Keksalarni professorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda
“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturida nafaqadagi, kam ta’minlangan, yolg‘iz qariyalar, 100 yoshdan oshgan, urushda qatnashgan hamda front ortida mehnat qilgan faxriylarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini yanada oshirish, ularni tizimli asosda sog‘lomlashtirish singari vazifalar belgilangan. Shu asosida bugun respublikamizdagi barcha tibbiyot muassasalarida 55 yoshdan oshgan pensionerlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, yuqumli kasalliklarga qarshi emlanmoqda.
Bu ezgu ishdan Samarqand davlat tibbiyot instituti jamoasi ham chetda qolgani yo‘q. Institut rektori, professor J.Rizayev tashabbusi bilan professor-o‘qituvchilardan iborat maxsus tibbiy guruhlar shakllantirilib, viloyatimizning Nurobod, Urgut, Ishtixon, Oqdaryo, Qo‘shrabot va Jomboy tumanlari, shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida istiqomat qiluvchi keksalar uchun sayyor tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda.
Ushbu jarayonda o‘z vaqtida salomatligiga yetarlicha e’tibor qaratmay kasallikning surunkali tus olishiga sababchi bo‘lganlar ham aniqlanmoqda. Jumladan, kafedramiz o‘qituvchilaridan iborat guruh tomonidan tibbiy kurikdan o‘tkazilgan fuqarolarning 15 foizida yoshga xos gormonal o‘zgarishlar sababli kelib chiqqan urologik kasalliklar kuzatildi. Keksalarda bu asosan prostata bezining adenomasi (hozir u “prostata bezining xavfsiz giperplaziyasi” deya yuritiladi), prostata bezi raki, qovuq toshlari hisoblanadi.

Og‘ir xastalik aniqlangan bemorlar, zarurat bo‘lganda sanitar aviatsiya xizmati orqali Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga olib kelinib, zarur muolajalar qilinmoqda. Shuningdek, joylarda aholiga klinik belgilarsiz kechuvchi, nasldan naslga o‘tuvchi urologik kasalliklar, bepushtlikka olib keluvchi xastaliklardan himoyalanish omillari haqida ma’lumot berilmoqda.
Umuman, keyingi yillarda kafedramiz tomonidan o‘tkazilgan sayyor tibbiy ko‘riklarda 7 mingdan ziyod fuqaro dinamik kuzatuvga olinib, konservativ usulda muolaja qilingan bo‘lsa, 2658 nafari kaminvaziv usullar bilan, yana 500 nafardan ortig‘i an’anaviy shaklda davolandi.
2015-2021 yillar oralig‘ida kafedra shifokorlari tomonidan 1500 nafardan ortiq bemor operatsiya qilindi. Shuningdek, 200 nafardan ortiq bemorda surunkali buyrak yetishmovchiligining alomatlari aniqlanib, davolash choralari ko‘rilgan.
Muhimi, bu kabi tadbirlar hisobot uchun o‘tkazilmayapti, balki inson tanasida yashirin kechuvchi ko‘plab kasalliklarni barvaqt aniqlab, davolash imkonini bermoqda.
Zebuniso SHODMONOVA,
Samarqand davlat tibbiyot instituti
urologiya kafedrasi mudiri,
tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.
O‘zA.