Kasaba uyushmalari xodimlari sharaflandi
Surxondaryo viloyatida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bayramini keng nishonlash yuzasidan tegishli rejalar belgilab olindi. Unga muvofiq joylarda ma’naviy-ma’rifiy, saxovat tadbirlari o‘tkaziladi.
Termiz shahridagi “Afruz” tantanalar saroyida “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” shiori ostida tashkil etilgan tadbir ham ana shu sanaga bag‘ishlandi. Unda viloyat hokimi T. Боболов, O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi raisi o‘rinbosari T. Bozorov, viloyat sektorlari va boshqarma, muassasalar rahbarlari, hamkor tashkilotlar, uyushma xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyati hokimi T.Bobolov, O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi raisi o‘rinbosari T. Bozorov va boshqalar barchani bayram bilan tabriklab, bugun kasaba uyushmalari bundan besh yil oldingi mehnatkashlar tashkilotidan umumxalq tashkilotiga aylanib borayotgani haqida atroflicha so‘z yuritdi. Yangi O‘zbekistonni barpo etishda tashabbuskorlik namunalarini ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Ayni paytda viloyat kasaba uyushmalari o‘z safida 340 mingdan ziyod a’zoni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashga yaqindan ko‘maklashmoqda. Chunki, keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar kasaba uyushmalarini aholining ijtimoiy himoyasiga qaratilgan o‘z maqsadi, yo‘nalishi, yangicha yondashuv asosida ishlayotgan kuchli boshqaruv tizimiga ega tashkilotga aylantirdi.
Kasaba uyushmalarining mamlakatimizda “El aziz, inson aziz” shiori asosida mehnatsevar, zahmatkash xalqimizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash va ularning munosib mehnat qilib, dam olishi, to‘kin yashashiga alohida e’tibor qaratayotgani yaqqol dalildir. Masalan, birgina Surxondaryo viloyatida so‘nggi yillarda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, salomatligini mustahkamlash uchun “Amudaryo” sog‘lomlashtirish markazi, “Termiz marvaridi”, “Xo‘jaipok” hamda “Sangardak” sanatoriylari qurilib, foydalanishga topshirildi. So‘lim va zamonaviy bu maskanlarda bir yilda o‘rtacha 15 mingga yaqin yurtdoshimiz hamda xorijlik mehmonlar dam olib, solomatligini mustahkamlamoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida kasaba uyushmalari ko‘magi bilan ikki mingga yaqin ishchi-xodim mamlakatimizning mashhur tarixiy shaharlariga sayohatda bo‘lib qaytdi. “Ayollar daftari” tizimi orqali 100 mingdan ortiq xotin-qizning turmush sharoitini yaxshilash va muammolarini hal etishga yaqindan yordam berildi.
Vohada ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini ta’minlash, ularga munosib mehnat sharoitlari yaratish, kooperatsiya usulida hunarmandlikni rivojlantirish, kelajagimiz egalarini yozgi oromgohlarda sog‘lomlashtirish kabi yo‘nalishlarda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Soha fidoyilari sharaflangan bayram tadbirida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi e’lon qilgan “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng yaxshi ayol ish beruvchi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” singari tanlovlar g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bir guruh soha xodimlari va faol ishchi-xizmatchilar viloyat hokimining sovg‘alari bilan taqdirlandi.
San’at ustalarining qiziqarli bayram dasturi barchaga bir olam quvonch bag‘ishladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA