Kattaqo‘rg‘onda chorvachilik ilmiy asosda rivojlantiriladi
Shu yil 10-iyun kuni davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish, olis va chekka tumanlarda aholi turmush darajasini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda Kattaqo‘rg‘on tumanini qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va bog‘dorchilik markazi sifatida rivojlantirish qayd etilgandi. Shu kuni qabul qilingan Prezident qarorida bu borada zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Qaror ijrosi doirasida tumanda chorvachilik sohasini ilmiy asosda rivojlantirish, chorva mollarining mahsuldorligini oshirish, zamonaviy oziqlantirish texnologiyalarini joriy etish hamda sohada ilmiy-amaliy hamkorlikni kuchaytirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, bu borada Belarus Respublikasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur universitetlar mutaxassislari tumandagi chorvachilik xo‘jaliklari va fermalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Chorva mollarini saqlash va parvarishlash sharoiti, oziqlantirish tizimi, ozuqa tarkibi va sifati, chorva mollarining mahsuldorlik ko‘rsatkichlari hamda mavjud imkoniyatlar o‘rganildi. Chorva mollarining genetikasi, oziqlantirish ratsionini ilmiy asosda shakllantirish, ozuqa sifatini yaxshilash va yuqori mahsuldorlikka erishish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tuman hokimligida hamkor ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislari hamda tuman mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor Xudoynazar Yunusov, belaruslik chorvachilik bo‘yicha ekspert Svetlana Kudelko hamda soha vakillari o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasidan kelib chiqib, chorvachilik fermalarida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, sog‘lom va yuqori mahsuldor chorva mollarini ko‘paytirish, veterinariya xizmati hamda parvarishlash jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdilar.
– Bugun chorvachilikda an’anaviy usullar bilan cheklanish iqtisodiy samara bermaydi, – deydi Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor Xudoynazar Yunusov. – Chunki, bugun iqlim o‘zgarishlari jadal davom etmoqda, oziq-ovqat xavfsizligi eng muhim masalalardan biriga aylanmoqda va xalqimizning ehtiyojlari ortib boryapti. Bunday sharoitda chorva mahsuldorligini oshirish orqali zarur miqdorda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish, shu soha bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlari, chorvador va fermerlar manfaatdorligini ta’minlash mumkin. Buning uchun esa sohaga ilmiy yondashuvni kuchaytirish zarur. Bu borada kattaqo‘rg‘onlik tadbirkor va fermerlarga Belaruslik hamkorlarimiz bilan birga chorva mollarining mahsuldorligini oshirish uchun oziqlantirish ratsionini takomillashtirish, bu borada ilg‘or xorijiy tajribani fermer xo‘jaliklari faoliyatiga joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, ilm-fan, zamonaviy texnologiya va ilg‘or xorijiy tajribani amaliyot bilan uyg‘unlashtirish chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish hamda tarmoqning iqtisodiy samaradorligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, uchrashuvda Kattaqo‘rg‘on tumani va Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti o‘rtasida dual ta’lim bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri