Kasb-hunar va chet tillari o‘rgatiladi
Kattaqo‘rg‘on shahrida ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarga kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarni o‘rgatishga mo‘ljallangan “Ishga marhamat” monomarkazi ochildi.
Markaz ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Bahodir Umrzoqov, Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, bunday maskanlar aholining ishsiz qatlami bandligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
– Samarqand shahrida 2021 yilda ochilgan birinchi monomarkazda shu paytgacha minglab fuqarolar kasb-hunar o‘rganib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga erishdi, – dedi E.Turdimov. – Bundan tashqari, markazda chet tillarini o‘rganib, xorijga ishga borayotgan yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlagan yurtdoshlarimiz ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Endilikda Kattaqo‘rg‘onda shunday maskan faoliyat boshlashi viloyatimizning mazkur hududi aholisi uchun katta qulaylik yaratdi. Bunday markazlarni tashkil qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz nafaqat ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitib, sertifikat berish, balki ularning mehnat bozoriga raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib kirib borishini ta’minlashdir.
[gallery-14579]
Monomarkaz qurilishi va jihozlanishi uchun 6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Bu yerda Kattaqo‘rg‘on shahri, Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod tumanlarining ishsiz fuqarolari kasb-hunarga o‘qitiladi. Markazda yiliga 2000 nafar fuqaro kasblarning murakkablik darajasi asosida ishlab chiqiladigan o‘quv dasturlariga muvofiq 2 oydan 6 oygacha o‘qib, kasb-hunar o‘rganadi. Bitiruvchilarga egallagan bilimlari uchun mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirigan sertifikat beriladi.
– Band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi mazkur monomarkazda ishsiz fuqarolar 15 ta xizmat ko‘rsatish, 8 ta texnik, 4 ta qishloq xo‘jaligi va 2 ta raqamli texnologiya yo‘nalishi bo‘yicha kasb-hunar, 5 ta xorijiy tilni o‘rganishi mumkin, – deydi Samarqand viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Temur Mahmudov. – Ularga malakali mutaxassislar, o‘z brendiga ega tadbirkorlar saboq beradi. O‘quv -mashg‘ulot xonalari, ustaxonalar eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Endilikda viloyatimizning sakkiz tuman, shahrida yashovchi yurtdoshlarimiz bu yerga kelib o‘qishlari mumkin. Uzoq hududlardan kelib o‘qiydigan tinglovchilar uchun yotoqxona mavjud. Yaqin orada monomarkaz tinglovchilari va ishlab chiqarish ustalari tomonidan tayyorlangan mahsulotlarni sotishga mo‘ljallangan savdo nuqtasi tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Markazning ochilishida viloyat tuman va shaharlari hokimlari ham qatnashib, bu yerda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari