Kayronlik “bekorchi” lar ishli bo‘ldi
Surxondaryo viloyatidagi 721 ta mahallalarda joriy yildan hokim yordamchilari ish boshladi.
Ular o‘z hududida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, oilalar turmush farovonligini oshirish uchun uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rganmoqda. Mahallalarning asosiy drayver sohalarini aniqlash borasida olib borilgan ishlar natijasida 220 ta mahallada chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik, 166 ta mahallada issiqxona xo‘jaligi, 108 ta mahallada dehqonchilik, 28 ta mahallada bog‘dorchilik, ellikdan ortiq mahallada hunarmandchilik, 73 ta mahallada xizmat ko‘rsatish va 50 dan ziyod mahallada baliqchilikni rivojlantirish belgilab olingan.

Angor tumanidagi 4 ming 713 kishi yashaydigan “Kayron” mahalla fuqarolar yig‘ini viloyatdagi sharoiti nisbatan og‘ir va har jihatdan rivojlantirishni talab etadigan hududlardan biri sanaladi. Mahalladagi hokim yordamchisi Sherzod Yo‘lliyev moliya sohasi mutaxassisi. Ko‘p yillar shu sohada mehnat qilgan. Ayni paytda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi.
Mahalla xonadonlarini xatlovdan o‘tkazish jarayonida Sherzod oilalarning turmush sharoiti, ishsiz odamlarning qiziqishlarini o‘rgandi. Parrandachilikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan 30 ta oilaga Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan 12 ming dona jo‘ja keltirib, har bir oilaga o‘rtacha 300 donadan 700 donagacha parranda tarqatdi. Mahalladagi Tilovmurod Xudoynazarov oilasi ham jo‘ja parvarishlash istagini bildirgan edi. Hozir T.Xudoynazorovning turmush o‘rtog‘i va kelini «Ros broyler-308» zotli 316 dona jo‘jani mehr bilan boqmoqda.

–Mahallamizning hokim yordamchisi tadbirkor yigit ekan, – deydi Tilavmurod Xudaynazarov. – U oilamiz sharoitini o‘rgangach, tovuq boqishga imkoniyatimiz borligini aytdik. Jo‘ja keltirib berdi. Turmush o‘rtog‘im Sofiya Xurramova va kelinim Gavhar Tojiyeva ishli bo‘ldi. Sherzod Yo‘lliyev jo‘jalarimizning har biri 3 kilogrammdan tosh boshsa 3 million so‘m daromad qilishimizni ham tushuntirib berdi.
– Jo‘janing xaridori aniqmi, so‘raymiz xonadon sohibidan? – Albatta, –deydi T.Xudaynazarov. – Kelishuvimizga ko‘ra, tovuqni Sherzod Yo‘lliyevning o‘zi sotib olib, bizga pulini beradi. Shuning uchun jo‘jalarni ham bepul tarqatdi. Ozuqa bilan ham o‘zi ta’minlamoqda. Biz faqat o‘z vaqtida oziqlantiramiz. Mutaxassislari jo‘jalarning rivojlanishidan xabar olib turadi. Hozir bo‘sh turgan mana shu xonada jo‘ja boqayotgan bo‘lsak, kunlar isigach, hovlimizning ana u tarafidan yangi bino qurib, jo‘ja parvarishlashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
Tadbirkor hokim yordamchisi aholiga shu kasb sirlarini chuqur o‘rgatish, jo‘jalarning sog‘lom rivojlanishini nazorat qilish uchun Toshkent va Jizzax viloyatidan uch nafar veterinar hamda malakali mutaxassisni ishga jalb etgan. Ular kayranliklarga jo‘ja parvarishlashning ilmiy asoslarini o‘rgatayotir.
– Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi parrandachilik korxonalaridan olib kelib tarqatgan 30 grammli zotdor jo‘janing har birini 7,5 ming so‘mdan xarid qilganmiz, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi. – Ularni 45 kun boqib, vaznini 3 kilogrammga yetkazish xarajatlari 32 ming so‘mga to‘g‘ri kelmoqda. Bozorda har kilogramm parranda go‘shti o‘rtacha 20 ming so‘mdan sotilganida bitta jo‘ja 60 ming so‘m daromad keltiradi. 45 kunda har bir jo‘jadan sarflangan xarajatimizdan tashqari sof 28 ming so‘m foyda qoladi. Buning uchun jo‘jalarni poytaxtdagi korxonalarda ishlab chiqarilgan omixta yem bilan boqyapmiz. Yemni Termiz tumanidagi korxonadan olsak bo‘ladi. Narxi ming so‘m arzon. Lekin, nisbatan qimmat bo‘lsa ham bizga Toshkentdan sotib olayotgan omixta yem ma’qul bo‘lmoqda.

Mahalladagi Bahodir Safarovning bo‘sh turgan molxonasida ham 700 dona jo‘ja boqilmoqda. Parrandachilik bu xonadonda oilaning to‘rt a’zosini ish bilan ta’minlagan. Ular navbati bilan jo‘jalarni oziqlantirib, suv beradi. Xonada bir xil issiq havo bo‘lishini nazorat qiladi. Tovuqxonada haroratni bir me’yorda saqlash uchun hokim yordamchisi maxsus pech va suyultirilgan gaz bilan ta’minlagan. Shu yilgacha B.Safarovning oila a’zolari 20 sotixli tomorqada ziroat yetishtirish, qoramol boqish bilan shug‘ullanayotgan ekan. Endilikda ular yana bir daromad manbai yaratilganidan mamnun.
– Har yili tomorqamizda sarimsoq piyoz, anor yetishtiramiz, qoramol boqamiz, – deydi oila kelini Farangiz Amirova. – Mahallamizda ish boshlagan hokim yordamchisi Sherzod Yo‘lliyev xonadonimizga kelib, oilamiz sharoiti bilan tanishdi va bo‘sh turgan molxonamizda parranda boqishni tavsiya etdi. 700 dona jo‘jani 45 kun boqsak, o‘rtacha 5 million so‘m daromad olishimizni aytdi. Hozir qaynukalarim, turmush o‘rtog‘im va qaynonam bilan jo‘ja boqyapmiz. Yetarlicha omixta yem, tovuqxonani qizitish uchun pech va suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan. Veterinar vrach Shohruh Murodov har ikki kunda kelib parrandalar holidan xabar oladi, maslahat beradi, jo‘jalarning rivojlanishini o‘rganadi. Uyda o‘tirib oilaviy byudjetimizni mustahkamlayotganimizdan xursandmiz.
Hokim yordamchisining aytishicha, mahallada yana 120 xonadon parranda boqish istagini bildirgan. Ularning ham bandligini ta’minlash uchun mahallaning o‘zida jo‘ja ochirishni yo‘lga qo‘yish uchun 12 ta zamonaviy inkubator xarid qilingan. Bu inkubatorlarda 25 kunda 8 mingta jo‘ja ochirish imkoni mavjud. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, mahalliy sharoitda ochirilgan har bir jo‘janing narxi 1,5 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Shu paytgacha aholiga tarqatilgan jo‘janing bittasi 7,5 ming so‘mdan xarid qilingan edi. Jo‘ja sotib olishda tejalgan mablag‘ inkubator ishchilariga maosh va elektr energiyasi xarajatiga sarflanadi. Bu bilan 300 dan ortiq kishining bandligi ta’minlanadi. Shuningdek, qo‘shni mahallalarda parranda boqishga qiziquvchi talabgorlarga sog‘lom, narxi arzon jo‘ja yetkazib beriladi.
Mahallada to‘rt yo‘nalish bo‘yicha ishga kirishgan hokim yordamchisi Sherzod Yo‘lliyev kooperatsiya asosida erkaklar va ayollar to‘nini tikishni tashkil etib, tikuvchilikka qiziqish bildirgan 20 nafar xotin-qizni ishli qildi.
– Shu paytgacha faqat uy ishlari bilan bo‘lib yurardik. Hokim yordamchisi bizga tikuv mashinasi, mato, xullas, kiyim -kechakning ipidan ignasigacha olib berdi, – deydi tikuvchi Maqsuda Hayitova. – Biz tikayotgan erkak va ayollar choponi, boshqa kiyim-kechaklar Angor buyumbozorida aholiga sotiladi. Tikkan har bir to‘n va kiyim-kechak uchun o‘rtacha 20 ming so‘m berishadi.
Ayni paytda bu sexni kengaytirib, mahsulot turini ko‘paytirish va tikuvchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yana bir guruh xotin-qizlarni ishga jalb etish choralari ko‘rilmoqda. Chunki, bozorda ular tikayotgan arzon, sifatli kiyim-kechaklarga ehtiyoj borligi ma’lum bo‘ldi. Mahallani puxta o‘rgangan Sherzod Yo‘lliyev odamlar bilan maslahatlashib, baliqchilikni ham yo‘lga qo‘yishga qaror qildi. Bu yerda aholi Baykal ko‘li, deb ataydigan 85 gektarlik chuqurlik bor. Unga aholi tomorqalari va fermer xo‘jaliklari dalasidan sizot suvlar oqib tushib, katta ko‘l hosil bo‘lgan. Chamasi, qirq yillardan buyon bu joy foydalanilmasdan turibdi.
Hokim yordamchisi ko‘lda zog‘ora va afrika laqqa baliqlari chavaqlarini parvarishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi. Ayni paytda ko‘l atrofi qudratli texnikalar bilan tekislanib, oqar suv kiritish va bir qismi chiqib ketishi uchun damba barpo etilmoqda. Kelgusida bu yerda baliqchilik klasterini barpo etish ko‘zda tutilmoqda. Baliqchilik yo‘nalishining dastlabki bosqichida 20 dan ortiq kishini ish bilan ta’minlashni mo‘ljallayotgan hokim yordamchisi dehqonchilikka qiziqish bildirgan odamlar xohishini ham ro‘yobga chiqarish yo‘lini topdi.
– Mahallani aylanib chiqqanimda ekin maydonlari fermer xo‘jaliklari va klaster tasarrufiga berilgan ekan, – deydi Sh. Yo‘lliyev. – Ulardan past unumli, qumloq joydan bo‘lsada, 20 gektar yer olib, plyonka ostida ertagi tarvuz, qovun yetishtiramiz. Pishib yetilgan poliz mahsulotlarini uzog‘i bilan may oyigacha bozorga chiqaramiz. Bu yerni 50 kishiga taqsimlab bermoqchimiz. Kayran mahallasidagi 792 xonadonda 4 ming 700 nafardan ziyod kishi yashaydi. Qo‘shni mahalladan kelib, kayranliklar bandligini ta’minlash va turmush darajasini yuksaltirishga bel bog‘lagan hokim yordamchisi barcha ishni aniq hisob-kitob bilan yuritadigan o‘ziga to‘q tadbirkor. Qat’iyatli inson.
–Shu mahallani rivojlantirishni menga ishonib topshirishdi, – deydi Sh.Yo‘lliyev. – Hudud bilan yaqindan tanishib, aholi bilan suhbatlashganimdan so‘ng ularning bandlik masalasini yechish uchun o‘zim sarmoya kiritib, ish o‘rinlari tashkil etishga qaror qildim. Aholi boqayotgan tovuqning ham, xotin-qizlar tikayotgan kiyim-kechak, yostiq, ko‘rpacha va boshqa mahsulotlarning ham xaridori bor. Endi yetishtiriladigan qovun-tarvuzga ham xaridor tayin. Yaqinda dastlabki do‘mboq jo‘jalarni aholidan qabul qilib olamiz. Tikuvchilik mahsulotlarimiz ham bozorda o‘z xaridorlarini topdi. Bilasizmi, kayranliklar intiluvchan, mehnatkash odamlar ekan. Ularning kelgusida bu ishlarni mustaqil uddalab ketishiga ishonaman. Men esa hozir mahallani rivojlantirib, aholi turmush darajasini oshirishda Prezidentimiz bildirgan yuksak ishonchni oqlash, aholini tadbirkorlikka ko‘niktirish uchun ishlayapman. Odamlarning yanada obod, to‘kin yashashi uchun qiyofasi tubdan o‘zgaradigan yangi Kayran mahallasini barpo etishga o‘z hissamni qo‘shish yo‘lida xizmat qilyapman.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA