Kasbga va so‘zga sadoqat e’tirofi
FOTOREPORTAJ
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga muvofiq davlat mukofoti bilan taqdirlangan bir guruh jurnalistlar orasida “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyatining Navoiy viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri Dilfuza G‘ulomova ham borligi navoiylik qalam ahlini birday quvontirdi.
Navoiy viloyat “Matbuot uyi”da “Shuhrat” medali sohibi Dilfuza G‘ulomova bilan bir guruh yosh va faol jurnalistlar o‘rtasida ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida tajribali jurnalist o‘zining uzoq yillik mehnat faoliyati haqida so‘zlab berdi. Kasbga va so‘zga sadoqatning mohiyati, milliy kontent yaratish zarurati, davlatimiz tomonidan tizimga qaratilayotgan e’tibor xususida samimiy suhbat qurildi.
[gallery-18354]
- Esimda, o‘shanda bog‘cha yoshida edim, Dilfuza G‘ulomova mendan qaysidir bayramda intervyu olgani hamon xotiramda, - deydi Navoiy viloyat teleradiokompaniyasi jamoatchi muxbiri Ruslan Rizayev. - Dilfuza opaga o‘shandayoq havas bilan qarab, katta bo‘lsam, albatta, jurnalist bo‘laman, deya niyat qilgandim. Bugun Dilfuza G‘ulomova kabi tajribali jurnalistlar bilan bir safda ishlayotganimdan faxrlanaman. Mana bunday ijodiy uchrashuvlar esa biz, yoshlar uchun jurnalistik faoliyatimizda o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA