Kasbiy ta’limning kelajagi salohiyatli o‘qituvchidan boshlanadi
O‘zbekistonda ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, xususan, kasbiy ta’limni zamon talablariga moslashtirish yo‘lida xalqaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shu maqsadda YUNESKOning Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “O‘zbekistonning qishloq joylarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish” loyihasi doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda uch kunlik seminar tashkil etildi.

Seminarda “Curriculum GlobALE” yondashuviga asoslangan Kattalar ta’limining birinchi va ikkinchi modullari bo‘yicha treninglar o‘tkazildi. Bu faoliyat o‘qituvchilarning professional rivojlanishiga xizmat qilib, mamlakat miqyosida ta’lim sifatini yanada oshirishga hissa qo‘shadi.

Tashabbus doirasida Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti va Ilg‘or kasbiy tayyorgarlik markazlari rahbarlari hamkorligida to‘rtta hududdan 24 nafar o‘qituvchi va murabbiylar salohiyatni oshirish dasturlarida ishtirok etish uchun tanlab olindi.

2025 yil noyabr–dekabr oylarida ular uchun qo‘shimcha Kattalar ta’limi mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
YUNESKOning bu tashabbusi O‘zbekistonda Ilg‘or kasbiy mukammallik markazlarini rivojlantirish, o‘qituvchilar va murabbiylarning kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam hisoblanadi.
Nigora Rahmonova, O‘zA