Kelajak tadbirkorlari qo‘llab-quvvatlanmoqda
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tashabbusi bilan yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning bandligini ta’minlash va kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan “Kelajak tadbirkorlari – 2026” kasb, bandlik va tadbirkorlik imkoniyatlari yarmarkasi o‘tkazildi.
Markaziy bank, Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Namangan viloyati hokimligi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalliy ishlab chiqarish sub’ektlari hamda yirik tashkilotlar vakillari, “O‘zmilliybank” mutasaddilari, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish va kelajakdagi faoliyatini tadbirkorlik bilan bog‘lash istagidagi oliy o‘quv yurtlari talabalari va professional kasb-hunar texnikumlari o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, Namangan shahari hokimi Ayubxon Kamolov ta’kidlaganidek, bunday yarmarka yosh o‘g‘il-qizlarning kasb-hunar egallashi, munosib ish topishi, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va o‘z g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishi uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida “O‘zmilliybank” Namangan viloyati boshqarmasi, bo‘sh ish o‘rinlariga ega tadbirkorlar, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, texnikumlar o‘z taqdimoti bilan qatnashib, ertamiz egalariga mavjud imkoniyatlar, kasbiy ta’lim yo‘nalishlari, ishga joylashish shartlari va biznesni boshlash uchun moliyaviy ko‘mak mexanizmlari haqida ma’lumot berishdi.
[gallery-32020]
Davlatobod tumanidagi “Yuksalish” kichik sanoat zonasida joylashgan “Botir Muhammadali” mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan korxonalardan biridir. Poyafzal mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki Markaziy Osiyo davlatlari, Afg‘oniston va Saudiya Arabistoniga eksport qilinayotgan ushbu korxona rahbari Akmal Bahodirov yarmarkada “O‘zmilliybank”ning “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 20 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi. Buning natijasida tadbirkor o‘z jamoasiga iqtidorli 30 yoshni ishga qabul qilganligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Yarmarka oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, unda faollik ko‘rsatgan viloyatdagi oliygohlar qatorida Namangan davlat texnika universiteti talabalari ham ko‘plab ishga joylashishda bu tadbir asqotdi. Universtitetning oziq-ovqat texnologiya yo‘nalishi 4-kurs talabasi Gulbahor Hamidova “Tip-top Agro”, “Jesco” kabi sanoat korxonalari tomonidan taqdim qilingan ish o‘rinlari hamda ulardagi mehnat shart-sharoitlari bilan tanishib, o‘ziga maqbul ish joyini topdi.
Yarmarkada viloyatdagi ko‘plab mahallalar faol ishtirok etdi. Jumladan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ozod mahallasi yoshlari ham tadbirdan unumli foydalanishga erishdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nozimjon Nosirovning ma’lum qilishicha, ko‘rgazmaga kelgan 16 yoshdan 12 nafariga korxona va tashkilotlarga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar taqdim qilindi.
E’tiborlisi shundaki, “O‘zmilliybank” Namangan viloyati boshqarmasi tarafidan biriktirilgan mahalla bankiri hududda aholi bandligi va farovonligini oshirish, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga yaqindan hissa qo‘shmoqda. 14-30 yoshdagi ikki mingga yaqin yoshlar orasida tadbirkorlikka qiziqadiganlarning mahalla “drayveri” bo‘lgan bodom, hurmo, gilos, o‘rik, behi kabi eksportbop meva ko‘chatlarini yetishtirishga qaratilgan loyihalari moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelinayotgani tahsinga loyiq.
Tadbir davomida “O‘zmilliybank”ning “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida real ish beruvchilar va viloyatdagi taniqli tadbirkor – Namangan shahridagi “Gasup” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Marina Jabbarova bilan “Master-klass” uchrashuvi o‘tkazildi. Ushbu dastur asosida loyihalari qo‘llab-quvvatlangan o‘nga yaqin yoshlarga o‘z biznesini qo‘lga qo‘yish imkoniyatini beruvchi 20, 30, 100 million va 1 milliard so‘mlik vaucherlar taqdim qilindi.
– Besh yildan buyon To‘raqo‘rg‘ondagi “Oqtosh” ekrin iqtisodiy zonasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelyapmiz, – deydi “Ideal med indast” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nodirbek Turg‘unov. – Faoliyatimiz dori-darmon mahsulotlarini qadoqlash va ularning ulgurji savdosiga qaratilgan. Shu boisdan bizda aylanma mablag‘larga ehtiyojimiz katta edi. “O‘zmilliybank” tomonidan ajratilgan 1 milliard so‘mni ayni shu maqsadga yo‘naltiramiz. Buning natijasida bizda ikkita yangi ish o‘rni yaratiladi. Bank bilan hamkorlikda ishlayotganimizdan behad minnatdormiz.
Yoshlar bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda yangi biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, zarur sharoit yaratishga qaratilgan ko‘rgazma yakunida faol ishtirok etgan oliygoh, mahalla va iqtidorli yoshlar “O‘zmilliybank” tomonidan munosib ravishda taqdirlandilar.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (suratlar) O‘zA muxbirlari