Kasbidan baxt topgan ayol
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, Andijon viloyati ham ulkan qurilish maydoniga aylangan. Viloyatda barpo etilayotgan yangi-yangi ko‘chalar, bog‘ va xiyobonlar, maktab, turar-joy binolari, savdo va xizmat ko‘rsatish inshootlari, hududlar infratuzilmasi yaxshilanmoqda, qishloq va shaharlar yanada obod bo‘lib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda.
Albatta, har qanday qurilishning asosi loyihalash va muhandislik sohasiga bog‘liq. Istaymizmi, yo‘qmi, mustahkam bino va muhtasham inshoot qiyofasi, poydevori dastlab chizmalarda, loyihachi-muhandislarning tafakkurida shakllanadi. Demak, barpo etilayotgan yangi inshootning birinchi bunyodkorlari aynan loyihachi-muhandislar desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda, ushbu mas’uliyatli va murakkab sohada erkaklar bilan bir safda turib, yirik loyihalarga bosh-qosh bo‘layotgan, o‘zining ko‘p yillik tajribasi bilan salmoqli ishlarni amalga oshirayotgan ayol rahbarlarning borligi milliy shaharsozlik nufuzini yanada oshirmoqda. Xususan, ana shu sohada uzoq yillardan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan Zamiraxon Soliyeva ham tajribali loyihachi-muhandislardan.
Zamiraxon Soliyeva Buloqboshi tumanida tug‘ilgan. 1978-yili Toshkent politexnika institutining Arxitektura yo‘nalishini tamomlagach, mehnat faoliyatini ana shu yili Andijon viloyati Arxitektura va qurilish boshqarmasida boshlagan.
Yosh mutaxassis sifatida ish boshlagan dastlabki davrda ustozlaridan soha sir-asrorlarini puxta o‘rganishga intildi. Doimiy ravishda izlandi, tajribasini oshirdi. Uning sa’y-harakatlari besamar ketmadi. Bir necha yil o‘tib, tajribali mutaxassis sifatida shakllandi, rahbarlari, ustozlari ishonchini oqladi.
[gallery-30810]
Tajribali mutaxassis 2008-yilda ota-onasi, ustozlarining duosi bilan “Imkon Qurilish Rivoj” deb nomlangan mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etib, mustaqil ish yurita boshlaydi. Bu ishda unga yaqinlari, oila a’zolari yordam berdi, qo‘llab-quvvatladi. Ana shundan buyon ushbu jamiyat viloyat qurilish-loyihalash sohasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Zamiraxon Soliyeva rahbarligidagi korxona mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan Jalaquduq tumanidagi zamonaviy to‘qimachilik korxonasi, Andijon shahri Mashrab ko‘chasidagi besh qavatli turar-joy, Bobur shohko‘chasida joylashgan besh qavatli savdo hamda maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari, Oltinko‘l tumani Mehnat mahallasidagi 300 o‘ringa mo‘ljallangan innovatsion maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi, Ittifoq mahallasida qad rostlagan yetti qavatli zamonaviy turar-joy majmuasi, Andijon shahrida joylashgan Bobur nomidagi xususiy maktab, Andijon tumanidagi 36-umumta’lim maktabining yangi o‘quv binosi loyihalari hududlar infratuzilmasi va o‘ziga xos qiyofasini yaratishda muhim o‘rin tutishini alohida e’tirof etish lozim.
Umuman, jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘tgan 2025-yilda jami 26 ta ob’ekt loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lsa, joriy yilning shu paytiga qadar jami 16 ta qurilish ob’ektining loyiha-smeta hujjatlari tayyorlandi. Bu ishlarga tajribali, o‘z ishining mohir ustasi hamisha o‘zi bosh-qosh.
– Bugungi yoshlarga, ayniqsa, qizlarga havasim keladi, – deydi Z.Soliyeva. – Chunki bugun mamlakatimizda xotin-qizlarga o‘z salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ana shu imkoniyatlar samarasi o‘laroq ko‘plab xotin-qizlar nafaqat qurilish, qo‘yingki, turli sohalarda samarali ish olib bormoqda, yurtimiz ravnaqiga, xalqimiz turmush farovonligining yuksalishiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Zamiraxon Soliyeva nafaqat kasbining fidoyisi va ustasi, balki ko‘plar havas qilsa arziydigan ibratli oilaning baxtli bekasi. U turmush o‘rtog‘i bilan bir qiz, uch o‘g‘ilni tarbiyalab voyaga yetkazdi. O‘qitdi, uyli-joyli qildi, el qatoriga qo‘shdi. Quvonarlisi farzandi Dilshodbek, nabiralari uning ishini davom ettirmoqda.
Bugungi kunga kelib, hayotidan baxt topgan, o‘z ishining fidoyisi bo‘lgan Zamiraxon Soliyeva asos solgan “Imkon Qurilish Rivoj” mas’uliyati cheklangan jamiyat yuqori natijalarga erishmoqda. Buning asosiy omili jamoada o‘zi kabi kasbining haqiqiy fidoyilari jamlangan.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.