Kasb, daromad va yangi imkoniyatlar sari ochilgan yo‘l
Ayolning qo‘lida kasb bo‘lsa, uning ortidan oilaga daromad, xonadonga fayz va jamiyatga yangi imkoniyat kirib keladi. Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan “Orasta ayol” loyihasi ana shu oddiy, ammo hayotiy haqiqatni amaliyotga aylantirmoqda.
Bugun mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish masalasiga faqat moddiy yordam ko‘rsatish nuqtai nazaridan emas, balki insonning o‘z mehnati bilan daromad topishi, kasb egallashi va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashi nuqtai nazaridan yondashilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning aholi daromadini oshirish, kambag‘al oilalarni doimiy daromad manbaiga ega qilish, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish va ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari zamirida ham aynan shu maqsad mujassam.
“Orasta ayol” loyihasi ana shu siyosatning mahalladagi amaliy ifodalaridan biri sifatida ahamiyatlidir.
Loyihaning mohiyati oddiy: ijtimoiy reyestrga kiritilgan kambag‘al oilalardagi ishsiz, kasb va daromad manbaiga ega bo‘lmagan xotin-qizlarga kasb o‘rgatiladi, ularning uylarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etiladi, zarur jihozlar bilan ta’minlanadi va rasmiy mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashiladi. Bu yerda e’tiborli jihat — yordamning bir martalik emasligida.
Kambag‘al oilaga bir martalik moddiy ko‘mak berish muayyan muammoni vaqtincha yengillatishi mumkin. Ammo insonga kasb o‘rgatish, ishlash uchun sharoit yaratish va daromad manbaini shakllantirish uning hayotida uzoq muddatli o‘zgarish yasaydi. “Orasta ayol”ning asosiy falsafasi ham shunda. Ya’ni, muammoni aniqlash, kasbga o‘qitish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ishlash sharoitini yaratish, asbob-uskunalar bilan ta’minlash, daromad manbaini shakllantirish. Bu zanjirning har bir bo‘g‘ini bir-biri bilan uzviy bog‘langan.
Agar ayolga kasb o‘rgatilib, ammo ishlash uchun jihoz berilmasa — natija to‘liq bo‘lmaydi. Jihoz berilsa-yu, ish joyi bo‘lmasa — muammo yana saqlanib qoladi. Ishlash imkoniyati yaratilsa-da, faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘mak bo‘lmasa, tashabbus barqaror daromad manbaiga aylanmasligi mumkin. Shuning uchun loyihada kasb, infratuzilma, jihoz va bandlik bir butun tizim sifatida qaralayotgani uning muhim jihatidir.
Loyihaning dastlabki natijalari Buxoro viloyati misolida ham ko‘rina boshladi. Rejaga muvofiq, joriy yilning 29-iyuldan boshlab viloyatning turli hududlaridan 33 nafar xotin-qiz sartaroshlik yo‘nalishi bo‘yicha 12 haftalik kasbiy ta’lim kurslariga jalb etildi. Ular Buxoro shahri, Buxoro, Kogon, G‘ijduvon, Vobkent, Shofirkon, Qorako‘l, Olot, Romitan va Jondor tumanlaridan qamrab olindi. Bu raqamning ortida 33 ta alohida taqdir bor. Ularning har biri uchun ishsizlikning sababi, oilaviy sharoiti va kelgusida daromad topish imkoniyati turlicha. Biroq loyiha ularga umumiy yordam emas, aniq imkoniyat berishni maqsad qilgan. Eng muhimi, 33 nafar xotin-qizning 27 nafari o‘qish davrida stipendiya bilan ta’minlandi.

Buning ijtimoiy ahamiyati katta. Chunki ehtiyojmand oiladagi ayol uchun kasb o‘rganish istagining o‘zi yetarli emas. Uning o‘qish davridagi kundalik ehtiyojlari ham hisobga olinishi zarur. Stipendiya esa ayni shu davrda xotin-qizning ta’limdan uzilib qolmasligiga xizmat qiladi. Odatda kasbiy ta’lim haqida gap ketganda, uning samarasi kursni tamomlaganlar va berilgan sertifikatlar soni bilan o‘lchanadi. “Orasta ayol”da esa mezon boshqacha. Kursni tugatish — natija emas, natijaga olib boruvchi bosqich. Chunki ayolning qo‘lida sertifikat bo‘lishi uning daromadi paydo bo‘lganini anglatmaydi. Haqiqiy natija — uning kasbidan foydalanib, mustaqil ish boshlashi va oilasiga daromad keltira boshlashidir. Shu nuqtai nazardan, loyiha doirasida kasbiy ta’limni tamomlab, ish boshlagan 22 nafar xotin-qiz uchun yangi bosqich boshlandi. Ularning 7 nafariga yengil konstruksiyali sartaroshlik inshootlari yaratildi, 15 nafarining uy-joylari zamonaviy ta’mirlandi. Eng muhimi, 22 nafarning barchasi go‘zallik saloni uchun zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Demak, bu yerda “kasb o‘rgatildi” degan ma’lumotning o‘zi bilan cheklanilmagan. Ayolning ishlashi uchun zarur sharoit ham yaratilgan.
— Men doimo o‘z ustimda ishlashga, yangi kasblarni o‘rganishga va oilamga munosib daromad topishga harakat qilib kelganman, —deydi Kogon tumani “Geofizika” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Aziza Shirinova. —Go‘zallik sohasiga avvaldan qiziqishim bor edi. Shuning uchun bu yo‘nalishda bilim olish va malakali mutaxassis bo‘lishni maqsad qildim. Bir kuni ijtimoiy tarmoq orqali go‘zallik sohasida o‘qitish bilan shug‘ullanadigan markazga murojaat qildim. O‘qishni xohlayotganimni aytdim. Maslahatlashib, o‘qishga borishga qaror qildim. Uch oy davomida tahsil oldim va sertifikatga ega bo‘ldim. O‘qish davomida ko‘p narsalarni o‘rgandim, o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortdi. Keyin esa o‘z faoliyatimni boshladim.
Dastlab mijozlarim kam edi. Ammo ishimga mehr bilan yondashdim, harakat qildim va tajriba orttirdim. Vaqt o‘tishi bilan mijozlarim soni ko‘payib bordi. Shunda yana bir narsani angladim: inson qancha ko‘p o‘rgansa, o‘z kasbini qancha yaxshi egallasa, uning imkoniyatlari shuncha ortadi. Shu sababli manikyur va pedikyur yo‘nalishlarida ham tahsil oldim. Qo‘shimcha kasbiy bilim va ko‘nikmalarni egalladim. Buning natijasida xizmatlar turini kengaytirdim, mijozlarim yanada ko‘paydi. Hozir ham o‘qishni davom ettirish, yangi bilimlar olish va o‘z ustimda ishlash istagim bor. Chunki men bir joyda to‘xtab qolishni istamayman.
Kelajakda yanada malakali mutaxassis bo‘lib, o‘z ishimni kengaytirishni orzu qilaman. Bir kuni mahalladagi ishlar va tadbirkorlik masalalari bilan bog‘liq harakatlarim davomida hokim yordamchisi Said aka bilan bog‘liq imkoniyat haqida xabar topdim. O‘sha paytda men uchun bu juda kutilmagan yangilik edi. Rostini aytsam, juda xursand bo‘ldim. Bunday imkoniyat bo‘lishini kutmagan edim. Chunki shu vaqtgacha mahallaga ko‘p bor murojaat qilganman, muammolarimni hal qilish uchun ko‘p harakat qilganman. Ba’zan esa natija bo‘lishiga ishonchim ham susaygan. Mening oilaviy sharoitim, farzandlarim bor. Shuning uchun o‘zimni tiklash, kasbim orqali daromad topish va oilamga yordam berish men uchun juda muhim edi. Shunday vaziyatda qo‘llab-quvvatlash va imkoniyat eshiklari ochilishi menga katta kuch bag‘ishladi. Oradan vaqt o‘tib, menga telefon qilishdi va yaxshi xabarni yetkazishdi. Bu xabarni eshitganimdagi quvonchimni so‘z bilan ifodalash qiyin. Avvaliga ishonmadim ham. Keyin esa yaqinlarimga qo‘ng‘iroq qilib, bu yangilikni ular bilan bo‘lishdim. Ular ham mening xursandchiligimga sherik bo‘lishdi. Men uchun bu shunchaki yordam emas, balki kelajakka bo‘lgan ishonchimni qayta tiklagan katta imkoniyat bo‘ldi.
Davlatimizda oddiy ayollarning ham mehnati, intilishi va orzu-maqsadlariga e’tibor qaratilayotganini his qildim. Bugun o‘zimning doimiy mijozlarim bor. Ular bilan aloqada bo‘lib turaman, xizmatlarimdan mamnun bo‘lgan ayollar yana murojaat qilishadi. O‘z guruhimni ham tashkil qilganman. Mijozlarimga qosh va yuz parvarishi, manikyur, pedikyur, depilyatsiya kabi xizmatlarni ko‘rsataman. Men uchun mijozlarning ishonchi juda muhim. Shuning uchun tozalik va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishga harakat qilaman. Har bir mijozga alohida e’tibor bilan yondashaman. Ilgari boshqa salonlarda ishlashimga to‘g‘ri kelardi. Joy uchun haq to‘lardim, mijoz to‘plashga harakat qilardim. Hozir esa o‘zimning kichik bo‘lsa-da, shaxsiy ish joyim bor. Bu men uchun katta baxt va mustaqillikdir. Ayniqsa, bayram kunlari mijozlarim ko‘payadi. Ba’zi kunlari 500–600 ming so‘mgacha daromad topgan paytlarim ham bo‘ladi. Bu natijalarga o‘z mehnatim, harakatim va o‘rganishga bo‘lgan intilishim orqali erishyapman. Albatta, hali rejalarim ko‘p. Yana o‘qimoqchiman, malakamni oshirmoqchiman va kelajakda salonimni kengaytirishni istayman.
Orzum — barcha sharoitlarga ega, zamonaviy va chiroyli salon ochib, yanada ko‘proq mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish. Menga ishonch bildirgan, qo‘llab-quvvatlagan, muammolarimni hal qilishda yordam bergan Prezidentimga minnatdorchilik bildiraman. Men bir narsaga amin bo‘ldim: insonda xohish, harakat va ishonch bo‘lsa, yangi imkoniyatlar orqali hayotini o‘zgartirishi mumkin. Bugun mening ham o‘z maqsadlarim, rejalarim va kelajakka bo‘lgan umidim bor. Eng muhimi, o‘z mehnatim bilan daromad topyapman va yanada yuqori natijalarga erishish uchun harakat qilyapman.

Loyihaning yana bir muhim jihati — xizmat ko‘rsatish nuqtalarining xotin-qizlarning yashash xonadonlarida tashkil etilayotganidir. Bu, bir tomondan, ishsiz ayol uchun ijara xarajatlarini kamaytirish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, aholiga yaqin hududda xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi. Ya’ni loyiha faqat bitta insonning bandligini ta’minlamaydi. U mahallada xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini ham rivojlantiradi.
Bugun uyida sartaroshlik xizmatini ko‘rsatayotgan ayol ertaga o‘z faoliyatini kengaytirishi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishi mumkin. Shu tariqa bir oila doirasida boshlangan tashabbus kelgusida kichik biznes sub’ektiga aylanishi ehtimoldan xoli emas.
Kambag‘allikni qisqartirish haqida gap ketganda, eng muhim savol — insonni qanday qilib doimiy daromad manbaiga olib chiqish mumkin? Javob esa mehnat va kasb bilan bevosita bog‘liq.
Agar oilada mehnatga layoqatli inson kasbga ega bo‘lsa, uning ishlash imkoniyati yaratilsa va o‘z mehnati bilan daromad topishiga sharoit berilsa, bu oilaning ijtimoiy holatida barqaror o‘zgarish paydo qiladi. Shu ma’noda, “Orasta ayol” loyihasini faqat xotin-qizlar bandligi loyihasi sifatida baholash kamlik qiladi. Uning asl mazmuni — kambag‘al oilani doimiy daromad manbaiga olib chiqish mexanizmini yaratishdir.
Bu yondashuv O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirish, aholi farovonligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatida belgilab berilgan ustuvor vazifalar bilan hamohang. Jumladan, Prezidentning 2024-yil 4-oktabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida ehtiyojmand oilalar muammolarini manzilli hal etish, ular uchun individual dasturlarni shakllantirish va kambag‘allikdan chiqarish imkoniyatlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
“Orasta ayol” ana shu yondashuvning amaliyotdagi ko‘rinishlaridan biri sifatida insonni tayyor yordam oluvchidan o‘z mehnati bilan daromad topuvchi faol sub’ektga aylantirishni ko‘zda tutadi.
Albatta, loyihaning dastlabki natijalari quvonarli. Ammo uning haqiqiy samaradorligi faqat tashkil etilgan salonlar yoki o‘qitilgan xotin-qizlar soni bilan emas, balki vaqt o‘tishi bilan baholanadi.

Masalan, uch oydan keyin nechta “uy-salon” faoliyatini davom ettiradi? Olti oydan keyin ularning daromadi qanday o‘zgaradi? Xizmatlariga talab bormi? Xotin-qizlar rasmiy faoliyat yurityaptimi? Ular o‘z oilasining daromadiga qancha hissa qo‘sha boshladi? Aynan shu savollar loyihaning ijtimoiy ta’sirini belgilab beradi.
Shu bois loyihada monitoring va mentorlik mexanizmlarining nazarda tutilgani muhim. Chunki yangi ish boshlagan insonga faqat jihoz berib qo‘yishning o‘zi kifoya emas. Unga mijozlar bilan ishlash, xizmat sifatini oshirish, moliyaviy rejalashtirish va faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat ham zarur. “Orasta ayol”ning eng katta ijtimoiy ahamiyatini raqamlarda emas, inson taqdirida ko‘rish mumkin.
Kecha ishsiz bo‘lgan, kasb va daromad manbaiga ega bo‘lmagan ayol bugun o‘z kasbiga ega. Uning ishlash joyi, zarur jihozlari hamda xizmat ko‘rsatish imkoniyati bor. Eng muhimi, o‘z mehnati bilan daromad topish uchun real imkoniyat yaratilgan. Bu esa bir oila uchun yangi iqtisodiy tayanch demakdir.
Bunday tashabbuslar qancha ko‘paysa, mahallalarda shuncha ko‘p ayol mehnat bozoriga kirib keladi, oilalarning daromad manbalari kengayadi, ijtimoiy boqimandalik kamayadi. Shu nuqtai nazardan, davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “insonga tayyor yordam berish emas, uni daromad topish imkoniyatiga ega qilish” tamoyili “Orasta ayol” loyihasining mazmun-mohiyatida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Zero, kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li — insonning qo‘liga tayyor mablag‘ berishdan ko‘ra, uning qo‘liga kasb, mehnat qilish imkoniyati va daromad manbaini berishdir.
“Orasta ayol”ning bugungi natijalari esa shu g‘oyaning hayotdagi amaliy ifodasidir. Eng muhimi, bu loyihada gap shunchaki 350 ta «uy-salon» tashkil etish yoki yuzlab xotin-qizlarni o‘qitish haqida emas. Gap — har bir xonadonda yangi imkoniyat eshigini ochish, har bir ayolni o‘z mehnatiga ishontirish va oilani barqaror daromad manbaiga olib chiqish haqida. Shunda “Orasta ayol” nomi shunchaki loyiha nomi bo‘lib qolmaydi. U mehnat, o‘zgarish va iqtisodiy mustaqillik timsoliga aylanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri