“Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasida o‘quv seminari o‘tkazilmoqda
Poytaxtimizda “Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi bo‘yicha “Toshkent tajribasi”ni o‘rganish hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish va natijadorligini oshirishda tizim rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati mavzusida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarining xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish sho‘’basi rahbarlari, shuningdek, tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshliqlari ishtirok etmoqda.
Seminarning asosiy maqsadi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘qitish samaradorligini oshirish, “Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasida Toshkent shahrida shakllangan ilg‘or tajribalarni hududlarda joriy etish, shuningdek, tizim rahbarlarining bu boradagi shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirishdan iborat.
[gallery-29571]
Seminar dasturi doirasida ishtirokchilar Toshkent shahridagi bir qator umumta’lim maktablarida tashkil etilgan ta’lim jarayonlari bilan tanishdi. Jumladan, Mirobod tumanidagi 31- va 263-sonli maktablar hamda Yunusobod tumanidagi 9- va 220-sonli maktablarga tashriflar amalga oshirildi.
Tashrif davomida “Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi taqdimotlari, xorijlik o‘qituvchilar ishtirokida tashkil etilgan “Speaking club” faoliyati, 11-sinf o‘quvchilari uchun fakultativ mashg‘ulotlar o‘tkazilib, zamonaviy ta’lim texnologiyalarining qo‘llanilishiga ahamiyat qaratilmoqda. Shu bilan birga, ishtirokchilar o‘quvchilarning xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasi, yakuniy test jarayonlari va o‘quv dasturlarini tashkil etish amaliyoti bilan tanishmoqda.
Shuningdek, xorijiy tilni bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test jarayonlari ham kuzatiladi.
Ushbu ma’rifiy tadbir doirasida Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat institutida amaliy seminar bo‘lib o‘tadi. Unda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida xorijiy tillarni ommalashtirishda tizim rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati, “Kelajak uchun xorijiy til” loyihasini hududlarda joriy etishning tashkiliy mexanizmlari, fakultativ mashg‘ulotlarni tashkil etish, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, dars jadvali va pedagoglarni biriktirish tartibi, yuqori sinf o‘quvchilarini til bilish darajasiga ko‘ra guruhlarga ajratish masalalari muhokama qilinadi.
Seminar davomida vazirlik mutasaddilari, ta’lim sohasi ekspertlari, maktab rahbarlari hamda amaliyotchilar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.
Mazkur seminar xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish, hududlarda samarali tajribalarni keng joriy etish hamda yoshlarning xalqaro standartlarga mos til ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Nazokat Usmonova, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA muxbirlari