Kartoshkachilikda yer aldovni ko‘tarmaydi, ilmga tayangan dehqon esa pand yemaydi
Qaror va ijro
Uy bekalari bozorga borsa, birinchi navbatda kartoshkaning narxini surishtiradi. Sababi bu mahsulot go‘sht qovurganda, sho‘rva qaynatganda, bolajonlar sevgan kartoshka fri tayyorlayotganda ham kerak bo‘ladi.
Kundalik turmushimizda muhim sanalgan bu mahsulot bejiz “ikkinchi non” deb atalmaydi. Shu bois, so‘nggi yillarda kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish, sifatli urug‘chilikni yo‘lga qo‘yish eng dolzarb vazifaga aylandi.
Tan olish kerak, yaqin-yaqingacha yurtimizda ekiladigan kartoshka urug‘larining katta qismi chetdan keltirilardi. Bu esa dehqon har safar xorijdan qimmat valyutaga urug‘ sotib olishga majbur bo‘lganini anglatadi. Dollar kursi yoki logistikadagi muammolar to‘g‘ridan-to‘g‘ri urug‘ narxiga, demakki, bozordagi kartoshka bahosiga ham ta’sir qilardi.
Qolaversa, import urug‘ hamma vaqt ham quyoshli, ba’zida keskin o‘zgaruvchan iqlimimizga mos kelavermagan. Eng yomoni, bir necha yil takror ekilgandan so‘ng urug‘ qariydi. Avvalgi hosildorlikni bermay qo‘yadi va turli viruslarga chalinadi. Oqibatda dehqonning ham mehnati, ham xarajati kuyib ketardi.

Shuning uchun mahalliy, iqlimga chidamli va yuqori hosil beradigan elita urug‘chilikni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa sanaladi. Kartoshka yetishtirish bo‘yicha Gollandiya tajribasi butun dunyoda etalon hisoblanadi. Bu davlat ilm-fanni dehqonchilik bilan uyg‘unlashtirgani evaziga dunyoni sifatli urug‘lik bilan ta’minlaydi. Ularda laboratoriya sharoitida viruslardan xoli bo‘lgan mini-tuganaklar yetishtirilib, keyin fermerlarga tarqatiladi.
Biz ham mana shu kabi xalqaro tajribadan o‘tgan yo‘ldan borishimiz kerak. Quvonarlisi, bu borada allaqachon amaliy qadamlar tashlangan.
Prezidentning 2025-yil 8-sentabrdagi “Kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chiligini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori aynan shu sohada yangi bosqichni boshlab berdi.
Jumladan, tog‘li va salqin hududlarimizda mahalliy sharoitga moslashgan urug‘chilik klasterlari tashkil etilmoqda. Chet eldan bitta urug‘ keltirib ekish o‘rniga, o‘zimizda olimlar bilan hamkorlikda laboratoriyadan bozorgacha bo‘lgan zanjir yaratilsa natija yuqori bo‘ladi. Bunda dehqon ham, bozor ham erkin nafas oladi. Ana shunday ilmga asoslangan islohotlar bugun yurtimizning har bir hududida ko‘zga tashlanmoqda. Mavzuni Jizzax viloyati misolida davom ettiramiz.
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash maqsadida umumiy hosil hajmini 4,5 million tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda Jizzax viloyati aholisini kafolatli ta’minlash uchun joriy yilda jami 8 ming gektarda kartoshka yetishtirish rejalashtirilgan. Misol uchun, Baxmal tumanida aholi tomorqalaridan tashqari qariyb 3 ming gektar yerda ekilgan kartoshka ayni kunlarda hosil to‘plash pallasida turibdi.

Dehqonchilik mashaqqatli kasb. Ayniqsa, kartoshka yetishtirish katta xarajat, suv va tinimsiz mehnatni talab qiladi. Dehqonni qo‘llab-quvvatlash faqat urug‘ berish yoki kredit ajratish degani emas. Unga qulay infratuzilma yaratib berish lozim.
Baxmal tumanida hosildorlikni ko‘paytirish maqsadida 700 gektar qo‘shimcha kartoshka maydonini sug‘orish uchun uchta nasos stansiyasi qurilayotgani bunga yaqqol misoldir.
Shuningdek, mahsulotni saqlash infratuzilmasi ham g‘oyat zarur. Hosil ko‘p bo‘lganida narx tushib ketadi. Bahorga borib esa kartoshka taqchillashib, narx osmonga chiqadi. Buning oldini olish uchun zamonaviy, harorat va namlikni bir me’yorda ushlab turadigan omborxonalar kerak. Dehqon kuzda hosilni arzonga sotib yubormay, omborga qo‘yib, bahorda o‘z bahosiga sotsa, daromadi ko‘payadi. Bundan tashqari, agrotexnik xizmatlar ham muhim rol o‘ynaydi. Dehqon faqat o‘z tajribasiga emas, agronomlarning aniq tavsiyalariga ham tayanishi lozim.
– Oldingi yillarda ekilgan urug‘lar gektaridan 20-25 tonna atrofida hosil bergan, – deydi Baxmal tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi Norbo‘ta Xushboqov. – Bu yil keltirilgan yangi urug‘lar hisobiga gektaridan 35-40 tonna atrofida kartoshka olish rejalashtirilgan. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, eski urug‘lardan voz kechib, mahalliylashtirilgan navlarga o‘tish hosildorlikni qariyb 10-15 tonnaga oshirmoqda. Bu dehqon har bir gektardan avvalgiga nisbatan bir barobar ko‘p daromad oladi deganidir.
Tumandagi ilg‘or fermer Rustambek Abdurazzoqov tajribasiga e’tibor qaratamiz. Xo‘jalikda kartoshka bir yilda ikki marta yetishtiriladi. Iyunning oxirida hosil kovlanib, joyiga yana iyulning yigirmasigacha ekib bo‘linadi. Qolaversa, fermer xo‘jaligi tarkibida kartoshka urug‘lik yetishtirishga moslashtirib yerlar ajratib qo‘yildi. Kelasi yildan boshlab qimmat narxda urug‘ sotib olishga hojat qolmaydi. Tugunakdan urug‘ni o‘zlari yetishtirishga harakat qilinyapti. Bu ham bo‘lsa, mahalliy fermerlarning mustaqil va ishbilarmon bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi.
Tumanda joriy yilda birinchi hosildan tashqari g‘alla va ertagi ekinlardan bo‘shagan maydonlarning 2,5 ming gektariga kartoshka ekilishi belgilangan. Ikkala mavsumda hammasi bo‘lib 220 ming tonnadan ziyod kartoshka yetishtirilishi kutilmoqda.
Mamlakatimiz iqlimi ko‘pgina davlatlarga nisbatan katta ustunlikka ega. Erta bahorda va yoz oxirida kartoshka ekish mumkin. Bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanilsa, qo‘shni davlatlar bozorini ham sifatli mahsulot bilan ta’minlash mumkin. Kuzgi kartoshkani saqlash biroz murakkabroq bo‘lsa-da, aynan shu hosil qish va bahor boshlanishida aholini arzon oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Shu bois, urug‘chilikni rivojlantirish orqali har ikkala mavsum uchun ham sifatli urug‘ bazasini shakllantirish strategik ahamiyatga ega.
Kartoshkachilikni yangi bosqichga olib chiqish xalqning, har bir oilaning byudjetiga bevosita ta’sir qiluvchi omildir. Dehqonning mehnati qadr topgani sari iqtisodiyotimiz yanada mustahkamlanib boraveradi. Zero, borini asrab-avaylaydigan va ilm bilan yo‘g‘rilgan dehqonchilik har doim baraka keltiradi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi