Kechikkan tibbiy ko‘rik yoxud afsuslangan kelin
Oila qurish arafasida yoshlar, ayniqsa ularning ota-onalari hamma narsani e’tiborga oladi: sarpo yig‘ish, to‘yning dabdabali o‘tishi uchun kerakli sarf-xarajatlar, har xil o‘rinli-o‘rinsiz marosimlargacha diqqat markazda bo‘ladi. Eng muhimi, tibbiy ko‘rikdan o‘tishga kelganda esa... Keling, yaxshisi bir voqea haqida aytib beray.
Ikki yosh bir-biriga ko‘ngil berdi. Ota-onalari bundan xabar topgach, ularni unashtirib qo‘ydi. To‘yga hamma narsa tayyor. Faqat tibbiy ko‘rikdan o‘tishsa bo‘ldi. Bir-biriga ishongan yoshlar o‘zaro kelishib, bu ishni to‘ydan keyinga qoldirdi. Bu gapga qudalar ham rozilik bildirdi.
To‘y dabdabali bo‘ldi. Axir, kimsan falonchilarning to‘yi oddiy o‘tadimi? Baxtdan mag‘rur ikki yosh kunlarning qanchalik tez o‘tayotganini sezmadilar ham. Keyingi paytlarda kelin nimagadir o‘zini holsiz seza boshladi. Bu “xastalik”dan sekingina onasini xabardor qildi. Ona xursand, tez orada nabirali bo‘ladi.
Kelinning ahvoli kundan-kunga og‘irlashavergach, poliklinikaga borishga majbur bo‘ldi. Shifokorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishni maslahat berdi va ikki yosh ko‘rikdan o‘tdi. Ammo OITS markaziga kelganda, nimagadir biroz ushlanib qoldi. Kuyov tinmasdan “Xotinimning qoni kam, shuning uchun uni qiynamanglar, unga ishonaman, u uchun ham men qon topshiraman, ma’lumotni shundoq yozib bersangiz bo‘ldi”, derdi. Yigitning e’tiroziga qaramay, shifokorlar kelindan ham qon olib, uni qayta-qayta tekshirdi.
Nahotki… Mutaxassislar avval kuyov, keyin kelin bilan suhbatlashdi. Shunda yigit birdan hushyor tortdi. “Yo‘q-yo‘q, bo‘lishi mumkin emas”. Bir necha yil avval arzimagan “sho‘xlik” qilgani uchun balki bu jazodir. Axir, jufti haloliga nima deydi? “Meni kechir”, degani bilan hamma narsa iziga tusharmidi. Katta-katta muammolarni hal qilib beruvchi otasining pullari-yu, kazo-kazo tanishlarining ham bu gal qo‘lidan hech ish kelmadi. Endi kelinga aytishdan boshqa iloj yo‘q.
Bu gaplarni eshitgan kelinning bir oy oldingi quvonchidan asar ham qolmadi. Shu zumda xayolidan nimalar o‘tmadi deysiz. Endi nima qiladi? Keyingi hayoti qanday kechadi? Axir, bu kasallikning davosi yo‘q-ku, harqalay internetda shunday ma’lumotlarni o‘qigan edi. Balki to‘ydan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishganida, bu ko‘rgiliklar boshiga tushmasmidi…
Afsuski, keyingi vaqtlarda yosh oilalar orasida bunday nadomat chekishlar uchrab turibdi. Bularning oldini olishning esa yo‘li bitta – to‘ydan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish. Bu shunchaki tibbiy ko‘rik emas, balki hozirda aniqlangan turli kasalliklarni erta aniqlab, davo choralarini ko‘rish va sog‘lom oiladan sog‘lom farzand dunyoga kelishini ta’minlovchi muhim jarayondir.
Zero, sog‘lom turmush tarzida belgilangan qoidalarga amal qilsakkina kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimiz hamisha baxtli va farovon hayot kechiradi.
Abdumuhammad Xoldarov,
viloyat OITSga qarshi kurashish markazi poliklinika mudiri
O‘zA