nishonlanadi. Qanchadan-qancha odamlar shu tabarruk diyordan boshpana, mehr topgan, oʻzbek xalqi oxirgi burda nonini ular bilan baham koʻrdi. Buni bugun koʻplar minnatdorlik bilan yodga oladi. Prezidentimizning “Biz urush va front orti faxriylarini faqatgina bayramlarda emas, balki har doim eʼzozlab ardoqlashimiz, ularning sogʻligʻi haqida har kuni, har soatda oʻylashimiz lozim. Joriy yilda ularga har tomonlama eʼtibor yanada kuchaytiriladi. Xotira va qadrlash kuni va Gʻalabaning 75 yilligini har tomonlama munosib va yuqori saviyada nishonlash uchun tayyorgarlik ishlarini puxta tashkil etishimiz kerak”, degan soʻzlaridan nainki mening, koʻpchilik yoshi ulugʻ odamlarning koʻzida yosh qalqidi.
Usen ISKENDEROV, Uygʻur milliy madaniy markazi aʼzosi:
– Prezidentimizning tadbirkorlikka doir fikrlari koʻpchilikning koʻnglida umid uchqunlarini yanada kuchaytirdi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Men ham aslida tadbirkorman. Avvallari tadbirkorlik faoliyati yoʻlida qanday toʻsqinliklar va gʻovlar boʻlganini eslasam, yuragim orqaga tortib ketadi. Murojaatnomada Prezidentimiz tadbirkorlarga yanada koʻproq imkoniyat va imtiyozlar berish haqida batafsil toʻxtaldi. Bugun mamlakatimizda millatidan qatʼi nazar, oʻzining bor salohiyatini namoyon etish uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasi ona Oʻzbekistonimizning farovonligi yoʻlidagi muhim amaliy qadamdir.
OʻzA muxbiri
Nazokat USMONOVA yozib oldi