Katta Quyosh qurilmasi ob’ektiga press-tur
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Parkent tumanida joylashgan Materialshunoslik institutida ommaviy axborot vositalari, turistik kompaniyalar va yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Mamlakatda kechayotgan ilmiy-ma’rifiy jarayonlarni kengaytirish, aholi va ayniqsa yoshlarni mahalliy olimlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, ilmiy-ma’rifiy turizmni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda institut direktori Odilxo‘ja Parpiyev yosh tadqiqotchi va OAV xodimlariga ilmiy muassasa faoliyati haqida ma’lumot berdi.

Materialshunoslik institutida katta hajmli, ulkan quyosh sandoni mavjud bo‘lib, aynan ana shu ob’ektni tomosha qilish, faoliyati bilan tanishish uchun ko‘plab sayyohlar keladi. Institut olimlarining aytishicha, ushbu ob’ekt qamrov faoliyati kengligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda esa Fransiyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Ob’ektning asosiy qismi – quyosh sandoniga lift bilan chiqiladi. Undan yashil makon bo‘y basti bilan namoyon bo‘ladi. Xalq tilida quyosh batareyalari nomi bilan ataluvchi qurilmalar quyosh sandonidan uncha uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan.

Ikkala qurilma birgalikda katta issiqlik haroratini paydo qiladi. Ob’ekt texnik jihatdan to‘liq nazorat qilinadi, xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor beriladi. Ayrim sabablarga ko‘ra, uzoq yillar faoliyati ochiqlanmagan ushbu ob’ekt tadqiqotchilar va mehmonlar uchun eshiklarini to‘liq ochgan.

Osiyo mintaqasida yagona Katta Quyosh qurilmasi noyob ilmiy ob’ekt bo‘lib, akademik Sodiq Azimov boshchiligida tashkil etilgan. Inshootning balandligi 60 metr.
Akademiya matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari uchun tabiiy gazni turli birikmalardan tozalash va quritishda ishlatiladigan keramik sharlarga yillik ehtiyoj 300 tonnani tashkil etadi. 2023 yildan boshlab importni (Rossiyadan) to‘xtatish rejalashtirilgan.
“Yashil” vodorod olish texnologiyalari va materiallari, karbon tolalari ishlab chiqarishning yangi texnologiyalarini amalga tatbiq etish borasida samarali ishlar qilinmoqda. Institut olimlari tomonidan is gazini yig‘ish va issiqxonalarda qo‘llash uchun g‘ovakli absorberlar qo‘llanilmoqda. Bu esa ish unumdorligini oshiradi.

Institut xalqaro faoliyatni ham yaxshi yo‘lga qo‘ygan. Rossiya aviatsion materiallar instituti bilan kosmik kemalarning termik himoya qobig‘i sinovdan o‘tkazilmoqda. Belarus MFA Materialshunoslik markazi bilan o‘ta o‘tkazuvchanlilik xususiyatiga ega materiallar yaratish va sinash ishlari olib borilyapti.
Tadbir davomida institut olimlari tomonidan yaratilgan innovatsiyalar keng jamoatchilikka namoyish etildi.
Dilobar Mamatova, O‘zA