Kelajak elchilari maskani
Har kuni ertalab Toshkentning bir go‘shasida, baland darvozalardan ichkariga kirar ekanman, o‘zimni oddiy o‘quvchi emas, balki kelajakda mamlakatimning manfaatlarini dunyo maydonida himoya qiladigan yosh diplomat sifatida his qilaman.
Bu maskan - Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi. Mening ikkinchi uyim, orzularim maktabi va hayotimdagi eng yaxshi ko‘makchim. Avvalo shuni aytish kerakki, ta’lim shunchaki kitob va ma’ruzalardan iborat quruq yodlash jarayoni emas, tahlil va mulohazaga undash mexanizmidir.
Ayniqsa, global o‘zgarishlar va shiddatli globallashuv davrida ta’lim muassasasi yoshlarga faqat bilim beribgina qolmay, ularning dunyoqarashini shakllantiruvchi, tahliliy fikrlashini o‘stirishga xizmat qiluvchi muhit vazifasini o‘tashi kerak. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyidagi ta’lim tizimi va o‘quvchilar hayoti aynan shunday zamonaviy talablarga to‘liq javob bera oladigan platformaga aylana olgan.

Davlat va jamiyat taraqqiyoti bevosita strategik fikrlaydigan, mas’uliyatni o‘z zimmasiga ola biladigan va diplomatik muloqot madaniyatiga ega kadrlar bilan bog‘liq. Litseyimizda yaratilgan sharoitlar va ta’lim formati o‘quvchilarda nafaqat O‘zbekistondagi, balki jahonning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olish uchun yetarli bo‘lgan akademik va amaliy tayyorgarlikni shakllantiradi. Har bir o‘quvchi o‘zining qiziqishi va kelajak maqsadlaridan kelib chiqqan holda muayyan yo‘nalish bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilim olishi hamda amaliy tajriba orttirishi mumkin.
Biroq, JIDU akademik litseyining eng katta afzalligi - shunchaki kuchli akademik dasturda emas, balki o‘quvchilarni o‘z-o‘zini boshqarish tizimining noyob modelida namoyon bo‘ladi. Litsey ichida haqiqiy davlat boshqaruvi va demokratiya tamoyillarini aks ettiruvchi o‘ziga xos ijtimoiy-siyosiy muhit yo‘lga qo‘yilgan. O‘quvchilar tengdoshlari bilan birlashib, shaxsiy siyosiy partiyalarini tuzish imkoniyatiga ega. Yil davomida bu partiyalar litsey hayotini yanada takomillashtirish, qulayliklar yaratish va tengdoshlarining muammolariga yechim topishga qaratilgan turli loyihalar va tashabbuslarni ilgari suradi.
Muassasamizda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan adolatli ovoz berish jarayoni va litsey prezidenti saylovlari shunchaki rasmiyatchilik emas, balki haqiqiy liderlik va mas’uliyat sinovidir. O‘quvchilar ishonchini qozongan, eng ko‘p samarali loyihalarni amalga oshirgan va natija ko‘rsatgan partiya g‘olib bo‘ladi.
Bu tizim o‘quvchilarda yoshlikdanoq jamoada ishlash, diplomatik muloqot olib borish, kreativ yechimlar taklif etish va, eng muhimi mas’uliyatli lider bo‘lish fazilatlarini tarbiyalaydi. Shuningdek, ushbu amaliy tajriba xorijning top universitetlariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar uchun salmoqli va raqobatbardosh portfolio vazifasini o‘taydi. Inson kapitalini rivojlantirishda jismoniy va ruhiy salomatlik muvozanati ham muhim o‘rin tutadi.
Shuni anglagan holda, litseyimizda o‘quvchilarning har taraflama kamol topishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy sport zallari, sport anjomlari va stadion o‘quvchilarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirsa, bo‘sh vaqtlarda sayr qilish va fikrni jamlash uchun barpo etilgan tabiiy yashil makonlar ruhiy hordiq chiqarish va ijodiy fikrlash uchun qulay muhit beradi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi ertangi kunning diplomatlari, xalqaro darajadagi iqtisodchilari va taraqqiyot yetakchilarini yetishtirib beruvchi innovatsion laboratoriya. Bu maskan insonni yuksaltiruvchi barcha ijobiy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Behruzbek Ibragimov,
JIDU akademik litseyi o‘quvchisi
O‘zA