Kechirimlilik dunyodagi amallarning eng xayrlisi
-------------------------------
"... Odami ersang, demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘ami, din g‘ami".
Alisher NAVOIY
Insonparvarlik – millatimizning qon-qoniga singib ketgan ota meros fazilatdir. Buning yorqin dalili sifatida Davlat rahbari mamlakat hayotida yana bir xayrli ishga qo‘l urdi va insonparvarlikning yuksak namunasi sifatida «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Bu esa yuragi yarim bo‘lgan onalar, bag‘ri to‘lgan oilalar, ko‘chadan ko‘z uzolmayotgan otalar rizoligiga sababdir.
Bilib-bilmasdan jinoyat ko‘chalarida adashgan, endilikda shu qilmishlaridan pushaymon bo‘lib, to‘g‘ri xulosa chiqara olgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan kishilar uchun bu kechirimlilik – go‘yoki hayot uchun poklik yo‘lining ikkinchi imkoniyati bo‘ldi.
Xalqimiz ulug‘lari kechirimlilikni dunyodagi amallarning eng xayrlisi va fazilatlisi deya naql qiladilar. Ushbu Farmon orqali umuminsoniy va konstitutsiyaviy prinsiplarning O‘zbekistonda amalda ta’minlanishi takroran bo‘y ko‘rsatdi.
Bugun Yangi O‘zbekiston siyosatida «Jaholatga qarshi ma’rifat» bilan islohot yuritayotgan Davlat rahbarining o‘z xalqi uchun ma’naviy qahramonlik ko‘rsatayotgani kattayu kichik, yoshu qari tomonidan samimiy e’tirof etilmoqda.
Yaqin tarixga ko‘z tashlasak, o‘tgan yillar mobaynida afv etish haqidagi farmonlar asosida necha yuzlab mahkumlar afv etildi. Aynan Prezidentimiz jonkuyarligi bilan «Mehr» operatsiyalari orqali Suriya zaminida adashgan necha-necha o‘zbekistonliklar Vataniga qaytarildi.
Mazkur xayrli ishlar Hazrati Navoiy baytlaridagi “...xalq g‘amidin” kuyib-yonguvchi, insonlarning baxt-saodatini o‘ylaguvchi "odamiy" ajdodlarning munosib avlodi ekanligiga ishoradir.
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori,
professor