“Keksalar haftaligi” Baxmaldan boshlandi
Jizzax viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning turmush sharoitini yaxshilash, faol va mazmunli hayot kechirishlarini ta’minlash, boy hayotiy tajribasidan keng foydalanish maqsadida “Keksalar haftaligi” Baxmal tumanining “Gulbuloq” qishloq fuqarolar yig‘inida boshlandi.
Tadbir, xizmat burchini o‘tayotgan chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan oddiy askar Shohrux O‘razaliyevning ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 50-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi hovlisiga o‘rnatilgan byusti poyiga gullar qo‘yish bilan boshlandi.
Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati Abduhakim Mamarajabov shu maktabning sobiq o‘quvchisi, marhum Shohrux O‘razaliyev haqida yig‘ilganlarga gapirib berdi.
Shohrux O‘razaliyev 1994 yilda “Gulbuloq” QFYga qarashli“Olmazor” qishlog‘ida tavallud topgan, 2010 yil aynan shu 50-sonli maktabning 9-sinfini, so‘ngra 2013 yil Baxmal pedagogika kollejini tamomlab, 2014 yil muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan. 2015 yildan o‘z xohishi bilan chegara qo‘shinlari tarkibida shartnoma asosida harbiy xizmatini davom ettirgan. 2018 yil Surxondaryo viloyatida xizmat burchini o‘tayotgan chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan.
So‘ng tuman nuroniylari maktabda tahsil olayotgan o‘quvchi yoshlar bilan uchrashib, hayotiy tajribalari bilan bo‘lishdi. Uchrashuvda maktabda yaratilgan sharoitlar bilan ham yaqindan tanishildi. Bunda kompyuter va musiqa to‘garaklari, sport mashg‘ulotlari zallaridagi sharoitlar keksa faxriylarni behad quvontirdi. Maktab sport zalida nuroniylar va o‘quvchi yoshlar o‘rtasida shu joyda shaxmat-shashka bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
[gallery-4157]
Tadbirning keyingi qismida mahalladagi oilaviy poliklinikada nuroniylar uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Ushbu tibbiy ko‘rik davomida “Mobil poliklinika” ham hudud nuroniylari uchun xizmatda bo‘ldi.
Tuman hokimligi, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan faxriy nuroniylardan 5 nafariga sihatgohlarda dam olish uchun yo‘llanma, 5 nafar otaxonga reabilitatsiya vositalari va “Keksalar haftaligi” ishtirokchilarining barchasiga sovg‘a salomlar taqdim etildi.
“Keksalar haftaligi” viloyatning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA