Kasaba uyushmalari tashkilotlarining faoliyati tartibga solinadi
Mamlakatimizda kasaba uyushmalari tashkilotlari ishining samaradorligini oshirish, shuningdek, kasaba uyushmalari tashkilotlarining faoliyatini tartibga solish maqsadida 2025 yil 10 fevralda Vazirlar Mahkamasining “Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalarini va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Navoiy viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Xusanov muxbirimizga mazkur qarorning mazmun-mohiyati haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Mazkur qaror bilan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yishda inson omilini cheklash, hisobga qo‘yilganligi haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan guvohnoma berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish hamda ularning reyestrini joriy etish va yuritish maqsadida Nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari o‘z ixtiyoriga ko‘ra adliya organlarida hisobga qo‘yiladi.
Bo‘linma va boshlang‘ich tashkilotni hisobga qo‘yish bo‘yicha davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari, Nodavlat notijorat tashkilotlarining elektron platformasi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ko‘rsatiladi.
Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat qilgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, Platforma yoki YAIDXP orqali murojaat qilgan taqdirda esa, mustaqil ravishda ushbu Nizomga muvofiq shakldagi so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi.
So‘rovnomaga bo‘linmani hisobga qo‘yish uchun bo‘linmani tuzish, tashkil etish, faoliyatini tugatish tartibi, shuningdek, ularning huquqlari va majburiyatlari nazarda tutilgan tegishli kasaba uyushmasi ustavining nusxasi yoki tegishli kasaba uyushmasi ustaviga muvofiq ishlab chiqilgan davlat tilidagi bo‘linma to‘g‘risidagi nizom, tegishli kasaba uyushmasi ustavida belgilangan vakolatli rahbar organning bo‘linmani tashkil etish to‘g‘risidagi bayonnomasi yoxud qarori (bunda bo‘linmaning rahbar organlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi), tegishli kasaba uyushmasining markaziy rahbar organi tomonidan bo‘linma rahbariga berilgan ishonchnomaning nusxasi ilova qilinadi.
Boshlang‘ich tashkilotni hisobga qo‘yish uchun esa tegishli kasaba uyushmasi ustaviga muvofiq ishlab chiqilib, tasdiqlangan davlat tilidagi boshlang‘ich tashkilot to‘g‘risidagi nizom, tegishli kasaba uyushmasi a’zolarining boshlang‘ich tashkilotni tashkil etish to‘g‘risidagi bayonnomasi yoxud qarori (bunda boshlang‘ich tashkilotning rahbar organlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi).
Bo‘linmani va boshlang‘ich tashkilotni hisobga qo‘yish uchun yig‘im undirilmaydi.
Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning so‘rovnomasi markaz xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng, platforma yoki YAIDXP orqali murojaat qilinganda esa, so‘rovnoma avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga yuboriladi.
Bo‘linma yoki boshlang‘ich tashkilotni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi so‘rovnoma ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi.
So‘rovnomani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan bo‘linmani yoxud boshlang‘ich tashkilotni hisobga qo‘yish yoki hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan bo‘linmani yoki boshlang‘ich tashkilotni hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risidagi qaror yoki bo‘linma yoxud boshlang‘ich tashkilotning hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida mazkur Nizomda belgilangan shaklda QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan guvohnoma Davlat xizmatlari markaziga, Platforma yoki YAIDXP orqali murojaat etilganda ariza beruvchiga yuboriladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan hisobga qo‘yilgan bo‘linmalar va boshlang‘ich tashkilotlar reyestri yuritiladi.
Eng muhimi, mazkur Nizom bilan amaliyotda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan bank hisobvaraqlarini ochish bilan bog‘liq mavjud muammolar hal etiladigan bo‘ldi.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi.