Keksalar uchun tibbiy ko‘rik
Buxoro shahar 4 - oilaviy poliklinikasi tibbiyot xodimlari “Keksalar haftaligi” doirasida “M.Narshaxiy”, “A.Navoiy”, “G‘.G‘ulom”, “S.Sheroziy”, “S.Raximov”, “Dilkusho” va “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inlarida tibbiy ko‘rik o‘tkazdi.
Xodimlar hududda 5 ming 324 xonadonda yashovchi jami 27 ming 324 nafar aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.
–“Keksalar haftaligi” doirasida 602 nafar 60 yoshdan oshgan fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi Buxoro shahar 4-oilaviy poliklinikasi bosh shifokori Xushnud Jalilov. – Ularda 978 ta kasallik aniqlandi. Tibbiy ko‘rik natijasida keksalarning 590 nafariga ambulator va 12 nafariga statsionar sharoitda davolanishlari tavsiya etildi. Keksalarning 10 nafari viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga va 2 nafari viloyat kardiologiya dispanserida bepul davolanishlari uchun imtiyozli order asosida yotqizildi. Yotoq holatidagi 6 nafar fuqaroga uyiga borib tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Ularning har birining uy sharoitida davolanishlari bo‘yicha sog‘lomlashtirish rejasi tuzildi. Davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlari boshlab yuborildi.
Tibbiy ko‘rik jarayonida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Buxoro hududiy filiali tomonidan “Inson taftini inson oladi” shiori ostida jami 45 ta oilaning 78 nafar keksalariga 5 turdagi umumiy qiymati 12 million so‘mlik dori vositalari to‘plami bepul tarqatildi. 56 nafar keksalar yoshga oid ko‘zoynaklar bilan ta’minlandi.
Tadbir davomida tibbiyot xodimlari tomonidan aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xususan jismoniy faollikni oshirish, muntazam ravishda har kuni piyoda yurish, zararli odatlardan voz kechish yuzasidan davra suhbatlari o‘tkazildi hamda sog‘lom ovqatlanish tamoyillari bo‘yicha ko‘rgazma tashkil qilindi. Keksalarga to‘g‘ri ovqatlanish uchun zarur tavsiyalar berildi.
Mazkur tadbir pandemiya davrida o‘tkazilayotganligi inobatga olingan holda har bir fuqaro belgilangan tartibda termometriyadan o‘tkazilib, dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirildi hamda bo‘yi va vazni belgilangan tartibda o‘lchanib, tegishli tavsiyalar berildi.



Zarif Komilov, O‘zA